Pelmatozoylar kenja tipi – Pelmatozoa Ushbu kenja tip qo’yidagi 5 ta sinfni o’z ichiga oladi, ya’ni
1. Dengiz nilufarlari - Crinoidea 2. Karpoidealar - Carpoidea 3. Edrioasteroidealar - Edrioasteroidea 4. Sharsimonlar - Cystoidea 5. Dengiz g’unchalari - Blastoidea Pelmatozoylar kenja tipining sinflaridan hozirgi vaqtda tirik holda yashovchilari faqat dengiz nilufarlari bo’lib, qolgan 4 sinf vakillari o’lib ketgan va faqat qazilma holda topilmoqda.
Eleuterozoylar kenja tipi – Eleuterozoa Ushbu kenja tip ham o’z navbatida qo’yidagi 5 ta sinfga ajraladi;
1. Dengiz yulduzlari - Asteroidea 2. Ofiuralar yoki Ilondumlilar - Ophiuroidea 3. Dengiz kirpilari - Echinoidea 4. Dengiz ko’zachalari yoki goloturiyalar - Holoturoidea 5. Ofiosistiyalar - Ophiocistia Eleuterozoylar kenja tipining sinflari orasida faqat ofiosisti-yalar qazilma holida ma’lum bo’lib, qolgan 4 sinf vakillari esa dengiz va okeanlarda uchraydi.
Pelmatozoylar (Pelmatozoa)kenja tipiga kiruvchi ignatanlilar suv tubiga poyachasi yoki aboral tomoni bilan yopishib hayot kechiruvchi hayvonlardir. Ayrim turlari voyaga yetgan davrida erkin suzib yashaydi.
Dengiz nilufarlari sinfi - Crinoidea Dengiz nilufarlari sinfiga kiruvchi ignatanlilar palmatozoylar-ning boshqa sinflari orasida hozirgi kungacha tirik saqlanib kelgan guruhidir.Aslida dengiz nilufarlari hozirgi zamon ignatanlilari orasida eng qadimiysi hisoblanib, ularning o’lib ketgan turlari o’troq holda yashovchi hayvonlar bo’lgan. Hozirgi mavjud turlari esa 700 ga yaqin.
Dengiz nilufarlarining tanasi kosachaga o’xshaydi. Kosachadan beshta qo’li boshlanadi va ular kosacha yonida shoxlanganligi tufayli soni 10 ta bo’lib ko’rinadi. Ayrim turlarining qo’li ketma-ket bir necha marta dixotomik shoxlangan bo’ladi.
Poyacha bir necha qator bo’lib joylashgan va muskullar yordamida o’zaro harakatchan qo’shilgan ohak bo’g’imlardan iborat. Ayrim bo’g’imlarida harakatchan mo’ylovlari ham bo’ladi. Bu mo’ylovlar bo’g’imlidir. Pastki mo’ylovlari suv tubiga yopishish vazifasini bajaradi. Dengiz nilufarlarining keng tarqalgan turlaridan biri Heliometra glacialis.Ushbu tur O’rta Yer dengizida, Tinch va Atlantika okeanlarida uchraydi. Eleuterozoylar (Eleuterozoa) kenja tipiga kiruvchi ignatanlilarning gavda shakli yulduzsimon, sharsimon yoki ilonga o’xshash bo’ladi. Skeleti sovutga o’xshash yoki ma’lum darajada reduksiyaga uchragan. Og’iz va anal teshiklari tanasining qarama-qarshi qutblarida joylashgan. Ambulakral sistemasi yordamida harakatlanadi.