Hol: Nurmurod betob do‘sti holidan har kuni ikki marta xabar olib turdi.
Undalma: Birinchi, birinchi, birinchi, men o‘ttiz yettinchiman, qanday eshityapsiz, qabul.
Olmosh ham mustaqil so‘zlar turkumiga mansub bo‘lib, nutqda ot, sifat, son so‘z turkumlari o‘rnida qo‘llanadi. Olmosh shaxs, narsa, belgi va miqdorni ko‘rsatish uchun xizmat qiladi. Olmoshlar ham xuddi sonlar kabi boshqa so‘z turkumlaridan morfologik yoki sintaktik yo‘l bilan yasalmaydi. Biroq son va olmosh turkumiga mansub so‘zlar boshqa so‘z turkumlarini yasash uchun asos bo‘lishi mumkin: birlik, ikkilanmoq, biryo‘la, sensiramoq, sizlamoq, manmanlik, allaqachon kabi. Olmoshlar ma’no va grammatik xususiyatlariga ko‘ra yetti guruhga bo‘linadi.
Kishilik olmoshlari. Bu turdagi olmoshlarga quyidagilar kiradi:
Birlik sonda Ko‘plik sonda
I sh. men I sh. biz
II sh. sen II sh. siz
III sh. u III sh. ular
O‘zbek tilida I shaxs birlik sondagi kishilik olmoshi ko‘plik sondagi I shaxs kishilik olmoshi bilan almashinib ham qo‘llanadi. Masalan: Kitoblarni men keltiraman. Kitoblarni biz keltiramiz. Ushbu gaplarning har ikkalasida ham ishni bajaruvchi birlik sondagi birinchi shaxsdir. SHuningdek, II shaxs birlikdagi kishilik olmoshi o‘rnida II shaxs ko‘plik sondagi kishilik olmoshi qo‘llanib, ko‘plikni emas, balki hurmat ma’nosini anglatadi. Masalan: Uyga sen birinchi kir. Uyga siz birinchi kiring. Har ikkila holatda ham bir kishi nazarda tutilyapti. Odatda ko‘plik ma’nosi –lar qo‘shimchasi qo‘shilganda anglashiladi: Sizlar tezroq boraveringizlar, orqalaringizdan yetib boramiz. Bugun qabul tugadi, sizlarni boshqa kuni yana chaqiramiz.
Kishilik olmoshi kelishiklar bilan quyidagicha turlanadi:
1. Bosh kelishik: men, sen, u, biz, siz, ular
2. Qaratqich kelishigi: mening, sening, uning, bizning, sizning, ularning.
3. Tushum kelishigi: meni, seni, uni, bizni, sizni, ularni.
4. Jo‘nalish kelishigi: menga, senga, unga, bizga, sizga, ularga.
5. O‘rin-payt kelishigi: menda, senda, unda, bizda, sizda, ularda.
6. Chiqish kelishigi: mendan, sendan, undan, bizdan, sizdan, ulardan.
Men va sen kishilik olmoshlari qaratqich va tushum kelishiklarining qo‘shimchalarini olganda, ular tarkibidagi bir [n] tovushi tushib qoladi: men-ning, sen-ni shaklida emas, me-ning, se-ning shaklida bo‘ladi. Xuddi shuningdek, u kishilik olmoshi jo‘nalish, o‘rin-payt va chiqish kelishiklarining qo‘shimchasini olganda, tarkibida bir [n] tovushi orttiriladi: u-ga, u-da, u-dan shaklida emas, balki un-ga, un-da, un-dan kabi.
Rus tilida kishilik olmoshlari kelishiklar bilan turlanganda, ularning boshlang‘ich shakllari butunlay o‘zgarib ketadi. O‘zbek tilida esa, yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, o‘z asl shaklini saqlab qoladi.
Men kishilik olmoshi o‘rnida mumtoz adabiyotda kamina, faqir, qo‘lingiz, banda kabi so‘zlar ham qo‘llanib kelingan.
O‘zbek tilida sen kishilik olmoshiga –lar ko‘plik qo‘shimchasi qo‘shilgan holda qo‘llanishi ham uchraydi. Bunda mensimaslik, kamsitish, istehzo, ta’na kabi ma’nolar burtib turadi. Masalan: Senlar bu yerda nima qilyapsanlar? Men senlarga aytyapman. Senlarni deb shuncha g‘alvaga qoldim.
Ko‘plik sondagi birinchi shaxs biz kishilik olmoshi ham nutqda –lar ko‘plik qo‘shimchasi bilan qo‘llanishi mumkin. Bunda ko‘plik ma’nosi yanada kuchaytiriladi. Masalan: Bu ishni biz bajaramiz. Gapdan anglashilayotgan ish-harakatni bir kishi yoki ko‘pchilik bo‘lib bajarish mumkin. Bu gap bilan qiyoslang: Bu ishni bizlar bajardik. Ish-harakat bir kishi tomonidan bajarilmagan, ko‘pchilik tomonidan bajarilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |