Ichki organlarining tuzilishi. Dengiz yulduzlarining ovqat hazm qilish sistemasi 3 qismdan iborat. Oral tomonida yumshoq halqasimon lab bilan o’ralgan og’iz teshigi, qisqa halqum va undan xaltasimon oshqozon keladi. Oshqozon diskning ichki qismini to’la egallaydi. Oshqozon kalta va tor ichakka o’tadi. Orqa ichak aboral qutbning markazida teshik bilan tashqariga ochiladi. Oshqozondan har bir qo’lga bir juftdan uzun naylar ketadi. Naylarning yon tomonida hazm shirasi ishlab chiqaruvchi xaltacha ko’rinishidagi jigar bo’ladi.
Nafas olish organlaritana sirtidagi teri jabralaridan iborat. Suvda erigan O2 jabralar orqali selomdagi suyuqlikka o’tadi. Suyuqlikda amyobasimon hujayralar bo’ladi. Nafas olish jarayonida ambulakral sistemasi ham qisman ishtirok etadi. Perigemal sistema ham bo’lib, hayvon hayotida ma’lum vazifani bajaradi, ya’ni bu sistema naylardan iborat bo’lib, selomdan hosil bo’ladi. U og’izoldi halqa nayi va undan nurlar bo’ylab ketgan radial naylardan iborat. Ushbu sistema ham selom suyuqligi bilan to’lgan va naylar nerv sistemasini o’rab turadi. Shunga binoan perigemal sistema nerv sistemasini oziqa moddalari bilan ta’minlash va himoya qilish vazifasini o’taydi.
Ajratish organlarishakllanmagan. Selom suyuqligi tarkibidagi amyobasimon hujayralar ajratish vazifasini bajaradi. Buning uchun amyobasimon hujayralar keraksiz suyuqlikni o’ziga olib tana bo’shlig’i devorining eng yupqa joyidan, teri jabralari orqali tashqariga chiqib ketadi.
Qon aylanish sistemasi ikkita halqa tomirlari va ulardan nurlar bo’ylab ketuvchi radial qon tomirlaridan iborat. Halqa tomirlarining biri og’iz oldida, ikkinchisi anal teshigi yaqinida joylashgan. Halqa tomirlar qon ishlab chiqaruvchi o’q organi bilan bog’langan. Ignatanli-larning qon tomirlari perigemal sistema naylari ichida joylashgan bo’lib, epiteliysiz lakunlardan iborat. Ichak devori orqali oziq moddalari qon suyuqligiga o’tib turadi. Ignatanlilar, shuningdek dengiz yulduzlarining ham qoni umurtqalilarni limfa suyuqligiga o’xshaydi.
Nerv sistemasi.Dengiz yulduzlarida ektonevral, giponevral va aboral nerv sistemalari bo’ladi. Asosiy ektonevral sistema og’izoldi nerv halqasi va uni qo’llar bo’ylab ketuvchi radial nerv tolalaridan iborat. Bu sistemadan biroz yuqorida giponevral sistema joylashgan bo’lib, u aboral nerv sistemasi bilan birga, ektonevral sistemaga nisbatan ancha kuchsiz rivojlangan. Ektonevral nerv sistemasi asosan sezgi vazifasini bajarsa, giponevral va aboral nerv sistemalari hayvon harakatini boshqaradi.
Sezgi organlari.Ambulakral oyoqlar va qo’llar uchidagi kalta paypaslagichlar tuyg’u vazifasini bajaradi. Shuningdek paypaslagichlar asosidagi bittadan oddiy ko’zlar yorug’likni sezadi.