1.2 Pedagogika fanining obyekti, predmeti, maqsad va vazifalari
Har qanday fan mustaqil fan maqomiga, o‘z tadqiqot obyektiga va predmetiga ega bo‘ladi. Fan obyekti bu aniq bir fan o‘rganadigan borliqdagi biror bir qism, soha hisoblanadi. Pedagogika fanining obyekti va predmetini aniqlashga turli qarashlar mavjud. Pedagogika fanining obyekti sifatida keng ma’nodagi ta’lim qabul qilingan.
Pedagogika fanining obyekti bola, ya’ni yosh avlod, pedagogikaning predmeti esa bolaning, yosh avlodning tarbiyasidir. Pedagogikaning mustaqil fan sifatida tadqiqot predmeti maxsus tashkil etilgan pedagogik jarayon sifatida shaxsni shakllanishi va tarbiyalanishining nazariy va metodologik muammolaridir. Demak, pedagogika fan sifatida tarbiyalash, ta’lim berish va rivojlantirish bilan shug‘ullanmaydi. Bu vazifalarni ota-onalar, tarbiyachilar va o‘qituvchilar amalga oshiradi. Pedagogika fan sifatida ta’lim, tarbiya, rivojlanish vositalarini yo‘l va usullarini ko‘rsatib beradi. Pedagogika fanining tuzilmaviy elementlarini quyidagilar tashkil etadi: obyekt, predmet, kategorial apparat, nazariya, faraz, metodlar va faktlar.
Fan obyekti ko‘p aspektli fenomen bo‘lganligi uchun, uning aniq bir tomoni fan predmeti bo‘lib xizmat qiladi.
Taniqli rus pedagog olimi V.V. Krayevskiy pedagogika fanining predmeti kishilarning o‘zaro aloqasiga asoslangan, ta’lim-tarbiya jarayonlarining birligidan hosil bo‘lgan bir butun pedagogik jarayon hisoblanadi deb ta’kidlaydi.
Har qanday fan o‘z nazariyasiga, fundamental bilimlar tizimiga ega. Pedagogik nazariya - bu pedagogik hodisalarni aloqalari, qonuniyatlari, obyektiv mohiyati to‘g‘risidagi bilimlar tizimini ifodalaydi. V.V. Krayevskiyning fikricha, pedagogik nazariya pedagogik borliqni ayrim tomonlarini izohlovchi, tushuntiruvchi, tashxislovchi vazifalarni bajaradi.
Fundamental va xususiy pedagogik nazariyalar mavjud. Pedagogikaning fundamental nazariyalariga ta’lim nazariyasi, tarbiya nazariyasi, pedagogik tizimni boshqarish nazariyasi kiradi. Pedagogikaning xususiy nazariyasiga masalan, G. I. Shukina tomonidan asoslangan o‘quvchilarni bilish faoliyatini faollashtirish nazariyasi, M.I. Maxmutovning muammoli ta’lim nazariyasi, L.V. Zankov, V.V. Davidovlarning rivojlantiruvchi ta’lim nazariyasi, N.D. Xmelning pedagogik jarayonni bir butunligi nazariyasini kiritishimiz mumkin.
Har qanday nazariyani ishlab chiqishda faraz asosiy o‘rinda turadi. Faraz - bu haqqoniyligi amaliyotda tekshiriladigan, nazariy asoslangan taxminlar yig‘indisi
Pedagogik faraz - bu borliqdagi hali ilmiy faktlar, metodlar, qonunlar yordamida tekshirilmagan, pedagogik hodisaga tegishli taxmin hisoblanadi. Har qanday pedagogik faraz aniq usul va metodlar yordamida tekshiriladi.
Pedagogika faniga nisbatan nazariyachilarning uch xil qarashlari mavjud:
pedagogika — insoniy bilimlarning predmetlararo sohasi hisoblanadi. Bunday yondashuv tarafdorlari pedagogikani mustaqil nazariy fan, pedagogik hodisalarni ifodalash sohasi sifatida inkor etadilar;
pedagogika — ta’lim yoki tarbiya sohasida paydo bo‘luvchi, vazifalarni hal etishga moslashtirilgan, ilmiy bilimlarni qo‘llash funksiyasini bajaruvchi amaliy o‘quv predmetidir. Pedagogik hodisalarni alohida tomonlari, tasavvurlari yig‘indisi ushbu pedagogikaning mazmunini tashkil etadi;
pedagogika — o‘z tadqiqot obyektiga va predmetiga ega bo‘lgan mustaqil fandir.
Uchinchi nuqtayi nazar pedagogikani mustaqil fan sifatida qabul qiladi. Pedagogika musaqil fan sifatida ta’lim-tarbiya hodisalarini aloqadorliklarini o‘rnatib, turli faktlarni umumlashtiradi. U ta’lim-tarbiya ta’sirida nima uchun va qanday inson rivojlanishidagi o‘zgarishlar ro‘y beradi degan savolga javob beradi.
Pedagogikani fan sifatida aniqlash uchun uning tadqiqot predmetini aniqlash hamda «pedagogika nimani o‘rganadi» degan savolga javob berish maqsadga muvofiq. Shuning uchun pedagogikaning obyektini va predmetini anglash zarur.
Fan obyekti — bu u yoki bu fan o‘rganadigan borliqdagi soha hisoblanadi. Pedagogikaning obyekti jamiyatdagi maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat jarayonida inson rivojlanishini ta’minlovchi borliq hodisasi hisoblanadi. Borliqdagi bunday hodisa ta’limdir. Ta’lim - davlat, jamiyat inson qiziqishlarini ifodalovchi maqsadga yo‘naltirilgan ta’lim va tarbiya jarayonidir.
Fan predmeti —bu obyektni ushbu fan nuqtayi nazaridan qarashdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |