5-MAVZU. MEHNAT BOZORIDA MEHNAT RESURSLARIGA
BO‘LGAN TALAB VA TAKLIF
Reja:
1. Mehnat resurslariga bo‘lgan talabning shakllanishi
2. Mehnat resurslarining taklifi: oddiy va kengaytirilgan
modellar
3. Mehnat resurslari taklifini miqdor jihatdan
hisoblash tajribasi
Tayanch so`zlar : xizmati bahosi sifatida ish haqi namoyon bo‘ladi. U eng yuksak foyda nazariyasiga muvofiq mazkur xizmatning ish beruvchi uchun foyda keltirishiga bog‘liqdir
Qo`llaniladigan pedogogik texnologiyalar: “Blits so`rov”, “Aqliy xujum”, «Bumerang» usullari.
1. Mehnat resurslariga bo‘lgan talabning shakllanishi
Har qanday boshqa bozorda bo‘lgani kabi erkin raqobatga asoslangan mehnat bozorida ham talab va taklif qonuni amal qiladi, uning yordamida muvozanat o‘rnatiladi hamda raqobat muhitida mehnat xizmati bahosi aniqlanadi. Mehnat xizmati bahosi sifatida ish haqi namoyon bo‘ladi. U eng yuksak foyda nazariyasiga muvofiq mazkur xizmatning ish beruvchi uchun foyda keltirishiga bog‘liqdir. Talab va taklif qonuni bo‘sh ish joylari mehnat bozoriga kelgan xodimlar tarkibining miqdor va sifat ko‘rsatkichlariga nomuvofiqligini aks ettiradi. Ushbu qonunga muvofiq, mehnat bozori bozor tomonidan tartibga solinadi, ya’ni muvozanat holati o‘rnatiladi.
Mehnat bozorining quyidagi prinsipial xususiyatlari ajratib ko‘rsa tiladi:
– zamonaviy yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarish talablariga javob beradigan ish kuchini takror hosil qilishda muhim rol o‘ynaydi;
– mehnat resurslarini taqsimlash va qayta taqsimlashni ta’minlaydi, ulardan samarali foydalanishni rag‘batlantiradi;
– xodimlarni o‘z kasbiy tayyorgarligini oshirish, qo‘shimcha kasblarni egallashdan manfaatdorligini oshiradi;
– ish kuchi harakatchanligini oshiradi, uning tarmoqlar va hududlararo, shu jumladan, chet ellarga migratsiyasini kuchaytirish orqali ish bilan bandlik darajasini oshirishga xizmat qiladi;
– mehnatga haq to‘lashda bozor mexanizmlari amal qilishini ta’minlaydi, bu esa xodimlarning mehnat motivatsiyasini kuchaytiradi;
– aholining qaror topayotgan bozor munosabatlariga moslashishini tezlashtiradi.
Mamlakatda bozor islohotlarini chuqurlashtirish sharoitida ish kuchi mehnat bozori rivojlanishining hozirgi bosqichidagi vazifasi talab va taklif muvozanatiga erishishdir. Bu birgina miqdor ko‘rsatkichlarini emas, balki sifat ko‘rsatkichlarini ham muvofiqlashtirishni talab etadi.
Mehnat bozorida muvozanatni bozor omillari ta’siri ostida o‘rnatish jarayoni mehnat bozorini tartibga solishning bozor mexanizmi (yoki bozorni
o‘z-o‘zini tartibga solish), deb hisoblanadi. Uning asosiy vositalari – mehnat xizmati bahosi, raqobat, to‘lovga qodir talab va bunga taklifning nisbatidir. Mehnat bozoridagi talab tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun ish beruvchilar tomonidan muayyan vaqt va muayyan ish haqi hisobiga yangi ish joylarini yaratish bo‘yicha munosabatlarni shakllantiradi. Mehnat bozoridagi talab ko‘pgina tashqi omillar: mamlakatdagi iqtisodiy holat, ijtimoiy vaziyat, investitsion muhit, iqtisodiy davriylik bosqichi, mehnat unumdorligi darajasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi va hokazolarga bog‘liqdir. Mehnat xizmatiga talab esa bu xizmat yordamida ishlab chiqariladigan tovarlar va ko‘rsatiladigan xizmatlarga bo‘lgan talab bilan bog‘liq. Iqtisodiyotda mehnatga bo‘lgan talab tarkibini mulkchilik shakllari, iqtisodiyot tarmoqlari, ish o‘rinlari bandligi va band emasligi ko‘rinishida ifoda etish mumkin (4.1-rasm).
Mehnat resurslariga talab – mehnat bozorining mexanizmi sifatida umumiy tarzda aniq bir korxona, tashkilot va muassasaning xodimlar muayyan miqdoriga talabini anglatadi. Bunda mehnatga bo‘lgan talab:
– joriy mehnat bozorining unsuri sifatida ko‘rilganida, aniq bir vaqt (oy, yilning choragi, yil)da jismoniy shaxslarga bo‘lgan ehtiyojni;
– jamlanma mehnat bozorining unsuri sifatida ko‘rilganida, ularning o‘rtacha yillik miqdorini anglatadi.
Zamonaviy iqtisodiyot aralash turga ega iqtisodiyot hisoblanadi. Unda xususiy (bozor) sektordan tashqari davlat sektori ham mavjud. Xususiy sektorda mehnatga talab alohida bir korxonaning hamda bir tarmoqdagi korxonalarning mehnat resurslariga talabini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |