Tarixiy so’zlar – o’tmishda ma’lum tushunchalarni ifodalagan, ammo keyinchalik, shu tushunchalarning o’zi yo’qolib ketishi bilan ularning ifodasi sifatida iste’moldan chiqib ketgan so’zlar. Masalan, yorg’uchoq, faytun, qozi, qalandar, yasovul, charx, kabi so’zlar tarixiy so’zlar. Hozirgi adabiy tilimizda ham, jonli so’zlashuv nutqida ham bu xil so’zlar (bunday so’zlarning sinonimi ham bo’lmaydi) qo’llanilmaydi. Tarixiy so’zlar yo’q bo’lib ketgan narsa yoki tushunchalar haqida gap borgandagina foydalaniladi. Badiiy asarda tarixiy so’zlar yozuvchining g’oyaviy-badiiy maqsadini amalga oshirishga yordam beradi. Masalan, Abdulla Qahhor «O’g’ri» hikoyasida ellikboshi, amin, pristav kabi amaldorlik nomlarini qo’llamaganida edi, o’sha davr ruhini bu qadar yorqin ifodalay olmas edi. Odil Yoqubov «Ulug’bek xazinasi» romanida podsho, sulton, arkoni davlat, pir, qalandar, bek, shahzoda kabi tarixiy so’z va iboralarni mahorat bilan qo’llash orqali ham XV asr ruhini ifodalashga muvaffaq bo’lgan. Shu o’rinda roman bosh qahramoni Mirzo Ulug’bekning bir ichki monologini eslaylik: «yo tavba! Bu toju taxtda ne sehr, ne sir-asror bor ekankim, unga o’ltirgan har bir kimsa darhol o’zgaradi? Odamiylikni, umri bebaho bir faqir-haqir ekanini darhol unutadi? Bu toju-taxt, bu saltanat hech kimsaga vafo qilmasligini yodidan chiqaradi? Nainki shahzoda, bu taxt hattokim amirul muslimun atalmish Amir Temurga ham vafo qilmaganini tushunmaydi? Ana, go’yo bobosi Amir Temurday gerdayib o’ltiribdi! Bilmaydikim... yo’q, to’xta, Muhammad Tarag’ay! Nechun sen shahzodadan ran-jiysen? Bu vafosiz toju-taxt, insonlar ustidan hokimlik qilmoq lazzati o’zingni ham aqli xushingdan ayirmagan edimu? Shahzoda yaxshi bo’lsun, yomon bo’lsun – o’z farzanding, o’z pushti kamaringdan bo’lgan zurriyoting emasmi?.. Ot tepkisini ot ko’taradur. Uni qarg’ab yomonlik tilagandan yaxshi so’zingni so’zlab, nasihatingni qilganing maqbul emasmu, ey osiy banda?»
Ichki monologdagi ostiga chizilgan so’zlar va grammatik shakllarning mag’zini chaqib ko’rsangiz – ko’z oldingizga jonli Ulug’bek shaxsi va uning fojiasi keladi. Bu – XV asr sadosi!
Arxaizm (yunon. agspayuz – qadimgi so’z) – aktiv so’zlar qatorida sinonimi mavjud bo’lgan eski so’zlar. Bu o’rinda so’zning shakli eskirgan, ammo ma’nosi saqlangan – boshqa so’zga ko’chgan bo’ladi. Masalan, oraz – yuz, dudoq – lab, muhr – pechat, ulus – xalq, aqcha – pul, sho’ro – sovet, firqa – partiya, jumhuriyat – hokimiyat, majmua – to’plam kabi so’zlarda so’zning birinchi shakli eskirgan, ammo uning ikkinchi shakli hozirgi adabiy tilimizda aktiv adabiy so’zlar qatorida qo’llaniladi. Shunday so’zlarning birinchi shakllari arxaik so’zlardir.
Badiiy asarlar tilida arxaik so’zlar va iboralar ayrim vaqtlardagina konkret g’oyaviy-badiiy maqsad bilan qo’llaniladi. Chunonchi, tarixiy yoki tarixiy-inqilobiy mavzulardagi asarlarda tasvirlanayotgan voqea ro’y bergan joy va tarixiy sharoitlarga mos ifodalar ishlatish zarur bo’lganda, personajlar tilini tipiklashtirish jarayonida va boshqa uslubiy maqsadlarda arxaik so’z va iboralar qo’llaniladi.
Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy, Oybek, Sobir Abdulla kabi so’z ustalari arxaizmlardan mahorat bilan foydalanganlar. Misol: S. Abdulla «Yangi yid alyori» she’rida shunday deydi:
To dunyo bor shunday yaxshi zamon bo’lsin,
Do’stlarimiz har doim omon bo’lsin.
Sobir aytar, dushman so’lsin, somon bo’lsin,
Unga la’nat, do’stga qutlug’ ash’or ayting.
Yoki «Navoiy» romanida:
Hikmat va g’ayratni aslo qo’ldan bormang, – dedi
Navoiy suyunib, – el-ulus sizdek zotlarga g’oyat muhtojdir.
Bu misollarimizdagi «ash’or» (she’r), «el-ulus» (xalq) so’zlari arxaizmlardir. Shuningdek, M. Shayxzodaning «Mirzo Ulug’bek», O. Yoqubovning «Ulug’bek xazinasi», Mirmuhsinning «Me’mor» kabi asarlarida ham arxaizmlar mahorat bilan ishlatilgan. Shoir A.Oripov «Ayon bo’lgay» g’azalida yozadi:
Agar yoring xirom etsa,
Do'stlaringiz bilan baham: |