Bog'liq Mavzu Ikkilamchi og‘izlilar (Deuterostomata). Ignaterililar (Ec
Dengiz yulduzlari sinfi - Asteroidea Dengiz yulduzlari dengizning harxil chuqurligida, ya’ni ayrimlari ming va undan ham chuqur joylarda yashasa, ba’zilari qirg’oqqa yaqin joyda, hatto ba’zan dengiz suvining chekinishi tufayli ma’lum vaqtda (bir necha soatgacha) suvsiz hayot kechirishga ham moslashgan. Shunday bo’lsa ham dengiz yulduzlari suv tarkibidagi tuz miqdorini o’zgarishiga juda ham sezgir bo’ladi va aksariyat hollarda tuz miqdori o’zgarmaydigan, normal (3% atrofida) bo’lgan okean suvida yashashni afzal ko’radi. Dengiz yulduzla-rining o’lchamlari ham turlicha. Ayrim turlarining kattaligi bir qo’lining uchidan boshlab, unga qarama-qarshi bo’lgan qo’lning uchigacha hisoblaganda 70 sm va undan ham katta bo’ladi. Dengiz yulduzlarining ranglari ham turli-tuman. Hozirgi vaqtda ushbu sinfning 1700 dan ko’proq turi ma’lum.
Tuzilishi. Dengiz yulduzlarining tanasi yassi, besh nurli yoki ba’zan 6,9,11,13 va undan ham ko’proq nurlarga (qo’llarga) ega bo’ladi. Tanasi yulduzsimon va markaziy diskga ega. Tananing ostki tomonida diskning markazidan boshlanadigan ikki xil chiziqlarni farq qilish mumkin. Markazdan nurlarning chetlariga qarab taraladigan chiziqlar radiuslar, ularning oralig’ida joylashgan markaziy diskning chetiga kelib taqaladigan kalta chiziqlar interradiuslar deyiladi.
Dengiz yulduzlarining tanasi simmetriya o’qi yo’nalishi bo’yicha yassi-lashgan bo’ladi. Ana shu yassi gavdaning bir tomonida ya’ni aral qutb (ostki tomonida) da markaziy disk o’rtasida og’iz teshigi joylashgan, uning qarama-qarshi tomoni (ust tomon) aboral qutb deyiladi va unda chiqaruv teshigi joylashgan. Shunday qilib hayvon ostki og’iz tomoni bilan suv tubida harakatlanadi.
Dengiz yulduzlarining tanasini ostki tomonida har bir nur bo’ylab ambulakral egatcha o’tadi. Bu egatcha tubida o’siqlar ko’rinishidagi ambulakral oyoqchalar joylashgan. Hayvon ana shu oyoqlar yordamida harakat qiladi.
Dengiz yulduzlarining tana devori bir qavat kiprikli epiteliy, uning ostida joylashgan biriktiruvchi to’qima va tana bo’shlig’ini chegaralab turuvchi peritoneal epiteliy bo’ladi. Selomda barcha ichki organ-lar joylashgan bo’ladi.
Markaziy diskning aboral tomonidagi interradiuslardan birining ustida mayda teshikchalarga ega bo’lgan madreopor plastinkasi joylashgan. Aboral tomon sirtida mayda ohak ignalar bor. Ayrim turlarida bunday ignalarning ikkitasi birlashib, qaychiga o’xshash organchalarni - pedisellya-riyalarni hosil qiladi.
Dengiz yulduzining ambulakral sistemasining tuzilishi. Ambulakral sistema harakatlanish uchun xizmat qiladi. Bu sistemani tashkil qiluvchi naylar suv bilan to’lg’azilgan bo’ladi. Ambulakral sistema aboral tomonda joylashgan madreopor plastinkasidan boshlanadi. Bu plastinkadagi teshikchalar oral qutb tomon ketadigan tosh nayi bilan bog’langan. Ushbu nay oral tomonda halqumni o’rab oluvchi halqa nay bilan tutashadi. Halqa naydan har bir nurga radial naylar ketadi. Radial naylarning ikki yonida kalta yon naylar ham joylashgan. Har bir yon naycha bir tomondan tana bo’shlig’idagi qisqaruvchi pufakcha - ampula bilan, ikkinchi tomondan ambulakral oyoqcha bilan tutashadi. Oyoqchalar oral tomondagi ambulakral egatchalarda ikki yoki to’rt qator bo’lib joylashgan uchida so’rg’ichlar bo’lgan o’simtalar hisoblanadi. Tananing harakatlanayotgan tomondagi ampulalari va ambulakral oyoqchalarning navbatma-navbat qisqarishi tufayli hayvon harakatlanadi. Bu jarayon qo’yidagicha amalga oshadi, ya’ni ampulalar qisqarganda suv ambulakral oyoqchalarga o’tadi, oyoqchalar cho’zilib, biror narsaga yopishadi. So’ngra oyoqchalar qisqarganda, suv ampulalarga o’tadi. Bir vaqtning o’zida ko’p sondagi oyoqchalarning birdaniga qisqarishi tufayli hayvon tanasi sekin-asta harakatga keladi va tanani oldinga suradi. Tosh nayi devoridagi kiprikchalarning harakati tufayli suv ambulakral sistemasi nayi orqali tana ichkarisiga oqadi. Ko’pgina dengiz yulduzlarining halqa nayida pufakchalarga o’xshash xaltachalarda zahira suv saqlanadi. Dengiz yulduzi sekin harakatlanadi, ya’ni bir minutda 5-8 sm masofani bosib o’tadi.