Gazak konservalar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan tomatdoshlar
Baqlajon. Qayta ishlash uchun obdon shakllangan, po‘stlog‘i yarqiroq siyohrang, yashil chiziqlarsiz, urug‘i yetilmagan hosil ishlatiladi. Rivojlangan va rangi quyuqlashgan urug‘lar hosil pishib o‘tganidan dalolat beradi.
Hosil shakli bo‘yicha silindr (shakl indeksi Ish 2 va undan yuqori), sharsimon (Ish 1 –dan 1,5-gacha) va noksimon (Ish 1,3 -dan 2,3 -gacha) bo‘ladi.
Shakli to‘g‘ri silindrsimon baqlajonlar halqa qilib kesilgan holda konservalanadi. Ularning eti zich va tarang, urug‘xonasi uncha kattalashmagan, bo‘shliqlarsiz bo‘ladi. Bu maqsadda uzunligi 10 sm-dan kam bo‘lmagan, diametri 4-6 sm bo‘lgan hosil ishlatiladi. Uzun siyohrang 239, Konservalanadigan 10, Silindrik 132 navlari keng tarqalgan.
“Farshlangan baqlajon” konservalari uchun nok shaklidagi diametri 7 sm-gacha, uzunligi 10 sm-gacha bo‘lgan Noksimon 148 (Tezpishar 148), Delikates 163, Xersonskiy 54, Konservnыy 10 navlari ishlatilishi maqsadga muvofiq.
Baqlajon ikrasi ishlab chiqarish uchun uzunligi 10 sm-dan kam bo‘lmagan, qalinligi eng katta diametri bo‘yicha 5 sm-dan kam bo‘lmagan yuqorida navlari ko‘rsatilgan baqlajonlar ishlatiladi.
Baqlajon tarkibida 7-9% quruq modda, 3-4,5% qand (asosan glyukoza), 1-1,5% sellyuloza, 5 mg 100 g-da S vitamini, 0,5-1% azotli moddalar, 0,2% (olma kislotasiga qayta hisoblaganda) kislotalar, qariyb 0,5% kul mavjud. Pishib o‘tgan baqlajonlarda ayrim holda mahsulotga taxir maza beruvchi solanin paydo bo‘ladi.
Qo‘zoqli qalampir. Qalampirning chuchuk va achchiq navlari mavjud. Achchiq navlar ziravor sifatida ishlatiladi. “Farshlangan qalampir” navli konservalar ishlab chiqarish uchun to‘g‘ri kesik konus, piramida yoki parallelepiped shaklli chuchuk navli qalampirlar ishlatiladi. Hosil balandligi 6-9 sm, diametri 4-6 sm, devor qalinligi 5-8 mm va yupqa nozik po‘stloqli bo‘lishi kerak.
Texnik yetilgan holda qalampir to‘la shakllangan tekis yashil yoki och yashil rangli mevaga ega. Fiziologik jihatdan yetilgan holda qalampir qizil rang oladi. Qizil, sariq va yashil qalampirlar navlangan holda konservalanishi mumkin.
Bulg‘or 79, Yubileyniy 307, Qiliz konservali 211, Mumsimon Senyushkina, Drujniy 401, Oq qirim 29, Avgust, Novocherkasskiy 35 navli qalampirlardan konserva juda sifatli chiqadi.
Qalampir konservalash uchun zavodga avgust-oktabr oralig‘ida keltiriladi. Konservalash davrini oshirish uchun tuzlangan va – 180S temperaturada saqlangan tez muzlatilgan qalampirlardan foydalanish mumkin. Muzlatilgan qalampir eritilmay hamda blanshirlanmay ishlatiladi.
Qalampir tarkibida 7 - 9% quruq modda, jumladan 4-5% qandlar (asosan monosaxaridlar), 1-2% sellyuloza, 1,3% azotli moddalar, 0,5% kul mavjud. Qalampirning kislotaliligi past – 0,1% gacha. Qalampir tarkibi S vitaminiga boy (100 g-da 150-250 mg). Qizil qalampirning har 100 g-da 2 mg karotin mavjud.
Qalampirning achchiq ta’mi kapsaitsin mavjudligi bilan tushuntiriladi
Tomatlar. Bu sabzavotning lotincha nomi, turli millatlarda turlicha atalishi mumkin. Farsh solib konservalash uchun diametri 4-6 sm bo‘lgan, yuzasi silliq, sharsimon tomatlar ishlatiladi. Ushbu talablarga Kuban Krasnodarets, Mayak, navlari javob beradi.
Qizil rangli pishgan tomat konservalanadi. Qizargan rangdagi tomatlar konservalanishi ham ruxsat etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |