Mazkur jadvalga va umuman asosiy birliklar qatoriga ko‘z tashlaganda kishi e’tiborini albatta tortadigan narsa shuki, SI qoidalariga zid ravishda, massa birligi uchun avvalboshda karrali birlik - «kilo» qo‘llangan. Bu tarixan shunday shakllanib, jamiyat hayotiga singib bo‘lgan tushunchadir. «Kilo» so‘zi yunon tilidagi chilioi so‘zidan olingan; uning ma’nosi «mingta» degani bo‘ladi. Qadimgi yunon manbalarida bu sonni ifodalash uchun χ (xi) harfida foydalanilgan. Chunki, qadimgi yunon tilida bu so‘z aynan shu harf orqali, ya’ni, xiloi ko‘rinishida yozilar edi. Kilo- ga ulab yoziladigan «gramm» so‘zi esa aslida birlikning o‘zagi bo‘lib, u ham yunon tilidan kelib chiqqan. Yunonlarda gramma – eng kichik vazn birligining nomi bo‘lgan. Boshqa birliklar nomlari etimologiyasiga qisqacha to‘xtalib o‘tsak: metr – yunoncha metron - «o‘lcham» deganidir; soniya esa xalqaro manbalarda sekund deb yuritiladi va u lotincha secunda - «ikkinchi» degan so‘zdan olingan. Bunda, burchak gradusining birinchi bo‘lib, daqiqaga va ikkinchi bo‘lib soniyaga bo‘linishi nazarda tutiladi. Ya’ni, terminning asl ma’nosi «ikkinchi bo‘linish» degan mazmunni bildiradi. Buning asosida, soatning ham avvaliga daqiqalarga va keyin soniyalarga bo‘linishi yotadi. Mol haqida avvalgi bo‘limda ma’lumot bergan edik. «Amper» va «kelvin» terminlari esa, tegishli fan sohalarida muhim kashfiyotlar qilgan buyuk fizik olimlarning familiyasi sharafiga nomlangan birliklardir. Kandela esa ko‘plab Yevropa tillarida juda qadimdan saqlanib qolgan so‘z bo‘lmish «candela» so‘zidan olingan va uning ma’nosi «sham» degani bo‘ladi. (Bizdagi «qandil» so‘zi ham shu so‘z bilan o‘zakdosh bo‘lsa ajab emas...). Anti- Mazkur old qo‘shimchani izohlashga hojat yo‘q deb o‘ylayman. U o‘ziga bog‘langan o‘zak so‘zning ziddini ifodalashga xizmat qiladi. Anti- yunon tilida «zid» degan so‘z bo‘lib, siz uni antibiotik, antiaromatik, antigen, antidepressant, antidetonator, antidot, antiseptik, antistatika, antiferromagnetiklar singari terminlarda uchratishingiz mumkin. Bis-, tris-, tetrakis Bis- ning ma’nosi «ikki marta» degani ekanini yuqorida aytdik; tris va tetrakis shu mantiqning davomidan bo‘lib, mos ravishda, «uch marta» va «to‘rt marta» degan ma’nolarni beradi. Kimyoga oid terminlarda bu old qo‘shimchalar, molekulada ikkita, uchta, yoki to‘rtta bir xil radikal mavjudligini bildiradi. Masalan, bis(dimetilamino)etan, bissiklopentadienil komplekslari, tris(oksimetil)aminometan; tetrakis(trifenilfosfin)-palladiy va ho kazo. Infra- Lotinchada infra- old qo‘shimchasi «ostida» degan ma’noni berish uchun ishlatiladi. Infrastruktura, infraqizil, infratovush kabi terminlarda unga duch kelish mumkin. Sin-, sis- Bu old qo‘shimchalar yunon tiliga oid bo‘lib, asl ko‘rinishda syn, yoki, sys tarzida keltiriladi. Bu old qo‘shimchalar o‘zakka o‘zaro uzviylik, o‘xshashlik, birgalikdagi harakat ma’nolarini bag‘ishlaydi. Masalan, simmetriya, simbioz, sinonim, sintez, sistema singari terminlar shular jumlasidandir. Bi- va Di- Mazkur old qo‘shimchalar lotincha bis – «ikki marta», hamda, yunoncha dyo - «ikkita» so‘zlaridan kelib chiqqan. Bu ikkala old qo‘shimcha odatda sinonim sifatida ishlatiladi va ikkita bir xil radikal ifodalangan terminlarda qo‘llanadi. Masalan, bifenil va difenil singari.
Kimyoviy terminlarda ham old qo‘shimchalar talaygina. Quyida ular haqida ma’lumot keltiramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |