Pedagogik maqsadning oʻziga xosligini quyidagilarda bilish mumkin:
1. Pedagogik faoliyatning maqsadi jamiyat tomonidan belgilanadi, ya’ni pedagog faoliyatining natijasi jamiyat manfaatlari bilan bogʻliqdir. Uning mehnati yoshlar shaxsini har tomonlama kamol toptirishga yoʻnaltirilgan. Pedagogik faoliyat avlodning ijtimoiy uzviyligi (ketma-ketligi)ni ta’minlaydi. Bir avlod tajribasini, ikkinchi avlodga oʻtkazadi, ijtimoiy tajriba orttirish uchun insondagi tabiiy imkoniyatlarni roʻyobga chiqaradi.
2. Pedagog faoliyati doimo shaxs faoliyatini boshqarish bilan bogʻliq. Bunda pedagogik maqsad oʻquvchi maqsadiga aylanishi muhimdir. Pedagog oʻz faoliyati maqsadini va unga erishish yoʻllarini aniq tasavvur qilishi va bu maqsadga erishish oʻquvchilar uchun ham ahamiyatli ekanligini ularga anglata olishi zarur. Gyote ta’kidlaganidek: «Ishonch bilan gapir, ana shunda soʻz ham, tinglovchilarni mahliyo qilish ham oʻz-oʻzidan kelaveradi».
3. Pedagogik (ta’lim-tarbiya) jarayonda oʻquvchi faoliyatini boshqarish shuning uchun ham murakkabki, pedagog maqsadi doimo oʻquvchi kelajagi tomon yoʻnaltirilgan boʻladi. Buni anglagan holda, mohir pedagoglar oʻz faoliyatini mantiqan oʻquvchilar ehtiyojlariga muvofiq holda loyihalaydilar. Hamkorlik pedagogikasining tub mohiyati ham ana shundan iborat.
Shunday qilib, pedagogik faoliyat maqsadining oʻziga xosligi oʻqituvchidan quyidagilarni talab qiladi:
- jamiyatning ijtimoiy vazifalarini toʻla anglab, oʻz shaxsiga qabul qilishi;
- jamiyat maqsadlarini «oʻsib» uning pedagogik nuqtai nazariga aylanishi;
- muayyan harakat va vazifalarga ijodiy yondoshishi;
- oʻquvchilar qiziqishlarini e’tiborga olish, ularni pedagogik faoliyatning belgilangan maqsadlariga aylantirish;
Oʻquvchi shaxsiga doimo ijobiy-axloqiy ta’sir koʻrsata oladigan kishigina haqiqiy tarbiyachidir. Bunga erishish uchun pedagog oʻzining axloqiy sifatlarinidoimo takomillashtirib borishi zarur.
Oʻquvchilarni mehnat, muloqot, oʻyin, oʻqish kabi faoliyat turlarida ishtirok etishlari tarbiyaning asosiy vositasi hisoblanadi. Har bir mohir pedagog oʻzining individual pedagogik tizimiga ega boʻlishi kerak.
Ayrim pedagoglar kasbiy mahorat sirlarini egallash uchun, avvalo ta’lim-tarbiya metodlarini takomillashtirishga intiladilar. Bu tabiiy hol, chunki aynan metodlar yordamida pedagog oʻz oʻquvchilarini turli oʻquv faoliyatiga jalb qiladi. Shu bilan birga oʻquvchilarni bilim olishga qiziqtirishda oʻqituvchi tomonidan tanlangan metodlar, usullar va topshiriqlardan boshqa sabablar ham ta’sir etadi.Pedagog faoliyatiningmuvaffaqiyatli kechishi uning shaxsi, xarakteri, oʻquvchilar bilan muomalasiga ham koʻp jihatdan bogʻliq boʻladi. Odatda bularning ta’lim-tarbiya jarayoniga ta’siri ahamiyatsizdek tuyuladi. Ammo tajribali pedagog, uning xatti-harakati oʻquvchilarga qanday ta’sir koʻrsatayotganligiga ahamiyat berib, unga kerakli tuzatishlar kiritib, takomillashtirib boradi. Shuning uchun ham pedagogik mahoratni oʻqituvchi shaxsi sifatlarini majmui sifatida qaralib, uni oʻqituvchi yuqori darajada psixologik-pedagogik tayyorgarlikka ega boʻlishi bilan bogʻliq boʻlishini unutmaslik lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |