7. Omonim (yunon. homos – bir xil va onymu nom) – talaffuzi va yozilishi (shakli) bir xil, ammo ma’nolari har xil bo’lgan so’zlar va iboralar. Masalan, ot (hayvon), ot (buyruq fe’li); chaqmoq (tabiat hodisasi), chaqmoq (chaqimchilik qilmoq), chaqmoq (danakni chaqmoq); tush (tush ko’rmoq), tush (buyruq fe’li) kabi so’zlarning talaffuzi ham, yozilishi ham bir xil bo’lsada, ular matnda rang-barang ma’nolarni ifodalaydi. Bular – omonimlardir. Bir misol:
Qo’lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot,
Yaxshilik qil, bolam, yomonlikni ot.
Nasihatim yod qilib ol, farzandim,
Yolg’iz yursa chang chiqarmas yaxshi ot.
(Fozil Yo’ldosh o’g’li)
Omonimlar, odatda, ikki xil bo’ladi: leksik omonimlar va frazeologik omonimlar. Agar omonimlar yozilishi tatalaffuzi bir xil bo’lib, rang-barang ma’nolarni ifodalaydigan so’zlardan tarkib topgan bo’lsa – bular leksik omonimlar deb yuritiladi. Chunonchi, o’t (o’simlik), o’t (olov), o’t (inson organizmidagi bir hujayra) kabi. Talaffuzi va yozilishi bir xil bo’lib, turli-tuman ma’nolarni anglatuvchi iboralardan tarkib topgan omonimlar frazeologik omonimlar deb yuritiladi. Masalan, boshga ko’tarmoq (g’oyatda hurmat qilmoq), boshga ko’tarmoq (shovqin-suron ko’tarmoq), boshga ko’tarmoq (yukni boshiga ko’tarmoq) kabi1.
Badiiy asar tilida omonimlarning rang-barang ko’rinishlari qo’llanilaveradi. Omonimlar polisemantizm (ko’p ma’noli so’zlar)ga o’xshab ketadi: ularning har ikkalasi ham so’zlarga ma’no ottenkalari bag’ishlaydi. Ammo, ular aynan bir narsa emas: omonim so’zlar ifodalagan ma’nolari o’rtasida ichki bog’lanishlar bo’lmaydi, poliseman-tizmlarda esa ma’nolar o’rtasida, albatta, ichki bog’lanish mavjud bo’ladi – biri ikkinchisidan kelib chiqadi. Masalan, yosh (odamning yoshi), yosh (ko’z yoshi) omonim so’zlarning ma’nolari: biri (ko’z yoshi) ikkinchisi (odamning yoshi)dan kelib chiqmaydi – ular mustaqil ma’no tashiy-dilar, ammo bosh (odamning boshi), bosh (ish boshi), bosh (daryoning boshi) kabi polisemantizmlarda ifodalangan ma’nolar o’rtasida ichki bog’lanish mavjud – ularning zaminida bitta bosh so’z turib, u ikki xil ma’no, ya’ni asl ma’no (odamning boshi) va ko’chma ma’no (ish boshi, daryoning boshi) ifodalagan. Boshqacha qilib aytganda, bosh so’zining ko’chma ma’nosi uning asl ma’nosidan kelib chiqqan. Shunga ko’ra, yosh so’zi – omonim, bosh so’zi – polisemantizmdir. Yozuvchilar o’z asarlari tilida omonimlardan qanday foydalanishsa, polisemantizmlardan ham shunday foydalanadilar. Polisemantizm va omonim so’zlar adabiy asar tiliga emotsional bo’yoqdorlik, serjilolik va tasviriylik baxsh etadi.
Omonimlar, xususan, so’z o’yinlarida, tuyuq va tajnislarda, xalq qiziqchiligi va askiyalarida keng qo’llaniladi.
Ba’zan she’r qofiyalarida ham omonim so’zlar ishlatiladi. Bunday qofiyalar, odatda, omonimik qofiyalar deb yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |