Pedagogik tushunchalar.
Pedagogika fanida bir biriga uzviy bog‘langan quyidagi tushunchalar mavjud: Tarbiya, ta‘lim, ma‘lumot. Tarbiya ijtimoiy hayot uchun zarur bo‘lgan hodisadir. Tarbiya jismoniy barkamollik, yaxshini yomondan farqlash, yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish qudratiga egadir. Tarbiya kishilik jamiyatining hamma bosqichlarida rivojlanib, o‘sib avloddan avlodga vorislik vazifasini bajargan, lekin har bir jamiyatda tarbiyaning maqsadi, vazifasi, mazmuni o‘ziga xosligi bilan farq qiladi.
Xalq iqtisodiy, siyosiy va ma‘naviy zaruriyatidan kelib chiqib yosh avlodni tarbiyalash muammolari dastlab xalq og‘zaki ijodiyoti, pedagogikasi, yozma yodgorliklari, pandnomalarda, ma‘rifatparvarlarning asarlarida bosh mavzu bo‘lib komil inson uchun zaruriy xodisa sifatida talqin etilgan. Xalq og‘zaki ijodiyotida tarbiya bosh masala sifatida tavsiflangan. Tarbiya va odob, vatanga cheksiz muhabbat, adolat, insof, adolatsizlik, botirlik, qo‘rqoqlik, mehnatsevarlik, bilimdonlik kabi g‘oyalar tarbiya vositasi hamdir.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining milliy pedagogika fanida tarbiya-inson muammolari, ajdodlarimiz g‘oyalariga suyanib, quyidagi qonunlarga asoslanishi zarur deb hisoblanadi:
- tarbiya inson faoliyati jarayonida tartibli ta‘sir etuvchi mahsul bo‘lib, natijasini insonninig yashab turgan ijtimoiy sharoiti belgilaydi;
- inson kamolotining xarakterlovchi kuch o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni mavjudligi uning shaxsiy hayotida namoyon bo‘ladi;
- inson faoliyati jarayonida atrofdagi narsa va xodisalarga qiziqishini uyg‘otish va uni e‘tiqodga aylantirish;
- tarbiya jarayoni yoshlarni kattalar bilan, kattalarni yoshlar bilan qonuniy munosabati natijasida amalga oshiriladi.
Ta‘lim tarbiya bir biriga uzviy bog‘langan jarayon bo‘lganligi sababli tarbiyalangan komil insonning aqliy kamolotiga tartibli ta‘sir ko‘rsatish orqali bilimli, barkamol inson bo‘lib voyaga etadi. Ta‘lim inson aqliy kamolotini yuzaga chiqaruvchi pedagogika-tarbiyashunoslikning bir qismidir. Pedagogikaning didaktika qismi uni atroflicha o‘rganadi.
Pedagogik ma‘lumot o‘rta va oliy darajali bo‘lib, o‘rta ma‘lumot maxsus akademik litseylarda bosqichli shaklda beriladi. Natijada o‘rta ma‘lumot haqidagi o‘qish davrida olgan mutaxassisligi haqida guvohnoma beriladi. Oliy pedagogik ma‘lumotli mutaxassislar universitetlarda, pedagogika institutlarida, bakalavriyat va magistratura bosqichlarida tayyorlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |