Ilmiy dalil ishonchli kuzatish, eksperiment mahsuli. Ilmiy dalil ishonchli kuzatish, eksperiment mahsulidir: u obyektlarni bevosita kuzatish, asbob ko’rsatkichi, fotosurat, o’tkazilgan sinovlarning bayonnomalari, sxemalar, qaydlar, shohidlarning guvohliklari bilan tasdiqlangan arxiv hujjatlari va hokazolar ko’rinishida amal qiladi. Biroq, qurilish materiallari hali bino bo’lmaganidek, dalillar ham o’z holicha fanni tashkil etmaydi. Moddiy olam oddiy bilim osti bo’lgan cheksiz, rang-barang narsa va hodisalarning yig’indisidan iboratdek bo’lib ko’rinadi. Ammo oddiy kuzatish asosida hodisalarning mohiyatini bilish mumkin emas. Agar bilish oddiy kuzatishdangina iborat bo’lsa, u vaqtda biz hodisalarning qonun va qonuniyatlarini aslo bila olmas edik. Shu sababli ham dalilning asosiy vazifasi moddiy olamni bilishda ishtirok etib, u to’g’risida inkor etib bo’lmaydigan fikrlar tasdig’ini berishdir. Olam va uning qonuniyatlarini bilish osonlikcha kechmaydi. U haqiqiy ilmiy dalilni, ijodni talab etadi. Olamni bilish g’oyat murakkab jarayondir. Dalillar saralab olingani, tasniflangani, umumlashtirilgani va tushuntirilganidan keyingina fandan o’rin oladi. Ilmiy bilishning vazifasi mazkur dalilning yuzaga kelish sababi, uning muhim xossalarini, dalillar o’rtasidagi qonuniy bog’lanishni aniqlashdan iborat. Yangi dalillarning aniqlanishi ilmiy bilish taraqqiyoti uchun juda muhim ahamiyatga ega. Empirik bilishda bosh vazifa ilmiy dalillarni olishdir. Shu maqsadda fan empirik tadqiqotning rang-barang metodlari: geologik namunalar yig’ish, arxeologik qazish ishlari olib borish, tarixiy hujjatlarni o’rganish, sosiologik so’rovlar, anketa so’rovi va hokazolardan foydalanadi. Asosiy empirik metodlar kuzatish va eksperiment hisoblanadi. Ilmiy kuzatish – bu hodisalarni izchil o’rganish uchun maxsus tashkil etilgan tadqiqotdir. Ilmiy kuzatishlarni o’tkazish tegishli tayyorgarlikni (kuzatilishi lozim bo’lgan hodisalar haqida boshlang’ich axborot yig’ish, asboblar va boshqa apparaturani tanlash va jamlash, kuzatishlar joyiga ekspedisiya tashkil etish va hokazolarni) talab etadi. Masalan, Galiley Quyoshni kuzatish uchun teleskop yaratdi va Quyosh dog’larini kuzata bordi,oyning tepa qismini, Yupiter sayyorasini kuzatdi, bu koinot to’g’risida yangi dalillar to’plashga katta yordam berdi. Ilmiy kuzatishga qo’yiladigan bosh talab- olinadigan ma’lumotlarning obyektivligi va aniqligidir. XX asrning 20-30-yillarida hozirgi zamon empirizmining tayanchi hisoblangan Vena to’garagining rahbari Moris Shlik (1882-1936 y.y.) shunday degan edi: «Har qanday holatda, men dunyoning qanday manzarasini chizayotganimdan qat’i nazar, uning haqiqiyligini men doim o’z tajribamda sinab ko’raman. Men o’zimdan bu tayanchni tortib olishni hyech kimga va hyech qachon yo’l qo’ymayman: mening o’z gaplarim, kuzatishlarim doim oxirgi mezon bo’ladi. Va men: «Nimani ko’rayotgan bo’lsa, shuni ko’ryapman!», deb xitob qilaman».
Kuzatuvchining aralashuvi o’rganilayotgan hodisalar manzarasiga putur yetkazmasligi kuzatishning muhim shartidir. Ammo, bir tomondan, o’rganilayotgan obyektga tadqiqotchining ta’siri, boshqa tomondan esa – mazkur ta’sir natijasida obyektda yuz bergan o’zgarishlar qayd etilsa,bundayaralashuvbilishningsamaralivositasigaaylanishihammumkin.Bundayvaziyatda amalga oshirilayotgan kuzatish empirik bilishning boshqa, murakkabroq metodi – eksperimentning tarkibiy elementigaaylanadi.
Eksperiment – bu o’rganilayotgan obyekt haqida axborot olish maqsadida unga izchil ta’sir ko’rsatishdir. Eksperimentda bilish faoliyati amaliy faoliyat bilan birikadi. Unda faoliyatning bir qancha moddiy vositalari: o’rganilayotgan hodisalarni yuzaga keltiruvchi va ularning o’zgarishini belgilovchi qurilmalar; ajratuvchi moslamalar; qayd etish, o’lchash uchun mo’ljallangan apparatura va hokazolardan foydalaniladi. Eksperiment o’tkazuvchi tomonidan qo’yilgan maqsadga qarab o’lchash, tekshirish (biron-bir gipotezani tasdiqlash yoki rad etish uchun), izlanuv (yangi hodisalarni aniqlashga qaratilgan), nazorat (apparatura ishini yoki boshqa eksperimentlarning natijalarini nazorat qilish uchun mo’ljallangan) eksperimentlari farqlanadi. Kuzatishlar va eksperimentlar, shuningdek boshqa empirik metodlarni qo’llash natijasida ilmiy dalillar aniqlanishi lozim. Ammo biron-bir bitta kuzatish yoki eksperimentda olingan ma’lumotlar o’z-o’zicha hali fan faktlari hisoblanmaydi.
Tadqiqotchining beparvoligi yoki asboblarning nosozligi tufayli yo’l qo’yilishi mumkin bo’lgan xatolar va tasodiflarning ta’sirini mumkin qadar kamaytirish uchun kuzatishlar va eksperimentlar ko’p karra takrorlanadi va ularning natijalari matematik (statistik) ishlovdan o’tkaziladi. Shundan keyingina ular ishonchli ilmiy faktlarga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |