MENEJMENT PSIXOLOGIYASI FANINING VAZIFALARI.
Hozirgi zamon menejment psixologiyasi fanining vazifasi - bu yangi texnika va texnologiyalarni keng qo’llagan holda mazkur jarayonning eng maqbul samarali ilmiy-nazariy, metodologik negizlarini yaratish, mexanizmlarini kashf qilish va ularni inson omiliga muvofiqlantirishdan iboratdir.
XX asrning 60-80 yillarida AQSH va Evropaning bir qator mamlakatlarida zamonaviy menejment nazariyasi rivojlana boshladi. Ilg’or davlatlarning nazariyotchilari tizimli menejmentni tashkil qilish maqsadida XXI asrning bo’sag’asida psixologiya fanida quyidagi kontseptsiyalarni (tushuncha va qarashlarni)ishlab chiqdilar, chunonchi:
1 - tizimli yondashuv;
2 - tarmoqlararo uyg’unlik;
3 - ichki va tashqi omillarga asoslanuvchi menejmentlikka bog’liq idora etish
majmuasini yaratish (tashkiliy mexanizmlarning eng oqilona yo’llarini ishlab chiqish);
4 - gomogen (masalan: saviyasi bir hil bo’lgan jamoa xo’jaligi boshliqlar, raislar)va geterogen xususiyatlarini hisobga oluvchi omilga asoslanish .
Tizim (sistema) - bu bir-biri bilan izchil o’zaro bog’liqlikka, uyg’unlikka ega bo’lgan qismlarning majmuasidir. Har bir alohida qism yaxlit tizimning sifat va shakl jihatidan o’zgarishiga o’z hissasini qo’shadi, shuningdek, uning o’zi ham muayyan darajada takomillashadi va faollashadi. Psixologik nuqtai nazardan qaraganda tashkilot yoki muassasa - bu yaxlit ochiq toifadagi tizimning aynan o’zidir. Uning tuzilishida ham ob`ektlar, ham sub`ektlar aniq tartibda o’zaro uyg’unlashgan holda mujassamlashgandir. Xuddi shu boisdan uning hukm surishi (umrboqiyligi ) tashqi va ichki muhit mutanosibligiga bevosita bog’liqdir. Tizimli yondashuvda tashkiliy menejmentga binoan uning tarkibidagi psixologik va ijtimoiy psixologik xodisalardan tashqari (iqtisodiy, ilmiy-texnik, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma`rifiy) muhitga e`tibor beriladi.
Garchi tizimli yondashuvda yaxlit tashkilot yoki muassasa qanday tarkibiy qismlardan tashkil topganligi aniq bo’lsada, biroq bu qismlarning qaysi birisi birlamchi, qaysisi ikkilamchi yoki o’chlamchi darajali ekanligiga qatiy e`tibor qaratilmaydi.
Modomiki shunday ekan, tashkilotning yoki muassasaning qaysi bir qismi o’ta muhim, degan muammoga, vaziyatga ro’y-rost javob bera oladi. Mazkur holatda tashkilot (muassasa) dagi ichki tarkibiy o’zgarishlar tashqi muhitning ta`siri bilan uzviy bog’liq holda o’rganiladi. Ichki tarkib mexanizmi tashqi muhit omili bilan uyg’unlashadi, natijada muammoni hal qilish vaziyat hukmi, mohiyatiga singib ketadi. SHuni alohida ta`kidlab o’tish joizki, turli darajadagi, xususiyatdagi vaziyat har hil bilimni taqozo etadi, oqibatda ko’rsatkichlar ushbu psixologik hodisaning harakatlantiruvchisi yoki ta`minlovchisi vazifasini bajaradi.
3. Tashkiliy mexanizmlarning eng oqilona yo’llarini ishlab chiqish
nuqtai nazaridan menejment quyidagi vazifalarni bajaradi:
- faoliyat yoki ishlab chiqarishning asosiy yoki bosh maqsadini aniqlash;
-muammo echimi bo’yicha qaror qabul qilish;
-muammo echimini topishning yo’l va vositalarini rejalashtirish;
-ushbu jarayonni amalga oshirishni tashkillashtirish;
-yuzaga kelgan ob`ektiv, sub`ektiv sharoitlarga va favquloddagi vaziyatga moslashtirish;
-muammo kechishini nazorat qilish va xokazo.
4. Gomogen(masalan: saviyasi bir hil bo’lgan jamoa xo’jaligi boshliqlar, raislar) va geterogen hususiyatlarni hisobga oluvchi omilga asosan
boshqarishning:
-operatsion tamoyiliga;
-qaror qabul qilish nazariyalarining o’ziga xos tamoyillariga;
-ilmiy menejment mohiyati, tuzilmasi kabilarga asosiy e`tibor qaratiladi.
Inson xatti-harakatining zamirida doimiy uning uchun dasturiy maqsad, mayli mujassam bo’ladi, natijada unga ko’ra shaklning u yoki bu munosabatlari jarayonidan (masalan: ishlab chiqarishdagi ijtimoiy ruhiy muhit) ta`sirlanishi yuz beradi, bunda uning harakterga xos belgilarini aniq bilib olish mumkin. SHunish uchun ham mazkur jarayon, xususiyat va holatlar menejmentning psixologik asoslari fanining ilmiy tadqiqot predmetiga aylanishi zaruratdir. Psixologik bilimlarning bunday tarzda tizimlashuvi teranlik, ob`ektivlik va ishonch negizida jiddiy tashkiliy - menejmentlik ishlarini olib borish uchun mustahkam asos bo’la oladi.
SHu o’rinda "munosabat" kategoriyasini misol tariqasida o’rganish foydalidir. Munosabat - faoliyat rivojlanishining ko’p qirrali jarayoni hisoblanib, u odamlar o’rtasidagi hamkorlikdagi faoliyatning ehtiyojlaridan kelib chiqadigan o’zaro bog’lanishlarning murakkab majmuasini o’zida bevosita aks ettiradi.
Menejmentning markazida yaqqol shaxs turganligi munosabati bilan sotsial psixologiya qonuniyatlariga asoslanish, ijtimoiy munosabatlarning mahsuli ekanligiga suyanish, ijtimoiy ruhiy muhitning roli, imkoniyatlari, ommaviy holatlar, yaqqol xodisalar, anglanilmagan (taqlid, yuqish, sarosimalik, taxlika, ovoza va boshqalar) sa`yi-harakatlarga tortilganlik va ularning ijtimoiy oqibatlari yuzasidan bilimlarni umumlashtirgan holda amaliyotga tatbiq etish, vujudga kelishi mumkin bo’lgan nuqsonlarning oldini olishga imkon yaratadi.
Menejmentning psixologik tizimi "inson-texnika" munosabatining qamrab olganligi sababli texnikaga inson imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda munosabatda bo’lish yoki muassasa uchun yaratilgan zamonaviy asboblar, qurol-aslahalar, kompyuter, displey, monitor, robot kabilarni ishlash maromiga moslashish masalalariga taalluqli axborotlar, xossalar, tizimlar, tuzilmalar, qurilmalar to’g’risidagi bilimlar bo’yicha qat`iy talablar) turkumini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
SHuningdek, muhandislik professiogrammasining xususiyatlarini hisobga olish, rahbar-tobe kishilarning texnika munosabatlarini oqilona tashkil etish jarayoniga to’g’ri, unumli, qulay shart-sharoitlar yaratadi. Fan va texnika yangiliklari bilan inson imkoniyatini muvofiqlashtirish identifikatsiya ongli ravishda o’xshashlikka intilish, refleksiya, o’z-o’zini va boshqalarni oqilona baholash, antitipatsiya (faoliyat mahsuli modelini oldindan yaratish) va korrektsiyani (ijodiy maromlarni) shakllantirishni tezlashtiradi, kasbiy moslashish (adaptatsiya) psixologik tayyorgarlik muddatini kamaytiradi, o’zaro tushunuvni ta`minlashga hizmat kiladi. SHuning uchun "inson-texnika" munosabati "inson-jamoa", "jamoa-inson" turkumlari darajasiga o’sib o’tishining ta`minlanishi va bu borada shaxsning individual xususiyatlarini hisobga olish diagnostik ma`lumotlardan kelib chiqqan holda unga va uning faoliyatiga yondashish lozim.
Menejment psixologiyasi muomala psixologiyasi sohasida to’plangan materiallarga asoslangan holda shaxslararo munosabatlarni tashkil qilish, uyushtirish va takomillashtirish imkoniyatiga ega bo’ldi. Muomalaning tuzilishi, uning tarkibiy qismlari, har bir tarkibining muayyan tuzimdan iborat ekanligi, ierarxiyaga bevosita asoslanishi, ularning uyg’unlashuvi, muloqot turlari va ulardan amaliyotda foydalanish yo’llarining tatbiqiy hususiyatliligi bilan mazkur faoliyatiga ijobiy ta`sir o’tkazadi. Muomalaning kommunikativ tarkibi, ya`ni kommunikatsiya: kommunikativ harakatlar, aktlardan: regulyativ, informativ, emotiv, fatik funktsiyalardan; qo’zg’aluvchi (e`tiqod, ta`sir qilish, buyruq iltimos) dan iborat.
Informativ ekspressiv muloqot o’rnatish va uni tutib turish bu:
a)munosabat tipiga ko’ra shaxslararo, ommaviy, guruhiy;
b) vositasiga binoan nutqiy, paralingvistik, ekstralingvistik, ashyoviy alomatli turlardan iboratligi va ulardan vaziyatga qarab qo’llash menejer bilan ijrochilar o’rtasidagi munosabatni iliq holatga keltiradi, ayrim nizolarning oldini oladi.
Menejmentlik uchun muomalaning interaktsiya, pertseptsiya tarkiblari muhim ahamiyat kasb etib, menejer bilan tobe kishilar o’rtasida maqsadga muvofiq hamkorlikni tashkil etishga hizmat qiladi, ya`ni o’zaro ta`sir o’tkazish, inson tomonidan insonni idrok qilish, o’zaro muloqotga kirishish jarayonida muhim omil vazifasini bajaradi. SHuning uchun har ikkala muomala tarkibini amaliyotga qo’llash samaradorlikni oshirishga yordam beradi, shaxsning guruhga, guruhning alohida yakka shaxsga ta`sir o’tkazish darajasining kuchayishiga xizmat qiladi.
Har hil xususiyatli ijtimoiy psixologik treninglardan oqilona va maqsadga muvofiq foydalanish menejer faoliyatini takomillashtiradi, ishni tashkil qilish uslubini vaziyatga qarab o’zgarib turish imkoniyatlariga ega bo’ladi. Buning uchun ijtimoiy psixologik treninglarning quyidagi turlarini bilish yuksak samaralar keltirishi mumkin:
1 - Hayotiy malakalarni shakllantiruvchi;
2 - Kommunikativ malakalarga va shaxslararo munosabatlarga kirishishga o’rgatuvchi.
3 - Qaror qabul qilishga va muammo echimini hal qilishga undovchi;
4 - Sog’lom turmush tarzini saqlovchi;
5 - Qobiliyatni rivojlantiruvchi va uni yo’naltiruvchi;
6 - SHaxsning taraqkiyotiga ko’maklashuvchi, o’zida-o’zi identiklikni barpo qiluvchi va hokazo.
SHaxslararo munosabat psixologiyasi sohasi bilan uzviy aloqada bo’lish va uning materiallaridan unumli foydalanish menejment jarayonida muhim rol o’ynaydi, uni odilona amalga oshirishga keng imkoniyatlar yaratadi, hamkorlik faoliyatidagi munosabatlarning yaqinligi va chuqurligiga binoan birlamchi guruh va kichik guruhlarda shaxslar o’zaro muomalaga kiradilar. Ularning muloqotga kirishishi cheklanmagan bo’lib, shaxsiy va ishbilarmonlik negiziga quriladi (birinchisida muloqotning doirasi 2-7 kishini, ikkinchisida esa bu miqdor 30-40 nafardan oshmasligi lozim). Guruhlarni tuzilish printsipi va uslubiga ko’ra ular shartli, shartsiz, real, rasmiy, norasmiy, referent, makro va mikro kabi turlarga bo’linishi hamda ularning o’ziga xosligi yuzasidan to’plangan nazariy va empirik ma`lumotlarga murojaat qilish menejment psixologiyasi asoslariga muayyan darajali yordam ko’rsatadi. O’zaro munosabat odamlarning harakter xususiyati, temperamenti, qobiliyati, qiziqishi, muloqotga kirishish uslubidagi moslik orqali yuzaga keladi. Simpatiya, xurmat, do’stlik gurux a`zolari o’rtasida jipslik va psixologik yaqinlikdan dalolat beradi, menejment faoliyatini esa takomillashtiradi.
Menejmentdagi bunday hamkorlik jarayonini unumli tashkil etish, o’zaro hamjixatlik asosida munosabatlarni tasavvur qilib olish va ularni o’zaro muvofiqlashtirish qonuniyatlarini bilish orqali kasbiy malaka va qobiliyatni rivojlantirib borish faoliyatni (xizmatni) muvaffaqiyatli uyushtirish uchun zarur muhim shart-sharoitlar yaratib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |