8. Sinonim (yunon. Syunonymos – bir xil) – talaffuzi va yozilishi boshqa-boshqa, lekin birlashtiruvchi umumiy ma’nolari bir xil bo’lgan, qo’shimcha ma’no ottenkalari, emotsional bo’yog’i va stilistik jihatdan bir-biridan farqlanuvchi so’zlar yoxud iboralar. Masalan, ko’p, ancha, talay, sonsiz, sanoksiz, behisob, mo’l, serob, beadad, bisyor so’zlarining sinonimik lug’atdagi talqinini eslaylik: «Ko’p so’zi keng tushunchaga ega. U predmetga xos miqdorning kattaligini ifodalash uchun ham, harakatning son jihatdan kattaligini ifodalash uchun ham qo’llaniladi. Ancha, talay, mo’l, serob so’zlari narsaning son va miqdori jihatidan ko’pligi ma’nosida qo’llanadi. Ancha so’zi anglatgan miqdor ko’p so’zi anglatgan miqdorga nisbatan kamroq bo’ladi. Sonsiz, sanoqsiz faqat narsaga nisbatan qo’llanadi va belgini juda kuchli darajada ifodalaydi. Mo’l, serob so’zlari narsa miqdorining ko’pligi ma’nosida qo’llanadi, vaqtga nisbatan qo’llanmaydi. Mo’l, serob so’zlarida «to’kin»lik ottenkasi bor. Adadsiz eskirgan, kitobiy»2. Demak, bu so’zlarning birlashtiruvchi umumiy ma’nosi bitta – ko’pdir, ammo ularning har birida o’ziga xos ma’no ottenkalari, emotsional bo’yog’i, uslubiy xususiyatlar bor, bu so’zlar talaffuz va yozilish jihatidan ham bir-biridan farqlanadi. Mana shunday so’zlar sinonimlar deb yuritiladi.
Birlashtiruvchi umumiy ma’noni ifodalovchi, rango-rang ma’no ottenkalarini tashuvchi, talaffuzi va yozilishi har xil bo’lgan ikki yoki undan ortiq so’zlarning ketma-ket kelishi sinonimik qator deb ataladi. Sinonimik qatorda nisbatan betaraf (neytral) leksik ma’no tashuvchi so’z yoxud adabiy tilda ko’proq qo’llaniladigan so’z dominanta (bosh so’z) deyiladi. Masalan, chiroyli, go’zal, husndor, xushro’y, ko’hlik, ko’rkam, barno, suluv, zebo, latofatli, sohibjamol so’zlari sinonimik qatorni tashkil etadi va undagi chiroyli so’zi (uslubiy jihatdan neytral) dominanta yoki bosh so’zdir. Sinonimik qatordagi so’zlar nutqning biror uslubiga xoslikni ham ko’rsatadi. Chunonchi, sovg’a, hadya, tortik, armug’on, tuhfa sinonimik qatoridagi tuhfa va armug’on so’zlari kitobiy uslubga xos; o’pich, bo’sa, muchchi sinonimik qatoridagi bo’sa poetik uslubga va muchchi folklor uslubiga xosdir3.
Sinonimik qatorlar faqat so’zlardangina emas, balki so’z bilan ibora yoxud faqat iboralarning o’zidan ham tuzilishi mumkin. Agar sinonimik qator faqat so’zlardan tarkib topgan bo’lsa (sodiq, sadoqatli, vafodor, fidokor kabi) leksik sinonimlar, so’z bilan iboradan tuzilgan bo’lsa (qaramoq, nigoh tashlamoq kabi) leksik-frazeologik sinonimlar va faqat iboralardan tashkil topgan bo’lsa (tarvuzi qo’ltig’idan tushdi, umidi puchgachiqdi, hafsalasi pir bo’ldi kabi) frazeologik sinonimlar deb yuritiladi4.
Tilimiz sinonimlarga juda boy. Alisher Navoiyning «Muhokamatul-lug’atayn» asarida qadimgi o’zbek tilidagi sinonim so’zlar keng va chuqur tekshirilgan. Shu asosda ham turkiy til (qadimgi o’zbek tili)ning boyligi isbot-langan. Shuningdek, tilshunos olim Azim Hojiyevning «O’zbek tili sinonimlarining izohli lug’ati» kitobida hozirgi o’zbek adabiy tilida keng qo’llanilayotgan leksik sinonimlar qamrab olingan va ular mufassal sharhlan-ganki, bu asarlarni, albatta, puxta o’rganib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Sinonim so’zlar adabiy asar tilida obrazlilik, emotsionallik, tasvirda aniqlik va jozibadorlikni ta’minlovchi asosiy vositalardan biridir. Yozuvchi xalq tilidagi sinonimlarni, ularning ma’no ottenkalarini, emotsional bo’yoqlarini qanchalik chuqur bilsa va ulardan san’atkorona foydalana olsa, uning asarlari tili shu qadar shirali, jozibador va ta’sirchan bo’ladi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Hamza, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olim-jon va boshqa ijodkorlarning asarlari ana shundan guvohlik beradi. Bir misol:
Erur bas chu husnu malohat senga,
Yasanmoq, bezanmoq ne hojat senga.
(Alisher Navoiy)
Do'stlaringiz bilan baham: |