4. XX asr boshlarida alifbo-imlo masalalarining kun tartibiga qo‘yilishi
O‘zbek yozuvining XX asr tarixi boy tarixiy jarayonlarga ega ekani bilan xarakterlanadi. Bu davrda o‘zbek yozuvi bir necha marta isloh qilingan va bir yozuv tizimidan boshqa yozuvga ko‘chirildi. Tilshunos olim H.A.Jamolxonovning qayd etishicha, o‘zbek yozuvining XX asr tarixi 4 davrni o‘z ichiga oladi:
1-davr – arab grafikasiga asoslangan yillar (1900-1929);
2-davr – lotin grafikasiga asoslangan yillar (1929-1940);
3-davr – rus grafikasiga asoslangan yillar (1940-1995).
4-davr - ikki yozuvlilikka (rus va lotin grafikalaridagi yozuvlarga) asoslangan yillar (1995-2005).3
H.Jamolxonovning ma’lumot berishicha, 1-davrning (1900-1918) 1917-yilgacha bo‘lgan bosqichida yozuvni isloh qilishga doir jiddiy harakatlar kuzatilmaydi. Bu bosqichda asosiy e’tibor savod chiqarish, o‘qitish ishlarini yo‘lga qo‘yish vazifasiga qaratilgan. Bu maqsadda bir qator alifbo kitoblari yaratildi. Jumladan, 1902-yilda Saidrasul Saidazizovning "Ustodi avval", 1911- yilda A.Avloniyning "Birinchi muallim", 1912-yilda "Ikkinchi muallim" kitoblari, 1913-yilda M. Faxriddinovning "Turkcha qoida", 1916-yilda Abdullaxo‘ja Saidmuhammadxo‘jayevning "Rahbari soni" kitobi, shu yili Ashurali Zohiriyning "Imlo" kitoblari yaratildi.
Bu davrda yaratilgan o‘quv kitoblarida yozuvni soddalashtirish, alifbo va imloni o‘zbek tili xususiyatlariga moslashtirish zarurati borligi seziladi.
Ma’lumki, XX asr boshlarida jadidchilik harakatining kuchayishi, ta’lim-tarbiyaning tezkor va ta’sirchan usullariga qiziqishning ortishi xalqimiz o‘rtasida ming yillardan buyon qo‘llanib kelayotgan, lekin ta’lim tizimida tez savod chiqarishga monelik qilib kelgan arab grafikasi asosidagi yozuvni o‘zbek tili fonetik tizimiga moslashtirish, so‘zlarni qanday qilib to‘g‘ri va bir xil yozishga erishish masalasini hal qilishni ko‘ndalang qilib qo‘ydi. Davrning ilg‘or ziyolilari xalqning savodxonlik darajasini oshirish uchun, eng avvalo, yozuv masalasini hal etish lozimligini anglab yetdilar. Shuning uchun ham 20-yillardan boshlab alifbo va imlo masalasini hal etish umummillat manfaatiga aylandi.
Yozuv tariximizning 1919-yildan keyingi davrlari alifbo va imloni milliylashtirish, soddalashtirish, keyinroq ularni butunlay boshqa grafik tizimga kuchirish harakatlarining yuzaga kelganligi bilan xarakterlanadi. Xususan, 1919-yilda Toshkentda Fitrat rahbarligida til-imlo va adabiyot masalalari bilan shug‘ullanuvchi "Chig‘atoy gurungi" jamiyati tashkil topdi. Shu yilning o‘zida Turkiston Muxtor Jumhuriyati Maorif xalq komissarligida "Turk shо‘basi" tashkil etiladi. Bu shu’ba o‘zbek maktablariga ta’lim dasturlari va darsliklarini yaratish bo‘yicha ish olib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |