Totalitar, ma'muriy – buyruqbozlik siyosatining kuchayishi va qatag‘onlik siyosatining vujudga kelishi.
Ijtimoiy - siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotni yangidan qurishning muqobil yo‘llarini yoqlab chiqqan respublika partiya va davlat arboblari markscha - lenincha nazariya prinsiplariga, partiyaning sotsializm qurish jabhasidagi bosh yo‘liga “shubha qilishda” ayblandi. Xalq xo‘jaligini sanoatlashtirish, qishloqlarda jamoalashtirish siyosatini amalga oshirish va madaniy qurilish yillarida ko‘p minglab kishilarga qonunsiz hatti-harakatlar va zo‘rovonliklar qilindi. Birgina O‘zbekistondan minglab kishilar quloqlar sifatida RSFSR va Ukraina tomonlarga surgun qilindi.
O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayoti ustidan markazning nazorati kuchayib bordi. Tazyiq ko‘rsatish mexanizmi ishga tushib, “O‘nglar” muxolifati o’ylab topildi, turli “og‘machilar” fosh etildi va ular ustidan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. O‘zbekiston KP 1929-yil fevralda o‘tgan 4 s'ezdida VKP (b) MK ning tazyiqi bilan bu masala maxsus muhokama qilinib, xushyorlikni oshirish, o‘nglardan keladigan xavflarga qarshi kurashishga kelishib olindi. Shundan keyin “sinfiy dushmanlar” ga qarshi kurash boshlandi. Yangicha qurilishning muqobil yo‘llarini taklif qilgan rahbarlar va mutaxassislar markaz siquviga olindi. 30-yillar boshida dindorlarni ta'qib qilish kuchaydi, diniy adabiyotlar bilan bir qatorda xalqimizning o‘tmishi, madaniyati va ma'naviyati bilan bog‘liq qanchadan - qancha qadimiy kitoblar yo‘q qilindi, machitlar va cherkovlar buzib tashlandi. Inson huquqlari poymol etildi.
Qatag‘onlik siyosati va uning O‘zbekiston xalqlari boshiga keltirgan kulfatlari
1929-yildan O‘zbekistonda qatag‘onlik siyosati boshlandi. M. Abdurashidxonovdan keyin, uning shogirdi va hammaslagi degan ayb bilan O‘zbekiston Oliy sudi raisi Qosimov hibsga olindi. “qosimovchilik”, “xudoybeganovchilik” degan tamg‘alar o‘ylab topildi. Ulardan keyin respublikada partiya va davlat arboblari, yozuvchi, shoir va olimlarni qamoqqa olish boshlandi. Respublika Ichki ishlar Xalq Komissarligi (NKVD) tomonidan F.Xo‘jaev, A.Ikromov, D.Manjara, S.Segizboev, A.Karimov va boshqalar hibsga olindilar. Birgina 1937-yil avgust - sentyabr oylarida qamalganlar orasida O‘zKP MK kotiblari S.Boltaboev, I.Xudoyqulov, A.Sexer va b., MK bo‘lim mudirlari M.Shermuhamedov, M.Usmonov, K.Bereginlar, komsomol rahbarlari I.Ortiqov, T.Risqulov, F.Tarasov, xalq komissarlari A.Islomov, M.Tursunxo‘jaev, viloyatlar rahbarlari D.Rizaev, K.Boltaev, N.Isroilov, I.Irismatov va b. bor edi. Bolsheviklar (jumladan, V.Kuybishev) «O‘zbekistondan xorijga, jumladan Germaniyaga borib ta'lim olayotgan yoshlar burjua g‘oyalari ta'siriga berilmoqdalar», degan shubha bilan qaradilar. 1923-yil TurkASSR XKS raisi Turar Risqulov Germaniyada bo‘lib haqiqiy ahvol haqida shunday fikr bildirgan. “Turkiston o‘quvchilari 11 ta, Buxoro o‘quvchilari 47 kishidir. Ular o‘z vazifalarini yaxshi tushunadilar, undan keyin ularda yurtlariga qaytib, o‘z xalqi va hukumatiga foyda keltirish harakati bor”. Biroq, 1925-yil Germaniyaga borgan O‘rta Osiyo Davlat universiteti rektori Meerson bu yerda o‘qiyotgan turkistonlik talabalarga soxta ayblar qo‘yib, ularning o‘z yurtlariga qaytarilishini talab qildi. Bu o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Ta'tilga kelgan talabalarning ko‘pchiligi Germaniyaga qaytib borib o‘qishdan mahrum etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |