Mavzu: Sotsiologiyada sotsial inistitut tushinchasi.
Reja:
Sotsial institutlar xaqida tushuncha.
Sotsial institutlarning asosiy belgilari va vazifalari.
Sotsial inistitutlarning jamiyatda tutgan o’rni
Sotsial institut - bu inson faoliyatining turli sohalarini tartibga soluvchi va ularni rollar va mavqelar tizimiga kirituvchi rasmiy va norasmiy qoidalar, me'yorlar tamoyillari, yo‘l-yo‘riqlarning turg‘un majmuidir. SHunday qilib, biz sotsial institutni ikkita usul yordamida ifodalashimiz mumkin: bir tomondan me'yorlar yig‘indisi, ikkinchi tomondan - rollar va mavqelar yig‘indisi. YUqorida qayd etilganlardan shuni xulosa qilib aytish mumkinki, ushbu ikkita ta'rif bir-biriga zid emas, aksincha, ular bir-birini to‘ldiradi va bitta hodisaning turli tomonlariga urg‘u beradi. Sotsial institut butun jamiyat nomidan harakat qiladi. Institutsional aloqalar bir paytning o‘zida me'yoriy ham hisoblanadi, chunki ular jamiyat tomonidan o‘z a'zolarining u yoki bu ehtiyojlarini qondirish uchun o‘rnatiladi. Sotsial institutning mazmuniy va rasmiy tomonlarini ajratish mumkin. Mazmuniy tomondan sotsial institut u yoki bu ijtimoiy mavqe egalari xulq-atvoriining andozalari tizimi hisoblanadi. Rasmiy tomondan sotsial institut aniq ijtimoiy vazifani bajarish uchun moddiy vositalarga ega bo‘lgan shaxslarning yig‘indisi sifatida qaralishi mumkin. Sotsial institutga quyidagi belgilar xos:
1) u xulq-atvorning to‘g‘ri turlarini belgilovchi ijtimoiy me'yorlar va yo‘l-yo‘riqlarning to‘plami sifatida mavjud bo‘ladi;
2) u jamiyat mafkurasi va qadriyatlar tizimi bilan chambarchas bog‘liq;
3) harakatlarning institutsional turlari jamiyat tomonidan nazorat qilinadi, institutning o‘zi esa individlarning xulq-atvorini nazorat qiladi;
4) sotsial institut zarur moddiy vositalar va zahiralarga ega bo‘lib, ular tufayli institut asosida yotuvchi me'yorlar va yo‘l-yo‘riqlar u yoki bu darajada muvaffaqiyatli bajariladi.
Har bir sotsial institut:
1) o‘z faoliyatining ma'lum darajada aniq shakllangan maqsadlariga;
2) individlarga belgilangan ijtimoiy mavqe va rollarning to‘plamiga;
3) individlarning xulq-atvorini nazorat qiladigan sanksiyalar tizimiga;
4) ehtiyojlarni qondirishga yo‘naltirilgan konkret xususiy vazifalarga ega (istalgan sotsial institut bulardan tashqari doim yana bir vazifaga ega bo‘ladi - bu harakat qilayotgan individlar o‘rtasidagi hamjihatlikni ta'minlash)
Sotsiologiya birinchi navbatda:
1) jamiyatning asosini tashkil etuvchi ehtiyojlarni amalga oshirish (oila va ta'lim institutlari);
2) moddiy hayot faoliyatni ta'minlash (iqtisodiyot institutlari);
3) ijtimoiy guruhlar va jamoalarning integratsiyasi (siyosiy va huquqiy-davlat institutlari);
4) ma'naviy qadriyatlarni quvvatlash va saqlash (madaniyat institutlari) hamda boshqalar bilan bog‘liq bosh sotsial institutlarning faoliyati bilan qiziqadi.
Ijtimoiy hodisalarning tizimli-tuzilmaviy tahlilida «sotsial institut» tushunchasiga markaziy o‘rin beriladi, u ijtimoiy tizimning asosiy maqsadlari va ehtiyojlari bilan o‘zaro munosabatda bo‘lish orqali odamlarning turli-tuman harakatlaridan mavhumlashgan faoliyatning eng muhim turlari va ijtimoiy munosabatlarini umumlashtirish imkoniyatini ko‘zda tutadi. SHu ma'noda sotsial institut ijtimoiy hayotning alohida sohalaridagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi jamiyat ijtimoiy tuzilmasining уetakchi tarkibiy qismi sifatida ifodalanishi mumkin.
Institutlashtirish va sotsial institutlarning rivojlanishi. Sotsial institutlar o‘zaro ijtimoiy ta'sirining muhim shakli hisoblanadi. Sotsial institutlar kategoriyasi B.Malinovskiy va A.Radkliff-Braun tomonidan batafsil ishlab chiqilgan: odamlarning faoliyati muayyan guruhlar tomonidan amalga oshiriladi hamda muayyan axloqiy va huquqiy qoidalar bo‘yicha bajariladi. Ushbu «moslashish» institut deyiladi. Ijtimoiy hayotda institutlashtirishning o‘rni va roli sotsial institutlarning o‘rni va roli bilan belgilanadi. Jamiyatda institutlashtirish - bu shaxsning hayotdagi ijtimoiylashuvining o‘zidir. Ularni jamiyat hayotining yo‘llari tartibga solinishi, to‘g‘rilanishi kerakligi birlashtirib turadi. Sotsiolog S.S.Frolovning fikricha, institutlashtirish - bu o‘z-o‘zidan yuzaga keladigan xulq-atvorning o‘rniga kelishi kerak bo‘lgan, jamiyatda muayyan ijtimoiy me'yorlarni o‘rnatish, ushbu jamiyat a'zolarining mavqe va rollarini belgilash orqali boshqarilishi va kerakli yo‘lga yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan, oldindan bashorat qilinadigan xulq-atvordir. U institutlashtirish bosqichlarini belgilab berdi:
1) yuzaga kelgan ehtiyojni qondirish uchun tashkillashtirilgan harakatlar zarur;
2) barcha uchun umumiy bo‘lgan maqsadlar shakllantiriladi;
3) o‘zaro ijtimoiy munosabatlar jarayonida muayyan me'yor va qoidalar vujudga keladi;
4) shu qoida va me'yorlar bilan bog‘liq protseduralar yuzaga keladi;
5) topilgan me'yor va qoidalar tasdiqlanadi, ular real hayotda qo‘llaniladi, ya'ni institutlashtirish jarayonining o‘zi sodir bo‘ladi;
6) belgilangan me'yorlar bajarilmagan taqdirda sanksiyalar belgilanadi;
7) jamiyatda institutning barcha a'zolariga tegishli bo‘lgan mavqe va rollar paydo bo‘ladi.
S.S.Frolov, institutlashtirish jarayoni yakunlanishi bilan o‘z qoida va me'yorlariga ega mavqeli-rolli tuzilma o‘rnatiladi, u ko‘pchilikning ehtiyojini qondiradi, - deydi. Bir qator shartlar mavjud bo‘lib, ularni bajarishda ijtimoiy institutlarning to‘g‘ri va muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini ko‘rish mumkin:
1) har bir institut uchun vazifalar va maqsadlar aniq belgilanishi shart;
2) institut faoliyati institutlashtirish vazifalarini bajaruvchi kishilarning shaxsiy manfaatlariga bog‘liq bo‘lmasligi kerak (xolis bo‘lishi lozim);
3) har qanday institut guruh oldida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga va ko‘tarishga harakat qilishi lozim;
4) barcha sotsial institutlarning faoliyatini muvofiqlashtirish juda muhim.
Ushbu shartlarning bajarilishi katta ahamiyatga egadir, chunki sotsial institutlar qanday faoliyat yuritishi butun ijtimoiy hayotda aks etadi. Agar institutga misol bo‘ladigan oilani ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, bu qadimiy institutlardan biri ekanini bilamiz, ammo u ba'zida inqirozlarni ham boshidan kechirgan bo‘lsa-da, hozir ham dolzarb hisoblanadi. Oilani institutlashtirish ayni paytda uning asosini davlat tomonidan ruxsat berilgan nikoh ittifoqi tashkil etishi bilan belgilanadi.
Institutlashtirish - bu shunday jarayonki, unda biror bir ijtimoiy ehtiyoj xususiy emas, balki umumijtimoiy sifatida anglana boshlanadi va uni amalga oshirish uchun jamiyatda alohida axloqiy me'yorlar o‘rnatiladi, kadrlar tayyorlanadi, zahiralar ajratiladi.
Institutlashtirishning samaradorligi qabul qilingan hamda institutlar, individlar faoliyatining ijtimoiy-madaniy konteksti hisoblangan qadriyat-me'yorlar tizimi o‘zaro uyg‘un ishlash-ishlamasligi bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |