Qo‘shma sifatlar birdan ortiq so‘zlarning o‘zaro birikuvidan hosil bo‘ladi: jigar rang, ochko‘z, sofdil, hozirjavob, kamgap kabi. Juft sifatlar ikki har xil sifatning o‘zaro teng bog‘lanishi yoki bir sifatning takrorlanishidan hosil bo‘ladi: katta-kichik, oq-qora, yosh-qari, yaxshi-yomon, issiq-sovuq, quyuq-suyuq, katta-katta, baland-baland, oppoq-oppoq kabi.
O‘zbek tilida sifatlar otdan oldin kelib, u bilan bitishuv usuli orqali bog‘lanadi: qizil qalam, ishchan yigit, aqlli bola kabi. Rus tilida ham sifatlar, asosan, oldin keladi va ot bilan rod, son va kelishikda moslashadi.
O‘zbek tilida ham sifatning uchta darajasi mavjud. 1. Oddiy daraja. 2. Qiyosiy daraja. 3. Orttirma daraja.
Oddiy daraja sifatning o‘zagi yoki negiziga teng bo‘ladi: yashil, yumshoq, sariq, yengil, qattiq, qisqa kabi.
Qiyosiy daraja sifat o‘zagi yoki negiziga –roq qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasaladi hamda bir belgining boshqasiga nisbatan ortiq yoki kamligini bildiradi: qoraroq, uzunroq, qattiqroq, aqlliroq, torroq kabi.
Orttirma daraja belgining o‘ta yuqori yoki pastligini ifodalaydi: Bu daraja sifatlar oldidan juda, juda ham, g‘oyat, g‘oyatda, nihoyatda, eng, hammadan kabi so‘zlardan birini keltirish orqali hosil qilinadi: juda og‘ir, juda ham qattiq, g‘oyat go‘zal, g‘oyatda bama’ni, nihoyatda uzoq, eng kuchli, hammadan ortiq kabi.
Bulardan tashqari, o‘zbek tilida sifatlarning ozaytirma va kuchaytirma shakllari ham mavjud. Ozaytirma sifatlar belgining kamligini bildiradi: oq-oqish, qora-qoramtir, sariq-sarg‘ish, qizil-qizg‘ish, yashil-och yashil kabi. Kuchaytirma sifatlar esa belgining ortiqligini ifodalaydi: qora - qop-qora, tim qora; oq - oppoq, ko‘k - ko‘m-ko‘k, tekis - tep-tekis, yumaloq - yum-yumaloq, katta - kap-katta, yolg‘on - g‘irt yolg‘on, ho‘l - jiqqa ho‘l, sariq - sap-sariq kabi.
Sifatlar gapda, asosan, aniqlovchi vazifasida, ba’zan kesim yoki hol vazifalarida ham keladi.Masalan: Shahrimizda ulkan binolar, go‘zal istirohat bog‘lari, tarixiy yodgorliklari ko‘p Shahrimizning ko‘chalari juda go‘zal va chiroyli. Hulkar gimnastika mashqlarining barchasini juda yaxshi va chiroyli bajardi.
Sifatlar otlashganda boshqa bo‘laklar vazifasida ham kela oladi. Sifatning otlashishi – nutqda sifatdan keyin keladigan otning tushib qolishi va ot bajarishi lozim bo‘lgan sintaktik vazifalarning sifatning zimmasiga o‘tishidir. Masalan: Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p. Dunyoda yaxshilar ko‘p.
Do'stlaringiz bilan baham: |