MAVZU: SPLANXNOLOGIYA ASOSLARI.
Reja:
Ichki a'zolar to'qrisida umumiy tushuncha.
Xazm a'zolarining taraqqiyoti.
Xazm a'zolarining tuzilishining umumiy hususiyatlari.
Ichki a’zolarga ko‘krak, qorin va chanoq bo‘shliqlarida joylashgan a’zolar kiradi. Ichki a’zolar bajaradigan ishiga qarab alohida sistemalarga ajratiladi. Hazm a’zolari qorin va ko‘krak bo‘shliqlarida, nafas a’zolari ko‘krak bo‘shliqlarida joylashgan. Hazm va nafas a’zolarining boshlanish qismlari esa bo‘yin hamda kalla sohasidan o‘rin olgan. Siydik ajratish a’zolarining boshlanish qismi qorin pardasining orqa sohasida, davomi esa chanoq bo‘shlig‘ida joylashgan. Jinsiy a’zolar ham chanoq bo‘shlig‘ida bo‘lib, ko‘payish vazifasini bajaradi. Hazm, nafas va siydik ajratish a’zolari, odatda, ichki shilliq, shilliq osti, o‘rta muskul va tashqi seroz pardadan tuzilgan.
Shilliq parda (tunica mucosa) hazm a’zolarining hamma qismi (og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach, me’da va ichaklar) ni ichki tomondan qoplab turadi. Shilliq pardani ustki epiteliy qavati o‘rab olgan. Epiteliy qavati hazm a’zolarining hamma qismlarida ham bir xil tuzilmagan. Jumladan, og‘iz bo‘shlig‘i ko‘p qavatli yassi epiteliydan iborat bo‘lsa, me’da bir qavatli silindrsimon bez epiteliysi bilan qoplangan.
Shilliq pardaning rangi undagi qon tomir va qonning ko‘p yoki oz bo‘lishiga qarab pushti rangdan to‘q qizil ranggacha bo‘ladi.
Shilliq osti qavati (tela submucosa) biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan bo‘lib, shilliq qavatini muskul qavati bilan qo‘shib turadi. Shilliq osti qavati hazm a’zolarining (og‘iz bo‘shlig‘i va halqumdan boshqa) barcha qismida shilliq pardaning burmalari hosil bo‘lishida katta ahamiyatga ega.
Muskul parda (tunica muscularis) hazm a’zolari devoridagi shilliq va shilliq osti pardalaridan keyingi uchinchi parda bo‘lib, silliq muskul hujayralarining tutamlaridan tuzilgan. Og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngachning yuqori qismi va orqa chiqaruv teshigi devorlari ko‘ndalang-targ‘il muskul tolalaridan iborat. Silliq muskul hujayralarining tutamlari a’zolar devorida, odatda, ikki qavatdan (aylanma va uzunasiga yo‘nalgan) iborat bo‘ladi, ba’zan me’dada uchinchi (qiyshiq) qavat ham uchraydi.
Seroz parda (tunica serosa) siyrak tolali biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan. U ovqat hazm qilish a’zolarini eng ustidan o‘raydi va biriktiruvchi nozik to‘qima vositasida muskul qavatga tutashadi. Qorin pardasining ichki varag‘ida joylashgan seroz parda qorin bo‘shlig‘idagi a’zolarni ustidan o‘rab turadi. Seroz parda bilan o‘ralmagan hazm kanalining qismlari (og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngachning bo‘yin va ko‘krak qismlari, to‘g‘ri ichakning oxirgi qismi biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan parda bilan o‘ralgan.
Me’da, ichaklar shilliq pardasida bez va limfoid to‘qimalar joylashgan. Bezlar epiteliy hujayralaridan tuzilgan va turlicha bo‘ladi. Jumladan organizmdagi barcha bezlar ajratadigan moddalariga qarab uch turkumga bo‘linadi:
1) tashqi sekretsiya bezlari og‘iz bo‘shlig‘i, me’da-ichak devoridagi bezlar, ter va yog‘ bezlari suyuqliklarini maxsus naychalar orqali tananing ma’lum bir sohasi yoki bo‘shlig‘iga quyadi;
2) ichki sekretsiya bezlari (gipofiz, buyrak usti bezi, qalqonsimon bez va h.k.) o‘z suyuqlig‘i (gormonlari)ni to‘ppa-to‘g‘ri qonga quyadi.
3) aralash bezlar (me’da osti bezi va jinsiy bezlar) – bir vaqtda ikki xil suyuqlik ishlab chiqaradi. Sekretning bir qismi (gormon) qonga shimiladi, ikkinchisi maxsus naychalar orqali organizmning ma’lum bir bo‘shlig‘iga quyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |