Meteorologiya, iqlimshunoslik, o‘rmon meteorologiyasi fanlari. Meteorologik kattaliklar va hodisalar
Reja:
Meteorologiyaning predmeti. Iqlimshunoslik. Meteorologik kattaliklar va xodisalar. O‘rmon meteorologiyasi.
O‘zbekistonda meterologiyaning rivojlanish tarixi.
yerga tutash havo qatlamining tarkibi. O‘rmondagi havo tarkibi.
Aerozollar. Atmosferaning ifloslanishi va unga qarshi kurash tadbirlari.
Atmosferaning tuzilishi.
1. Yer sharini o‘rab olgan gaz qobig‘ini atmosfera deb ataladi.
Yer atmosferasida havoning gorizontal va vertikal yo‘nalishdagi harakatlari, turli xil issiqlik hodisalari, suv bug‘ining kondensasiyasi sababli bulutlar va yog‘inlarning hosil bo‘lishi ro‘y beradi, atmosferada tovush, elektr va yorug‘lik hodisalari kuzatiladi.
Atmosferada vujudga keladigan barcha hodisalar o‘zicha yakkalangan (ajralgan) holda emas, balki atmosferaning tuproq, suv, qor va o‘simliklar qoplami sirtidagi jarayonlar bilan uzviy o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga chiqadi.
Atmosfera bilan issiqlik va namlik almashinish jarayonida o‘zaro ta’sirda bo‘lgan tuproq, suv, o‘simliklar qoplami, qor sirtini taglik sirt deb yuritiladi.
Atmosferaning tuzilishi, tarkibi, xossalari va uning taglik sirt bilan o‘zaro ta’siridan vujudga keladigan turli xildagi fizikaviy jarayonlarni o‘rganadigan fanni meteorologiya deyiladi.
Meteorologiya geofizika fanlari jumlasiga kiradi. Meteorologiya fanining asosiy vazifasi atmosferada ro‘y beradigan hodisalarni fizika fani nuqtai nazaridan tushuntirishdir. Masalan, turli xil shamollar, bulutlar, yog‘inlar, siklon va antisiklonlarning paydo bo‘lishini fizika fani qonunlari, jarayonlari hamda hodisalari nuqtai nazaridan tushuntiriladi.
Meteorologiya so‘zining o‘zi qadimgi grek tilida «meteor»-osmon hodisasi, «logos»-o‘rganish, bilish degan ma’noni bildiradi. Meteorologiya-ning kattagina bo‘limi alohida fan sifatida iqlimshunoslik nomini olgan.
Yer sharining turli tuman mintaqalaridagi iqlimni o‘rganadigan fanni iqlimshunoslik deyiladi.
Meteorologiya fani havo tarkibi, zichligi, bosimi, harorati va namligi, nurlanish energiyasi va uning aylanishlari, bulutlar, yog‘inlar, atmosferada havo massalarining vujudga kelishi va ko‘chishi (harakati), dovullar, qora sovuqlar, shamollar, qurg‘oqchilik va boshqa juda ko‘p atmosfera holatini xarakterlaydigan kattaliklar va hodisalarni quruqlik hamda Dunyo okeani sirti bilan o‘zaro bog‘lab o‘rganadi.
Atmosfera holatining keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ladigan biror fizik jarayonga atmosfera hodisasi deb yuritiladi. Biror joyda aniq vaqt paytidagi yoki vaqt oralig‘idagi meteorologik kattaliklar va hodisalarning majmuasi bilan xarakterlanadigan atmosfera holatiga ob-havo deyiladi.
Havo holati va ba’zi atmosfera hodisalarining turlicha xarakteristikalariga meteorologik kattaliklar deyiladi.
Meteorologik kattaliklar tushunchasini atmosfera holatlarini miqdor jihatidan tavsiflash uchun kiritilgan. Meteorologik kattaliklarning asosiylari bo‘lib meteorologik stansiyalarda va postlarda kuzatiladigan yoki o‘lchanadigan atmosfera bosimi, havo harorati va namligi, shamol tezligi va yo‘nalishi, bulut miqdori, yog‘ayotgan yog‘inlarning miqdori va turi, ko‘rinish uzoqligi kabi atmosfera xususiyatlari kiradi.
Bu kattaliklarning har birining qiymatini u yoki bu o‘lchov birligida ifodalash mumkin.
Masalan, atmosfera bosimini asosan gPa (gektopaskal) birlikda ifodalansa-da, uning mm sim. ustuni va mbar (millibar) birliklari ham qo‘llaniladi.
Quyosh radiasiyasi, yer va atmosfera nurlanishi, quyosh yog‘dusining davomiyligi kabi nuriy energiyaning ba’zi xarakteristikalarini, shuningdek turlicha atmosfera hodisalari: chaqmoq, qor bo‘roni (izg‘irin) va boshqalarni ham meteorologik kattaliklarga qo‘shish mumkin.
Meteorologik hodisalarga-tuman, yaxmalak, changli bo‘ron, quyun, shudring, qirov va boshqalar kiradi. Ularni sifat jihatdan yoki meteorologik kattaliklar yordamida ifodalash mumkin. Masalan, «quyuq» tuman tushdi yoki 50-55 m masofani ko‘rish mumkin bo‘lgan tuman tushdi va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |