Totalitar, ma'muriy – buyruqbozlik siyosatining kuchayishi va qatag‘onlik siyosatining vujudga kelishi.
1920-yillarda SSSR tarkibiga kirgan O‘zSSR va boshqa ittifoqdosh respublikalar faqat nomigagina suveren davlatlar bo‘lib, aslida SSSR o‘z mohiyati bilan unitar (qo‘shma) davlat edi. O‘zbekiston Markazning partiya-sovet organlariga to‘la qaram bo‘lib, ularning respublika hayotiga oid barcha ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishga majbur edi. SSSR og‘izda ishchi va dehqonlar manfaatlarini ifodalovchi hokimiyatini o‘zida mujassamlashtirgan demokratik davlat deb atalsada, amalda partiya yakkahokimligiga asoslangan ma'muriy-byurokratik boshqaruv tizimi edi. SSSR Oliy Soveti va MIQ(Markaziy ijroiya qo’mitasi) asosiy “qonun chiqaruvchi” va “ijro etuvchi” organlar hisoblansada, aslida ularning faoliyatini kommunistik partiya boshqarib kelgan. Natijada, 20-30-yillarda sovetlarning ma'muriy-buyruqbozlik tizimi kuchayib, markaz va joylarda partiya - ma'muriy boshqaruv apparatining yakka hukmronligi tobora mustahkamlanib bordi. Uning butun mexanizmi kommunistik partiyaning sotsialistik qurilishiga doir yo‘l – yo‘riqlarini amalga oshirishga qaratilgan edi.
O’zSSR xaritasi (1938-yil) Totalitar, ma'muriy – buyruqbozlik siyosatining kuchayishi va qatag‘onlik siyosatining vujudga kelishi.
Mustamlakachi ma'muriyat tafakkuriga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotini tubdan qayta qurish, uni mamlakatning paxtachilikka bo‘lgan ehtiyojlarini tezroq qondirish uchun avvalo qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirishga e'tibor kuchaytirildi. Ammo, bu o‘rinda xalqimizning milliy-tarixiy xususiyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari hisobga olinmadi.
1927 yil mart oyida O‘zbekiston sovetlarining II qurultoyida qabul qilingan respublika Konstitusiyasi sinfiy xarakterda bo‘lib, bolshevizm mafkurasi bilan sug‘orilgan edi. Unga muvofiq “ekspluatator qatlamlar” saylov huquqlaridan mahrum etildilar, O‘zbekistonning SSSR tarkibiga kiritilganligi qonunlashtirildi. O‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili maqomini saqlab qolish va mavqeini kuchaytirish bo‘yicha olib borilgan ishlar samarasiz tugadi. Qisqa vaqt ichida (1929, 1940) alifboning ikki marta o‘zgartirilishi o‘zbek xalqini o‘z Vatani tarixidan ajratib qo‘ydi, o‘zbek adabiy tilini rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Mustabid tuzumni va u amalga oshirgan “sotsialistik tajriba”ni mahalliy xalqlarning ziyolilarining katta qismi norozilik bilan kutib oldilar. Ular xalqning milliy madaniyatini, urf-odatlarini, ma'naviy merosini saqlab qolishga harakat qildilar. Markazning zo‘rovonligiga qarshi tanqidiy fikrlar bildirdilar,”sosialistik islohotlar”ni demokratik yo‘llar bilan amalga oshirilishi uchun harakat qildilar. Faqat O‘zbekistonning 1937-yili 12-fevralda qabul qilingan Konstitusiyasidagina bunday adolatsizliklarga birmuncha chek qo‘yildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |