Germaniya siyosiy fani tabiati va yo‘nalishlari haqida uning o‘rganish ob’ekti bo‘lgan muammolarni sanab chiqish orqali ham tasavvur hosil qilish mumkin:
• siyosat nazariyasi;
• siyosiy g‘oyalar tarixi;
• fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatning faoliyat ko‘rsatishi.
Hozirgi zamon siyosat nazariyasining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida - siyosiy ta’limotlar tarixini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda nemis siyosatshunosligining doimiy rivojlanib borayotgan tamoyili uning tadqiqotlari doirasining kengayishidir.
Nemis siyosiy fani bir tomondan nazariy, falsafiy va milliy qadriyat asoslarining, ikkinchi tomondan, empirik asoslarning uzviy bog‘lanish an’analari negizida rivojlandi va faoliyat ko‘rsatdi. Germaniyada siyosiy fanning bir necha konsepsiyalari mavjudligi diqqatni tortadi. Ulardan birining tarafdorlari uni davlat institutlari dinamikasini o‘rganish bilan to‘ldirilgan davlatshunoslik sifatida talqin etadilar. Ikkinchi guruh siyosiy fanning yagonaligini inkor qilib, siyosiy fanlar - tarix, sotsiologiya, psixologiya va iqtisod haqida so‘z yuritadi. Uchinchi konsepsiya tarafdorlari esa, siyosiy fanga sotsiologiyaning bo‘limlaridan biri sifatida qaraydi. To‘rtinchi yondashuv esa siyosatshunoslikning vazifasi hozirgi zamonni tarixiy jihatdan tahlil qilishdan iborat, deb hisoblovchi tadqiqotchilarning yondashuvidir.
Uchinchi konsepsiya tarafdorlaridan biri nemis sotsiolog olimi va siyosiy arbobi, ijtimoiy ziddiyat nazariyasining asoschisi — R. Darendorf (1929 yilda tug‘ilgan). R.Darendorfning fikriga ko‘ra, har qanday jamiyatdagi kishilarning har bir guruhi muayyan pozitsiyaning vakili sifatida namoyon bo‘ladi. Bunda har bir pozitsiya muayyan ijtimoiy rolni bajarish bilan bog‘liq. Ijtimoiy rol muayyan bir jamiyatda ma’lum bir pozitsiyaning vakiliga berilgan xulq-atvor usullarining yig‘indisidir. Boshqacha aytganda, bu ijtimoiy choralar tizimi yordamida har bir konkret insonni o‘zini muayyan tarzda tutishga majbur qilishdir. Xulq-atvorni me’yorlashtirishning majburiy tabiati R.Darendorf «majburiy muvofiqlashtirilgan assotsiatsiyalar» deb atagan ijtimoiy guruhlarning eng muhim belgisi deb hisoblanadi.
Qaror topgan me’yorlarga so‘zsiz rioya qilish insonga ancha yuqori mavqelarga ko‘tarilish imkonini, me’yorlarni belgilash, ularni sharxlash va boshqa odamlarning me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan xulq-atvoriga qarshi choralar qo‘llash vakolatini beradi. Mana shu vakolatlarning jami hukmronlikning mavjudligini anglatadi, kimningdir hukmronlik qilishi, kimningdir bo‘ysunishi esa ziddiyatga olib keladi.
R. Darendorf ziddiyatning tabiati va mohiyatidan kelib chiqqan holda sinflarni asosiy belgisi hukmronlikda ishtirok etish yoki ishtirok etmaslikdan iborat bo‘lgan nizolashuvchi ijtimoiy guruhlar sifatida ta’riflaydi.
R. Darendorf faqat ziddiyatlarning mohiyatinigina aniqlab qolmaydi, balki ularni 15 turga ajratib tasnif qilishga urinadi. Bitta rolga turli guruhlarning da’vo qilishi, rollar o‘rtasidagi, ijtimoiy guruhlar ichidagi, guruhlar o‘rtasidagi va boshqa ziddiyatlar, ayniqsa, katta ahamiyatga egadir.
Olim ziddiyatlarni hal qilish imkoniyati mavjudligini ham ko‘zda tutadi. Ziddiyatlar qancha keskin bo‘lsa, ijtimoiy safarbarlik ya’ni boshqa maqomdagi pozitsiyalarga o‘tish shunchalik qiyinlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |