Murakkab oqsillar
Reja:
1. Glikoproteidlar va ularning biologik ahamiyati.
2. Yog`-oqsil komplekslari va fosfoproteidlar.
3. Kofaktorproteidlar.
4. Metalloproteidlar.
1. Glikoproteidlar va ularning biologik ahamiyati. Murakkab oqsillar oqsil bo`lmagan bo`laklarining tabiatiga qarab bir nechta guruhlarga bo`linadi.
Uglevod-oqsil komplekslari. Bunday makromolekulalar ikki turga bo`linadi: glikoproteidlar va proteoglikanlar yoki polisaxarid-oqsil komplekslari. Glikoproteidlarning uglevod qismi kichikroq, muntazam tuzilishga ega bo`lmagan geteropolisaxaridlardan tuzilgan. Makromolekulaning 80-90% ini oqsil tashkil etadi.
Glikoproteidlar uchun uglevod-peptid bog`i xos bo`ladi. Bunday bog`larning quyidagi turlari mavjud: glikozilamid – monosaxarid asparaginning amid guruhi bilan bog`langan bo`ladi, masalan immunoglobulin, glikoproteidli fermentlar va gormonlarda; O-glikozid – monosaxarid serin yoki treoninning OH-guruhi bilan bog`langan bo`ladi, masalan so`lak tarkibidagi mutsinda, qon guruhi moddalarida, ba’zan kollagen oqsillarda gidroksilizin yoki gidroksiprolinning OH-guruhi bilan bog` hosil qiladi.
Uglevod komponenti kam qismni tashkil etsa ham glikoproteidning oqsil molekulasiga sifat jihatidan yangi xususiyatlarni beradi. Jumladan glikoproteidlar uchun proteinlardan farqli ravishda issiqqa chidamlilik kuchli (termostabil). Ular yuqori va past haroratga fizik-kimyoviy xossalarini o`zgartirmagan holda bardosh bera oladi. Bu esa agar biror oqsil haroratli denaturatsiyaga chidamli bo`lsa, demak u glikoproteid deb hisoblashga asos bo`la oladi. Glikoproteidlar boshqa oqsillardan farqli ravishda tripsin, pepsin singari proteolitik fermentlar ishtirokida qiyin hazm bo`ladi.
Glikoproteidlarning uglevod qismi oqsilga yuqori darajadagi spetsifiklik beradi. Hujayra yuzasidagi makromolekulalar bunga misol bo`la oladi.
Glikoproteidlar tirik organizmlarning hamma vakillarida keng tarqalgan. Hayvon, o`simlik organizmlarida, mikroorganizmlarda xilma-xil vazifalarni bajaradilar: hujayralararo aloqalarda yuksak molekulalar uchun retseptorlik, gidrofob moddalar va metall ionlari (transkortin, serruloplazmin, gaptoglobin, transferrin)ni tashish, ivish (protrombin, fibrinogen) va immunitet (immunoglobulinlar). Glikoproteidlarga bir qator xolinesteraza, ribonukleaza B kabi fermentlar va gonadotropin, kortikotropin gormonlari kiradi.
Glikoproteidlar haroratga chidamli bo`ladi. Masalan qaynoq buloqlarda yashaydigan mikroorganizmlarning hujayra membranasi tarkibida glikoproteidlar bo`ladi. Tashqi kimyoviy va termik ta’sirlarga chidamli sporali bakteriyalarning kapsulalari glikopeptid va glikolipoproteidlarga ega. Antarktida baliqlarida glikoproteidlar antifriz vazifasini bajarib, organizmining ichki muhitida muz kristallari hosil bo`lishiga yo`l qo`ymaydi.
Shuningdek, jigarda sintezlanadigan, qonning ivishiga zid bo`lgan modda – geparin, ko`p bakteriyalarning antigenlari glikoproteidlardir.
Glikoproteidlarning alohida bir guruhini glyukozaminoglikanlar yoki kislotali mukopolisaxaridlar tashkil etadi. Ular chin glikoproteidlardan asosan o`z tarkibida ko`p martalab takrorlanadigan, ko`pincha o`ziga xos disaxarid birliklarini tutishi bilan farqlanadilar. Glyukozaminoglyukanlar oqsil molekulasi bilan bog`lanib, proteoglikanlarni tashkil qilganlarida molekulaning asosiy qismi polisaxaridlarga to`g`ri keladi. Ular birinchi marta so`lak tarkibidagi yopishqoq proteoglikan – mutsindan olingani uchun nordon mukopolisaxaridlar deb ham ataladi. Proteoglikanlarning aksariyati to`qima hujayralari orasidagi bo`shliqni to`latib turadigan dirildoq (gel) shaklidagi asosiy moddada bo`ladi. Bundan tashqari ular tog`ay, pay, ko`zning muguz pardasi, teri, bo`g`inlarni namlab turadigan suyuqlik tarkibida bo`ladi.
Proteoglikanlar qatoriga gialuronat kislota, geparin, xondroitinsulfat kislota va boshqalar kiradi.
So`lakda va turli xil shilimshiq bezlarning sekretlari tarkibida uchraydigan mutsin bu suyuqliklarga yuqori darajada yopishqoqlik xususiyatini beradi, ovqatning oshqozonga sirg`anib tushishini engillashtiradi, og`izning sxilimshiq pardasini zararli mexanik, issiqlik va kimyoviy ta’sirlardan saqlab turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |