1928-yilning yanvarida Toshkentda Butunittifoq yangi alifbo Markaziy Qo‘mitasining ikkinchi plenumi bo‘lib o‘tadi. Plenumda yangi (lotinlashtirilgan) alifboga o‘tish yo‘lida uchrayotgan to‘siqlarni engib, alifbo islohotini tezlashtirish kerakligi ta’kidlanadi. Butunittifoq yangi alifbo Markaziy qo‘mitasining ikkinchi plenumidan so‘ng yangi o‘zbek (lotin) alifbosi Markaziy Qo‘mitasi ham o‘zining ikkinchi plenumini o‘tkazadi, bu plemumda yangi o‘zbek alifbosini amalga kiritishning besh yillik rejasi tasdiqlanadi.
1928-yilning 7-martida О‘zbekiston Respublikasi 2-chaqiriq Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Oliy Kengashining 3-sessiyasi yangi o‘zbek alifbosi Markaziy Qo‘mitasining hisobotini va 5 yillik rejasi haqidagi axborotini tinglaydi hamda bu ishni amalga oshirishning yangi tadbirlarini ishlab chiqish lozimligini ta’kidlaydi.
Sessiya majlisining bayonnomasi 6-moddasida qayd etilishicha, О‘zbekiston Markaziy Ijroiya qo‘mitasi yangi o‘zbek alifbosini Davlat alifbosi deb tan oladi va uni matbuotda e’lon qilishni Markaziy Ijroiya Qo‘mita Prezidiumiga topshiradi.
1928-yilning 11-avgustida О‘zbekiston Respublikasining Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi shu yilning 7-martida bo‘lib o‘tgan sessiya topshirig‘ini amalga oshirish maqsadida 123-sonli maxsus qaror qabul qiladi. Qarorga binoan yangi (lotinlashtirilgan) o‘zbek alifbosi Davlat alifbosideb e’lon qilinadi hamda bu alifboga bosqichma-bosqich o‘tish tartibining yangi alifbo Markaziy qo‘mitasi rejasiga muvofiq amalga oshiri-lishi lozimligi ko‘rsatiladi (1-ilovaga qarang). Bu qarorda yangi alifboga to‘la o‘tishni 1932-yilning oxirigacha yakunlash nazarda tutiladi.
1928-yilning 1-dekabrida О‘zbekiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi 123-sonli qaroriga o‘zgartirish kiritadi, bu qarorda yangi (lotinlashtirilgan) alifboga o‘tish muddatini ikki yilga qisqartirish, uni 1930-yilning 1-yanvarigacha tugallash belgilab beriladi.
Xullas, qayd etilgan sanalardan ma’lum bo‘ladiki, o‘zbek yozuvining 1-davri til-imlo masalalari tafsilotlariga boy, o‘zbek ziyolilarining imloni takomillashtirish uchun kurashgan davri ekani bilan ko‘zga tashlanadi.
Tilshunos olim H.Jamolxonov o‘zbek yozuvining 2-davrini1929-1940-yillar bilan belgilaydi.7 Bu davr lotincha-o‘zbekcha yozuvga to‘la o‘tish bilan boshlanadi va qariyb o‘n yil davom etdi.