Liberalizm XVII-XVIII asrlarda ma’rifatparvarlik g‘oyalari negizida tarix sahnasiga chiqib kelayotgan burjuaziya sinfining mafkurasi sifatida shakllandi. Bu mafkuraning asosiy qoidalari Jon Lokk, Tomas Gobbs, SHarl Lui Monteskyo, Adam Smit, Tomas Jefferson, Jon Styuart Mill va boshqalarning assarlarida asoslanib beriladi.
Liberalizm poydevorini shaxs erkinligi, uning barcha jamiyat institutlariga nisbatan eng oliy qadriyat ekanligi, shaxsning ham o‘z oldida, ham jamiyat oldida mas’ulligi, barcha kishilarning o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarish huquqini tan olishligi kabi tamoyillar tashkil etadi. Bu mafkura parlament tuzumining muhim siyosiy muammolarni hal etishda murosa-yu madora, kelishuvning tarafdoridir. U davlatning kengayib ketgan iqtisodiy va ijtimoiy funksiyalariga salbiy munosabatdadir.
Liberalizm hokimiyatning taqsimlanishi, siyosiy plyuralizm, elitalar raqobati, qonunning mutlaq ustuvorligini e’tirof etadi. U fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ta’minlashni o‘zining asosiy maqsadi, deb biladi. Mazkur mafkuraning barcha ko‘rinishlarida inson shaxsining individual erkinligi, qadr-qimmati, boshqa kishilarning qarashlari va e’tiqodlariga sabr-chidamli bo‘lishlik talablari doimo himoya qilinib kelinadi. Shaxs erkinligini hurmat qilish bilan bog‘lab liberalizm o‘zining g‘oyaviy ko‘rsatmalarida individualizm va insonparvarlik tamoyillarini uyg‘un ravishda mujassamlashtiradi.
Erkinlik tamoyili liberalizm tarafdorlari tomonidan davlat cheklashlaridan erkin bo‘lishlik sifatida talqin etiladi. Bu g‘oyani angliyalik mutafakkirlar Jon Lokk va Jon Styuart Mill yaxshi ifoda etadilar. Jumladan, Mill bu g‘oyani quyidagicha izohlaydi: “Inson o‘ziga nima kerakligini har qanday hukumatdan ham yaxshiroq biladi”.
Liberalizm tarafdorlari uchun erkinlik uchun kurash insonning iqtisodiy, jismoniy va intellektual erkinligi yo‘lidagi barcha to‘siqlarni, cheklashlarni tugatish uchun kurashni anglatadi. Ular hokimiyatni meros qilib qoldirishning barcha shakllariga va tabaqaviy imtiyozlarga qarshi chiqadilar. Bu ko‘rsatmalar negizida “davlat - tungi qorovul” degan g‘oya qaror topadi. Ushbu g‘oyaning mohiyati shundan iboratki, davlat faqat ijtimoiy tartibni qo‘riqlash va mamlakatni tashqaridan bo‘ladigan tahdiddan himoya qilishni ta’minlaydigan, kamroq bo‘lgan, eng kerakli vazifalar bilan ta’minlanishi darkor. Shuning uchun aynan liberalizmda fuqarolik jamiyatining davlat ustidan ustuvorligi g‘oyasi qaror topdi va amalga oshirilmoqda. Jumladan, J.Lokk fuqarolik jamiyati - bu doimiy birlamchi, davlat esa undan kelib chiquvchidir, deb ta’kidlab o‘tgan edi.
Liberalizm mafkurasi uchun shaxsning erkin rivojlanishi va o‘zini o‘zi tasdiqlash g‘oyasi xarakterli bo‘libgina qolmay, balki erkinlikning bozor talqinini xususiy tadbirkorlik erkinligi sifatida xarakterlash xosdir. Bu mafkura erkinlik va xususiy mulkning o‘xshashligiga asoslanadi. Unda xususiy mulk inson erkinligining kafolati va o‘lchovi sifatida qaraladi. Iqtisodiy erkinlikdan siyosiy va fuqarolik erkinligi kelib chiqadi.
Iqtisodiy nazariyada liberalizm tadbirkorlik, bozor va raqobat erkinligini targ‘ibot va tashviqot etadi. Shu bilan birga, mazkur mafkuraning tarafdorlari shaxsni bozor tizimiga amal qilishning salbiy oqibatlaridan saqlashni hukumatning vazifasi deb biladilar.
Mumtoz liberalizmning g‘oyalari anglo-sakson mamlakatlarida, avvalo AQSHning siyosiy va iqtisodiy amaliyotida o‘zining to‘liqroq gavdalanishini topdi. AQSHda individualizm jamiyat tuzilishining bosh tamoyili sifatida qaraladi. Mustaqillik va o‘zining kuchiga tayanish, raqobat erkinligi - Amerika turmush tarzining asosiy g‘oyaviy ustunlaridir.
Mafkuraning har qanday ko‘rinishi o‘zgarmasdan qola olmagani kabi liberalizm ham o‘zgarishlardan chetda qolmadi. U ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning ta’siri ostida XX-asrning 30-yillarida neo-liberalizmga aylandi. Bu yangi mafkuraviy oqimning paydo bo‘lishini tadqiqotchilar AQSH prezidenti Franklin D.Ruzveltning “YAngi yo‘l” siyosati bilan bog‘laydilar.
AQSH prezidenti liberalizm mafkurasiga asoslangan siyosatga bir qator muhim tuzatishlar (aniqrog‘i, o‘zgartishlar) kiritadi. Bu tuzatishlar davlatning iqtisodiy va sotsial rolini qaytadan ko‘rib chiqish bilan bog‘liq edi. Neo-liberalizm tarafdorlari davlatning iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishi, faol ijtimoiy siyosatni olib borishi zarurligini tan oladilar. Ular ijtimoiy adolatni o‘rnatishni, monopoliyalar hokimiyatini cheklashni, moddiy boyliklarni soliq tizimi va davlatning ijtimoiy dasturlari orqali jamiyatning quyi qatlamlari foydasiga qayta taqsimlashni yoqlab chiqadilar. Neo-liberallar siyosiy dasturining negizini boshqaruvchi va boshqarilayotganlarning o‘zaro kelishuvi, siyosiy jarayonda ommaning ishtirok etishi zarurligi, siyosiy qarorlarni qabul qilish amaliyotini demokratlashtirish tashkil etiladi.
Liberalizm G‘arb mamlakatlari demokratiyasining asosidir. Bu mafkura bayrog‘i ostida AQSHda “oqilona davlat”, “yashil farovonlik davlati” kabi modellar yaratilgan. Bugungi kunda neo-liberalizm AQSH Demokratik partiyasi va boshqa demokratik mamlakatlardagi siyosiy partiyalar faoliyatining g‘oyaviy-nazariy negizi bo‘lib qolmoqda.
Hozirgi zamonning eng yirik mafkuraviy oqimlaridan yana biri - konservatizm. Ushbu atama lotincha “konservare” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, u saqlash, qo‘riqlash kabi ma’nolarni beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |