Strategik rejalashtirishning afzalliklari: Ishni tashkil etishni strategiyaning «biz nima qilish uchun harakat qilayapmiz va nimaga erishyapmiz?» degan asosiy aspektga yo’naltirilganligini ta’minlash;
Vujudga kelayotgan o’zgarishlar, yangi imkoniyatlar va tahdid solayotgan tendensiyalarga menejerlarning yanada aniq reaksiya ko’rsatish zaruriyati;
Kapital qo’yilmalar va personal sonini kengaytirishning muqobil variantlarini baholash, ya’ni resurslarni strategik asoslangan va yuqori rentabelli loyihalarga oqilona yo’naltirish imkoniyati;
Boshqarishning barcha darajalari rahbarlarini qarorlarini birlashtirish imkoniyati;
Faol rahbarlikka yaxshi imkoniyatlar yaratadigan va o`zgarishlarga passiv reaksiya ko’rsatish tendensiyalariga qarshilik qiladigan muhitni yaratish.
Yangi mahsulotni ishlab chiqish strategiyasi. Aksariyat korxonalar uchun yangi mahsulotlarni ishlab chiqish ularni raqobat kurashiga bardosh berishlarining muhim sharti sanaladi. SHuning bilan bir qatorda ta’kidlash lozimki korxona muvaffaqiyatli raqobatlashishi uchun mahsulotni yangilashda doimo yetakchilik qilishi shart emas.
Korxonani yangi mahsulot bilan bozorga chiqishining 2 strategiyasi mavjud:
bozorga boshqa korxonalardan ilgariroq yohud birinchilar qatorida chiqishi;
bozorga yangi mahsulot bozorda o’z o’rnini yetarli darajada mustahkamlab olgandan so’ng chiqishi;
Birinchi strategiya asosida faoliyat yuritadigan korxonalar odatda tegishli tarmoq yoki muayyan mahsulotlar bo’yicha innavatorlar, ikkinchilari esa ergashuvchilardir. Korxona yangi mahsulot yaratishda o’z strategiyasini tanlash huquqiga ega. Biroq, korxona tomonidan mahsulotni yangilashning qay bir strategiyasi tanlanishidan qat’iy nazar, undan har ikki holda ham yangi mahsulot ishlab chiqilishi talab etiladi.
Yangi mahsulotni ishlab chiqishga ikki xil yondashuvni ajratish mumkin. Birinchi yondashuvga asosan korxona yangi funksional xususiyatga ega bo’lgan mutlaqo yangi mahsulotni yaratadi. Bunda u yangi ishlanmalar, ixtirolar, tamoyillar, yangi texnologiyalar va materiallar va hokazolardan foydalanadi. Odatda bunday turdagi mahsulotlarning yaratilishi iste’mol bozori va ishlab chiqarishda keskin o’zgarishlarning boshlanishiga olib keladi.
Ba’zan esa mutlaqo yangi mahsulot eskisini bozordan siqib chiqarishi bilangina cheklanib, bozorda yoxud ishlab chiqarishda jiddiy o’zgarishlarni keltirib chiqarmaydi.
Yangi mahsulotni yaratish strategiyasini joriy etishda mazkur strategiyasini amalga oshirish jarayoning oqilona tashkil etilishi juda muhim ahamiyatga ega. Har bir korxona yangi mahsulotni yaratishda o’z kontsepsiyasi va strategiyasiga ega bo’lishi mumkin. Biroq, turli-tuman yondashuvlarning mavjudligiga qaramasdan, korxona yangi mahsulotni ishlab chiqarishda amal qilishi kerak bo’lgan, yetti majburiy qadamdon tashkil topadigan, korxonada yangi mahsulotni ishlab chiqishning muayyan umumiy sxemasi mavjud.