Vosita va uslubiyatlar tarkibidagi o‘zgarishlar. Umumiy va maxsus tayyorgarlikning nisbati
Mazkur davrda sport musobaqalari yanada takomil topishning eng muhim vositasi va uslubiyati hisoblanadi. Musobaqada sharoit hamda musobaqa jarayonining o‘zi yuzaga keltiradigan alohida fiziologik va emotsional fon mashg‘ulotlar jarayonida ko‘rinmaydigan zaxiralar hisobiga jismoniy mashqlarning ta’sirini oshiradi va organizm funksional imkoniyatlari oliy darajada namoyon bo‘lishiga ko‘maklashadi. Shu bilan birga musobaqalar iroda tarbiyasi hamda sport mahoratini takomillashtirish jarayonida mislsiz katta ro‘l o‘ynaydi. Bularning bari sport formasi davrida musobaqalardan faqat sport imkoniyatlarini ishga solish vositasi sifatidagina emas, balki, yanada olg‘a borishning eng ta’sirchan faktori sifatida ham keng foydalanish kerakligini ko‘rsatadi.
Musobaqalar miqdori, albatta, sport turlarining xususiyati va sportchilarning malakasiga bog‘liq. Masalan, sportning tezkor-kuchlilik talab qiladigan ko‘pchilik turlarida hamda sport o‘yinlarida yuqori malakali sportchilar deyarli butun musobaqa davrida har haftada musobaqalasha olsa, g‘oyat zo‘r chidamlilik talab etadigan sport turlari, shuningdek, sportdagi yakkama-yakka kurashuvlar va ko‘pkurashlar uchun musobaqaning bunday rejimi to‘g‘ri kelmaydi. Biroq musobaqalarning umumiy soni, faqat sportning tanlangan turlaridagina emas, qo‘shimcha turlarida ham hamisha sportchining jismoniy va iroda sifatlarini effektiv sur’atda tarbiyalash, uning mahoratini oshirish uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Sportchi faqat tanlangan mashqda musobaqalashayotganidan yoki yana qo‘shimcha mashqlarda ham chiqayotganidan qat’iy nazar, musobaqalar o‘z ahamiyati va yo‘nalish darajasi bo‘yicha bir-biridan farq qilinishi kerak. Musobaqalarning bir qismi hatto musobaqa davrida ham tayyorgarlik xarakteriga ega bo‘ladi va ulardan asosiy, eng mas’uliyatli musobaqalarga yaqinlashtirish uchun foydalaniladi.
Tabiiyki, bu davrda musobaqa mashqlarining salmog‘i ortib boradi; bu maxsus tayyorlov mashqlarining miqdorini qisqartirish hisobiga ortib borganidan ko‘ra ko‘proq musobaqalardan keng foydalanish ham mashq mashg‘ulotlarida musobaqa mashqlarini tez-tez bajarib turish natijasida sodir bo‘ladi. Maxsus-tayyorlov mashqlarining tarkibi bundan oldingi davrning oxirida qanday bo‘lgan bo‘lsa, asosan, shundayligicha qoladi.
Umumiy tayyorgarlik vositalaridan foydalanishda anchagina o‘zgarishlar yuz beradi. Sport formasi turg‘un vaqtda «salbiy» ta’sir etuvchi xavf kamayadi, binobarin, mashqlarni kengroq miqyosda almashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Garchi umumiy jismoniy tayyorgarlik, asosan, ilgari o‘zlashtirilgan mashqlar materialidan qurilsa ham, biroq mashqlarning tarkibi va ularni almashlash jihatidan tayyorlov davrining ikkinchi bosqichidagiga qaraganda ko‘proq xilma-xil bo‘lishi mumkin. Bu umumiy tayyorlov ekanlik darajasini saqlab turish uchun qulay sharoitlar yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, maxsus tayyor ekanlikni saqlab turish va yanada rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Bir holatdan ikkinchisiga o‘tishlar, faol dam olish yordamida ish qobiliyatini kundalik tiklab borish sharoiti ham yengillashadi. Musobaqa davrida davrning uzunligi qanchalik katta bo‘lsa va maxsus tayyorgarlikning mazmuni qanchalik bir xil bo‘lsa, mashqlar xilma-xilligining ahamiyati shunchalik katta bo‘lishi kerak. Chunki bir yo‘nalishdagi faoliyat tormozlanishga tezroq olib keladi hamda funksional imkoniyatlarni cheklab qo‘yadi. Musobaqa davrida umumiy tayyorgarlikning salmog‘i maxsus tayyorgarlik bosqichidagiga qaraganda umuman past bo‘ladi. Agar musobaqalar davri nisbatan qisqa muddatli bo‘lsa, umumiy va maxsus tayyorgarliklar nisbati taxminan tayyorgarlik davrining oxirida qanday bo‘lsa, shunday darajada saqlanib qoladi. Agar musobaqa davri 2-3 oydan ortiqqa cho‘zilib ketsa, u holda nisbat oraliq bosqichda umumiy tayyorgarlikning salmog‘ini bir qadar orttirish tomoniga o‘zgarishi kerak.
Hozirgi mavjud amaliyotda ko‘pincha mutlaqo boshqacha manzarani ko‘rish mumkin: musobaqalar davri boshlanishi bilan umumiy tayyorgarlikning salmog‘i yo keskin qisqarib ketadi yoki yo‘q darajaga tushib ketadi. Hozirgi zamon ilmiy qarashlari va ilg‘or tajriba bunday yo‘lni samarasiz, deb hisoblash uchun yetarli asos beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |