Mirzo Ulug`bek qabrining ochilishi
Hukumat ekspeditsiyaning a`zolari 18-iyunda Ulug`bek qabrini ochishga kirishdilar. Qabr ustiga narmal taxtani ko`tarish uchun maxsus qurilmalar o`rnatildi. Uning qabri tuzilishi ham otasining qabridan unchalik farq qilmaydi. Buyuk olimning jasadini joylashtirish uchun yaxlit kulrang marmartoshning ichi o`yib olingandir. Tubiga esa to`rtta marmar taxta yotqizilgan. Qabrning ichi 2-metr-u 10 sm, eni 68 sm, chuqurligi esa 61 sm. Qabrning og`zi qalin marmar taxtacha bilan berkitilgan bo`lib, uning sirtida yozuv bor. Ushbu yozuvda Ulug`bek to`g`risida ma`lumotlar va o`z o`g`li tomonidan o`ldirilganligi haqida xabar bor.
Qabr ichida Ulug`bekning jasadi qoldiqlari quyidagi tartibda yotar edi: Jasad chalqancha qilib, chap yelkasining tagiga ozgina tuproq uyulib ko`tarilgan, yuzi esa Makka tomonga qaragan holatda yotqizilgan. Boshining ostida qizil gazlamadan tikilgan xaltachaga tuproq solib qo`yilgan. Uning boshi tanasidan nariroqda, yuzi yerga qaratilgan holda qo`yilgan bo`lib, bosh chanog`i bilan birga 3ta bo`yin umrtqasi yopishib turardi. Uchinchi umrtqada o`tkir tig`ning izi yaqqol ko`rinardi. Qo`l va oyoq barmoqlari tartibsizroq, boshqa suyaklari esa tabiiy tartibda yotardi.
Ko`pchilik suyaklar bir necha qavat gazlama bilan o`raglan holatda uchratildi. Gazlama qabrning tubida, jasadning bosh va oyoq tomonlarida saqlanib qolgan edi. Ustki qavat gazlama qoramtir ko`kish rangda bo`lib, parcha-parcha holda saqlangan. Ikkinchi qavat gazlama esa oltinsimon qizg`ish rangda bo`lib, jasadning bel va oyoq tomonlarida edi. Bu gazlamalar kafan sifatida jaadning ustini qoplab turardi. Ularning ostida nafis gazlamadan tikilgan chorvorning qoldig`i va uning tepa qismida esa belbog`simon tasmaning qoldig`i saqlangan. Shuningdek, jasad bilan birga Ulug`bekning tizzalarigacha yetadigan ko`ylagining qoldiqlari topildi.
Ulug`bek qabri ochilgandan so`ng, u haqda xalq o`rtasida yurgan turli-tuman rivoyatlar va tarixiy manbalardagi ma`lumotlarning to`g`ri yoki noto`g`riligini aniqashga imkoniyat tug`ildi. Shariat qoidalariga ko`ra Mirzo Ulug`bek o`ldirilgan paytda qaysi kiyimlarda bo`lgan bo`lsa, xuddi shu kiyimlarda dafn etilgan. Shariatga binoan jangdan boshqa joyda shahid bo`lgan kishini yuvish, boshqa kiyim kiydirish, mumiyolash butunlay man qilingan. M.Gerasimovning fikricha, Ulug`bek o`ldirilganda so`ng, uning jasadi ancha vaqt mobaynida ochiq havoda qolib ketgan va u yuvilmasdan shu holigacha dafn etilgan. Ulug`bek jasadining yotishi uni dafn qilingandan so`ng, boshqa bezovta qilinmaganidan dalolat beradi. Suyaklar anchayi yaxshi saqlangan bo`lib, faqat chap qo`lning bilak qismi tuzlar yemirilishi oqibatida saqlanmagan.
Ulug`bek o`g`li Abdulatifning buyrug`i bilan o`ldirilganligi barchaga ma`lum. M.Gerasimov Ulug`bek bosh chanog`ining diqqat bilan o`rganib chiqib, tig`ning izi uning pastki jag`ida ham qolganligini aniqladi. Uning fikricha, zarb nihoyat darajada kuchli bo`lib, Ulug`bek tizzalangan holatda bo`lgan va qotil u bilan yuzma-yuz turib, o`ngdan chapga qarab qilich solgan. Umrtqadagi qolgan izlarga qaraganda, qilich juda o`tkir va qotil katta tajribaga ega bo`lganligini ko`rsatib turibdi. Antropologlar buyuk olimning bosh chanog`ini tekshirib, u ham ovrupiy (yevropalik), ham mo`g`uliy irqlarga xos bo`lgan belgilarga egaligini aniqladilar. Mo`g`uliy belgilar unga buyuk bobosi Amir Temurdan me`ros bo`lsa, ovrupiy irqiy belgilar esa otasi Shohruxdan me`rosdir. Ulug`bek qaddining balandligi 1 metr. Uning suyak qoldiqlarini o`rgangan M.Gerasimov buyuk munajjim tabiatan nozik, qotmadan kelgan, sog`ligi ham unchalik mustahkam bo`lmaganligi, tinimsiz olib borilgan ilmiy izlanishlar, jang-u jadallar tojni himoya qilish borasidagi janglar nihoyatda yoritib qo`yganligi aniqlandi. M.Gerasimov Mirzo Ulug`bekning portretini uning bosh chanog`i asosida yaratdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |