Tezligi 10 m/s gacha shamollar o‘rmonlarga ijobiy ta’sir etsa, tezligi 18 m/s dan oshiq shamollar esa o‘rmonga salbiy ta’sir etadi.
O‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishi uchun zaruriy asosiy hayot omillaridan yana biri issiqlikdir. O‘simliklar issiqlik rejimining asosiy ko‘rsatkichi haroratdan iborat.
O‘simliklarning har bir turi uchun havo haroratining shunday intervali borki, unda o‘simlik normal o‘sadi va rivojlanadi. Bu harorat intervalining o‘zidan optimal (maqbul), minimal (eng oz), maksimal (eng yuqori) haroratlar ajratiladi.
O‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay harorat intervalini optimal harorat topt deb ataladi.
Muhit haroratining qisqa muddatga bo‘lsa-da minimal harorat tmin dan pasayib yoki maksimal harorat tmax dan oshishi o‘simlikning o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, tayga o‘rmonlari sharoitida qarag‘ay urug‘i yozda havo harorati 110S dan past bo‘lmagan holatlarda pishadi, harorat undan past bo‘lsa, ular etilib pishmaydi.
O‘simliklarning normal o‘sishi va rivojlanishi uchun tuproqda namlik yetarli bo‘lishi kerak. Tuproq namligi esa lalmi yerlarda yog‘in miqdori va turiga, namning yil davomidagi taqsimotiga va bug‘lanish jadalligiga bog‘liq.
O‘simliklarga meteorologik omillar birgalashib, umumlashib ta’sir ko‘rsatadi. Agar bunda har qaysi meteorologik omilning ulushi yetarli bo‘lsa, o‘simlik yaxshi o‘sadi va aksincha.
Bundan tashqari o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga bahorgi kechki va erta kuzgi qora sovuqlar, qurg‘oqchilik, quruq issiq shamollar va boshqalar ta’sir qiladi. Masalan, bahorgi kechki qora sovuqlar o‘rmon daraxtlarining gullarini nobud qiladi. Natijada kutilgan hosil olinmaydi (grek yong‘og‘i, bodom, handon pista, tog‘ olcha va h.k.). Eman, zarang, yong‘oq, shumtol, kashtan kabi daraxtlar nihollari qora sovuqlarga juda chidamsiz bo‘ladi.
O‘simliklar bilan ularning yashash muhiti orasida juda kuchli bog‘lanish va o‘zaro ta’sir mavjud.
Agar tashqi muhit sharoitlari o‘zgarsa, bu o‘zgarishlar ta’sirida o‘simlik evolyusiya jarayonida yangi xossalarni o‘zlashtiradi, boshqacha aytganda yangi sharoitlarga moslashadi va kelajak avlodlarning bunday o‘zgarishlarga chidamliligi ortadi.
Boshqa tomondan o‘simliklarning o‘zi ham yashayotgan muhit fizik xossalariga ta’sir qiladi. Masalan, o‘rmon tagida yoritilganlik kamayadi, havoning namligi ortadi, shamol kamayadi, yilning iliq davrida havo harorati pasayadi. Bu fikrni kengroq ma’noda aytsak, iqlim o‘rmonga ta’sir qiladi, o‘rmon esa o‘z navbatida iqlimga ta’sir qiladi.
O‘rmon meteorologiyasi fani meteorologik elementlar va iqlimning o‘rmon bilan o‘zaro ta’sirini o‘rganadigan fandir.
Bu fanni yaxshi o‘zlashtirish kelgusida o‘rmon ixtisosligiga oid «O‘rmonshunoslik» va boshqa fanlarni muvaffaqiyatli o‘rganish uchun asos bo‘ladi. Chunki «O‘rmonshunoslik» fanining o‘rmon biologiyasiga doir bo‘limini o‘tishda o‘rmondagi havo tarkibi va uning o‘zgarishlari, havo harorati va namligi, yorug‘likning o‘rmon daraxtlarining o‘sishi va rivojlanishiga ta’siri, shamollarning o‘rmonlarga ta’siri, shuningdek qishloq xo‘jaligi uchun noqulay meteorologik hodisalar (qora sovuqlar, qurg‘oqchilik, jala yog‘inlari, qish paytidagi qattiq sovuqlar)ning o‘rmonlarga ta’sirini o‘rganiladi. Shuning uchun talabalar meteorologiya fanining nazariy asoslarini o‘rganishlari va laboratoriya mashg‘ulotlarida asosiy meteorologik elementlarni o‘lchay olish malakasiga ega bo‘lishlari zarur. O‘rmon meteorologiyasidan o‘tiladigan ma’ruzalar va laboratoriya mashg‘ulotlari xuddi shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Meteorologiya va iqlimshunoslik xalq xo‘jaligining turli sohalari uchun katta ahamiyatga ega. Chunki ko‘p ishlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi ob-havo va iqlimga bog‘liq. Meteorologik omillar qishloq xo‘jalik ekinlarining o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek meteorologik omillar qishloq xo‘jalik ekinlari kasalliklari va zararkunandalarining rivojlanishi va tarqalishiga ta’sir qiladi.
Bunday ta’sirning natijalarini o‘rganish qishloq xo‘jaligi uchun katta ahamiyatga ega, chunki ularni o‘rganish asosida ob-havo sharoitlari bilan o‘simliklar orasidagi munosabat ochiq-oydin yuzaga chiqadi. Qanday ob-havo sharoitlari o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishiga qulay, qandaylari qulay emasligi aniqlanadi. Shuningdek qishloq xo‘jaligi uchun xavfli meteorologik hodisalarning tabiatini o‘rganib, ularning zararli ta’sirini butunlay yo‘qotish yoki qisman kamaytirish tadbirlari ishlab chiqiladi. Ob-havo va iqlimning o‘simliklarga ta’sirini agrometeorologiya fani o‘rganadi.
Agrometeorologiya deb meteorologik sharoitlarning o‘simliklar o‘sishi, rivojlanishi, hosilining shakllanishi jarayonlarini, agrotexnik tadbirlar bilan birgalikda hamda ularning o‘zaro ta’sirini o‘rganadigan fandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |