Meteorologik kattaliklarning o‘zgarishi atmosfera jarayonlarining taglik sirt bilan o‘zaro ta’sirining natijasi bo‘lib, u hududning ob-havo va iqlimini aniqlaydi.
Meteorologik kattaliklar va hodisalar o‘zaro bog‘liq, ulardan birortasining o‘zgarishi boshqalarining o‘zgarishini yuzaga keltiradi. Masalan, biror hudud ustida atmosfera jarayonlarining rivojlanishida bulutlik o‘zgarsa, uning o‘zgarishi o‘z navbatida havo harorati va namligi, shamollar, yog‘inlarning o‘zgarishini keltirib chiqaradi. Natijada berilgan hudud ob-havosi ham o‘zgaradi. Shuning uchun ob-havo juda tez o‘zgaruvchan va turlicha bo‘ladi.
Meteorologik kattaliklarning biror vaqt oralig‘i uchun qiymatlarini meteorologik sharoitlar deb yuritiladi.
Ob-havo tushunchasi bilan iqlim tushunchasi chambarchas bog‘langan. Biz ob-havo rejimi deganda atmosferada ro‘y beradigan hodisalar va jarayonlarning bir-biriga yaqin tarzda takrorlanib turishini tushunamiz.
Biror joyning geografik joylashuv o‘rni bilan, yuzaga kelgan ko‘p yillik ob-havo rejimiga iqlim deyiladi. Yoki ma’lum bir joyga xos bo‘lgan ko‘p yillik ob-havo rejimiga iqlim deyiladi.
Biror hududning har yilgi ob-havosi bir xil takrorlana bermaydi. Ba’zi yillari yoz ancha issiq bo‘lib, qish esa sovuq, boshqa bir yillari esa yoz salqinroq, qish esa iliqroq kelishi va yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ma’lum bir hudud iqlimi deganda ko‘p yillar davomida shu hududda kuzatilgan ob-havo rejimining o‘rtacha qiymatini olishimiz kerak. Meteorologiya fani bir necha bo‘limlardan tashkil topgan. Meteorologiyaning turli mamlakatlar va mintaqalar iqlimining shakllanishi sharoitlarini o‘rganadigan bo‘limini iqlimshunoslik deb atalishini bilamiz.
Atmosferaning yuqori qatlamlari fizikasi bilan aerologiya bo‘limi shug‘ullanadi. Bundan tashqari meteorologiyaning bir qator tarmoqlari ham mavjud bo‘lib, ularga: aktinometriya, dinamik meteorologiya, sinoptik meteorologiya, atmosfera optikasi, atmosfera elektri, aerologiya va boshqalar kiradi.
Shuningdek biror sohaga xizmat qiladigan tarmoq meteorologiyasi ham mavjud. Ularga aviasiya, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, kosmik, yadro, dengiz meteorologiyasi kabilar kiradi.
Ularni ko‘pincha umumlashtirilib, tatbiqiy (amaliy) meteorologiya nomi bilan yuritiladi.
Meteorologiya va iqlimshunoslik bir qator fanlar bilan fanlararo bog‘lanishga ega.
Meteorologiya atmosferada sodir bo‘ladigan fizikaviy jarayonlarni o‘rganishi bo‘yicha fizika bilan chambarchas bog‘langan. Meteorologiya o‘simliklar fiziologiyasi fani bilan ham uzviy bog‘langan. Chunki o‘simlik organizmida turli fiziologik jarayonlarning qanday tarzda o‘tishi ob-havo sharoitlariga va uning alohida elementlari qiymatlariga bog‘liq.
Meteorologiyaning shuningdek dehqonchilik, ekologiya, sabzavotchilik, mevachilik fanlari bilan ham bog‘lanishlari mavjud.
Meteorologik omillar o‘simliklarning hayot faoliyatiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Ular er ustidagi havo va tuproqning, ya’ni o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishi o‘tadigan muhitning fizikaviy holatini aniqlaydi.
O‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi uchun yorug‘lik, issiqlik, havo, suv va ozuqa moddalardan iborat asosiy hayot omillari zarur. O‘simlik uchun asosiy hayot omillarining har biri boshqalari bilan o‘zaro teng ahamiyatga ega. Ularning birini boshqalari bilan almashtirib bo‘lmaydi. Masalan, o‘simlik vegetasiyasi davrida namlik etarli bo‘lgani bilan yorug‘lik etishmasa o‘simlikning generativ organlari shakllanmaydi. O‘simlikning bargida o‘tadigan fotosintez jarayoni uchun energiya manbai bu bargga tushuvchi yorug‘lik kvantlarining energiyasidir.
O‘simlik barcha hayot omillari bilan birgalikda etarlicha ta’minlanganidagina normal o‘sadi va rivojlanadi. O‘simliklarning butun hayot faoliyati muhit ta’sirida o‘tadi. O‘simlikka ta’siri bo‘yicha muhit omillari asosiy – birinchi darajali va asosiy bo‘lmagan – ikkinchi darajali omillarga ajratiladi. Asosiy hayot omillari o‘simlikka bevosita kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Asosiy omillar o‘simlikning butun hayoti davrida va o‘simlik o‘sayotgan barcha yerlarda ta’sir etadi. Asosiy bo‘lmagan muhit omillari – shamol, bulutlik, tuman va boshqalar o‘simlik hayotining ayrim davrlarida va kichik hududlarda ta’sir qiladi. Asosiy bo‘lmagan muhit omillari asosiy omillarning ta’sirini kuchaytiradi yoki zaiflashtiradi. Masalan, shamol o‘rmon hayotida ko‘p qirrali ahamiyatga ega. Shamol o‘simliklar transpirasiyasiga, havoning tarkibi, aralashishiga, oqimiga ta’sir qiladi. Shamol o‘rmon daraxtlarining changlanishi va urug‘larining tarqalishiga yordam beradi. Ammo kuchli shamollar o‘rmonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tezligi 90-100 km/soat bo‘lgan shamollar-dovullar o‘rmon daraxtlarining ko‘p qismini ag‘darib vayron qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |