Pedagogika fanining asosiy kategoriyalari
(kategoriyalar matnda qoraytirilib ko‘rsatilgan) quyidagilar hisoblanadi:
Shaxs psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi, muayyan xulq-atvor va dunyoqarashga ega bo‘lgan jamiyat a’zosi
Tarbiya muayyan, aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida
yosh avlodni har tomonlama o‘stirish, uning ongi, xulq-atvori va dunyoqarashini
tarkib toptirish jarayoni
Ta’lim o‘quvchilarni nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish, ularning bilish qobiliyatlarini o‘stirish va dunyoqarashlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan jarayon
Bilim shaxsning ongida tushunchalar, sxemalar, ma’lum obrazlar ko‘rinishida aks etuvchi borliq haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy ma’lumotlar majmui
Ko‘nikma shaxsning muayyan faoliyatni tashkil eta olish qobiliyati
Malaka muayyan harakat yoki faoliyatni bajarishning avtomatlashtirilgan shakli
Ma’lumot ta’lim-tarbiya natijasida o‘zlashtirilgan va tizimlashtirilgan bilim, hosil qilingan ko‘nikma va malakalar hamda tarkib topgan dunyoqarash majmui
Rivojlanish shaxsning fiziologik va intellektual o‘sishida namoyon bo‘ladigan miqdor va sifat o‘zgarishlar mohiyatini ifoda etuvchi murakkab jarayon
1.4 Pedagogika fanlari tizimi
Pedagogika fanlari tizimi. Shaxs kamolotini ta’minlash, uning intellektual, ma’naviy-axloqiy hamda jismoniy jihatdan rivojlanishiga erishishda turli yosh davrlari, har bir davrning o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, bolaning fiziologik, psixologik holatini inobatga olish maqsadga muvofiqdir. Yaxlit pedagogik jarayon muayyan turkumni tashkil etuvchi pedagogik fanlar tomonidan o‘rganiladi. YA’ni: Pedagogika fanining obyektlari xilma-xil bo‘lganligi sababli, ushbu obyektlarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi pedagogika fani sohalari pedagogik fanlar tizimini tashkil etadi. Pedagogika fanining rivojlanishi natijasida pedagogik fanlar tizimi shakllandi. Ularga quyidagilar kiradi: umumiy pedagogika, maxsus pedagogika, qiyosiy pedagogika, ijtimoiy pedagogika, yosh pedagogikasi, oila pedagogikasi, xalq pedagogikasi va boshqalar.
Umumiy pedagogika - pedagogik borliqdagi pedagogik tizim ichida kechadigan ta’lim, tarbiya, rivojlanish jarayonlarini maqsadini, mazmunini, metod va vositalarini hamda shaklini o‘rganuvchi fandir. Umumiy pedagogika pedagogikaning umumiy asoslari, ta’lim nazariyasi, tarbiya nazariyasi, pedagogik menejment bo‘limlaridan iborat. Ushbu bo‘limlarni pedagogikaning mustaqil sohasi nuqtayi nazaridan qarasak, unda pedagogikaning umumiy asoslari - umumpedagogik jarayondagi ta’lim, tarbiya, rivojlanishning umumiy qonuniyat- larini; Ta’lim nazariyasi - umumpedagogik jarayondagi ta’lim jarayonini mohiyatini, didaktik qonuniyatlarini, prinsiplarini, maqsadini, mazmunini, metod va vositalarini hamda tashkil etish shakllarini; Tarbiya nazariyasi - umumpedagogik borliqdagi tarbiya jarayonining o‘ziga xos xususiyatlarini, qonuniyat va prinsiplarini, metod va vositalarini; Pedagogik menejment esa pedagogik tizimni boshqarish qonuniyatlarini va prinsiplarini hamda boshqarish shakl va metodlarini o‘rganadi.
Maxsus pedagogika - aqliy, ruhiy, jismoniy rivojlanishida nuqsoni bor bolalarni o‘qitish va tarbiyalash qonuniyatlarini, prinsiplarini, maqsadini, mazmunini, metod va vositalarini hamda shaklini o‘rganuvchi fandir.
Ijtimoiy pedagogika - jamiyatning tarbiyaga, tarbiyaning jamiyatga ta’siri natijasida shaxsni ijtimoiylashuvi qonuniyatlarini, mexanizmlarini, prinsiplarini, mazmunini, metod va shakllarini o‘rganuvchi fandir.
Qiyosiy pedagogika - turli mamlakatlarning ta’lim-tarbiya tizimini, maorif taraqqiyotini taqqoslashni o‘rganuvchi pedagogikaning mustaqil sohasidir.
Xalq pedagogikasi - turli xalq, millat va elatlarning xalq og‘zaki ijodidagi ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi pedagogik g‘oyalarning mohiyatini, mazmunini o‘rganuvchi pedagogikaning mustaqil sohasidir.
Yosh pedagogikasi - turli yoshdagi bolalarni individual va yosh xususiyatlarini inobatga olib, ularni o‘qitish va tarbiyalash qonuniyatlarini o‘rganuvchi fandir.
Pedagogika tarixi - turli tarixiy davrlardagi pedagogik g‘oyalarni, ta’lim va tarbiya tizimi taraqqiyoti masalalarini pedagogika tarixi tadqiq qiladi.
Oliy o‘quv yurtlaridagi o‘quv-tarbiyaviy jarayon qonuniyatlarini oliy maktab pedagogikasi tadqiq qiladi.
Ko‘rsatib o‘tilgan ushbu fanlar qanday pedagogik masalalarni o‘rganadi?
Do'stlaringiz bilan baham: |