Sotsial-demokratiya oqimi XIX-asrning oxirida nemis mutafakkir va jamoat arboblari K.Kautski hamda E.Bernshteyn tomonidan asoslab berildi. Ushbu mafkuraga binoan, yangi jamiyatga sinfiy kurash orqali, inqilobiy yo‘l emas, balki tinch, evolyusion yo‘l bilan - burjua jamiyatini asta sekin isloh qilish bilan o‘tiladi. Sotsial-demokratlar bu ko‘rsatmalarni amalga oshirishni davlatni jamiyat iqtisodiy hayotiga faol aralashishni, daromadlarni ehtiyojmand kishilar foydasiga qayta taqsimlash, iqtisodiyotning davlat sektorini va ko‘plab davlat ijtimoiy dasturlarini rivojlantirish bilan bog‘laydilar.
Sotsial-demokratiya - ijtimoiy adolat va ijtimoiy hamkorlikka asoslanuvchi siyosiy yunalish bo‘lib, u jamiyatda turli-tuman guruhlarning tinch-totuv va ahil hayot kechirishi, millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik tarafdori, tashqi siyosatda esa boshqa mamlakatlar bilan teng huquqli hamkorlik tarafdoridir.
Sotsial-demokratiya ijtimoiy va madaniy muhitni muhofaza qilish, insonning ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlash, mustaqil va erkin shaxsni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy munosabatlar tizimini ko‘zda tutadi. Sotsial-demokratiya mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan aholi uchun teng imkoniyatlar yaratish, aholining ehtiyojmand qismi uchun esa mehr-muruvvat ko‘rsatish, barcha aholi uchun esa ijtimoiy muhofaza va sifatli turmush tarzini ta’minlashni ko‘zda tutadi.
Sotsial-demokratiya mafkurasining asosiy negizini ijtimoiy muhofaza tashkil etadi. Ijtimoiy muhofazaning bosh maqsadi insonning turmush va bozor alg‘ov-dalg‘ovlaridan himoya qilishdir. U mehnatni muhofaza qilishning samarali mexanizmlarini joriy etishni ko‘zda tutadi. Sotsial-demokratiyada insoniy mehr-oqibat markaziy o‘rin tutadi. U bugungi kundagi eng zarur qadriyatlardan biridir. Ushbu mafkura dunyo mamlakatlari, xususan Evropa mamlakatlari tajribasida sinovdan muvaffaqqiyatli o‘tgan bo‘lib, hozirgi zamonaviy jamiyatlar taraqqiyoti yo‘lida o‘zining har tomonlama samarali ekanligini ko‘rsatmokda.
Dunyoda sotsial-demokratik yunalishdagi 80 dan ortiq siyosiy partiya va harakatlar mavjud bo‘lib, ular 17 mlnga yaqin odamni o‘z saflariga birlashtirgan. Ushbu partiya va harakatlarning ko‘pchiligi Sotsialistik internatsional (Sotsintern)ga birlashganlar. Hozirgi kunda ko‘pgina mamlakatlarda sotsial demokratlar hokimiyat tepasida ekanligini, xususan aksariyat Evropa mamlakatlarida sotsial-demokratlarning mavqei juda baland ekniligini ko‘rishimiz mumkin. Dunyo tajribasi ushbu mafkuraning hayotiyligini va progressiv xarakterda ekanligini yaqqol tasdiqlaydi.
Jahonda sotsial-demokratiya mafkurasi negizida turli-tuman “sotsializm modellari” shakllandi. Bular ichida shved va nemis modeli ahamiyatga molik. Germaniya va SHvetsiyada sotsial-demokratik partiyalar boshqaruvi davrida hayotning yuqori sifatiga erishildi.
Ammo, 1970-yillarning oxiriga kelib bu mamlakatlarning iqtisodiyotida davlat monopoliyasi va byurokratizm, xususiy tadbirkorlik uchun rag‘batlantirishning pasayishi bilan bog‘liq bo‘lgan negativ tendensiyalar kuchaydi. Bunday tendensiyalar ushbu mamlakatlarning taraqqiyot sur’atlarining pasayishiga olib keldi. Natijada, sotsial-demokratlar ko‘pchilik saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi va hokimiyatni konservativ mafkura vakillariga topshirishga majbur bo‘ldilar. 90-yillarning oxiriga kelib, sotsial-demokratlar saylovlarda g‘alaba qozonib, yana hokimiyatni konservatorlardan qaytarib oldilar.
Shunday qilib, sotsial-demokratiya hozirgi zamonning eng ta’siri yuqori mafkuralaridan biridir. U ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish yo‘li bilan jamiyatni rivojlantirishni va xalqning farovonligiga erishishni ko‘zda tutadi.
YUqoridagi mafkuralar bilan birga bir qator mafkuralar ham borki, ularni amaliyotga tatbiq etish jamiyat rivojlanishiga u yoki bu darajada salbiy rol o‘ynashi mumkin. Bunday mafkuralar qatoriga natsionalizm, kommunizm, anarxizm, fashizm, diniy fundamentalizm kabilarni kiritishimiz mumikn.
Do'stlaringiz bilan baham: |