HUQUQIY DAVLAT MANBALARI endilikda jahonda huquqiy davlatlarning soni etatik davlatlar sonining kamayishi hisobiga o‘sadi, deb e’tirof etish mumkin. Biroq bu taraqqiyotning umumiy yo‘nalishi bo‘lib, uni oddiy tarzda izohlab bo‘lmaydi. Zero, turli mamlakatlardagi ijtimoiy-siyosiy kuchlarning real nisbatidan kelib chiqqan holda bashorat qilinishi qiyin bo‘lgan hamda taraqqiyotning umumiy yo‘nalishiga mos kelmaydigan burilishlar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, alohida davlatlar huquqiy davlat marrasiga yetganidan so‘ng, keyinchalik totalitar va avtoritar tuzumlar sari yuz tutishi ham mumkin. Biroq shunday bo‘lsa-da, umumiy taraqqiyot muqarrardir. Darhaqiqat, huquqiy davlatning nazariy manbalari o‘tmishga borib taqalganini ta’kidlash joiz. Qadimda o‘tgan buyuk allomalar (Aflotun, Arastu) huquqning ulkan ijobiy ahamiyatini hisobga olmagan davlat mustahkam, barqaror va ishonchli bo‘la olmasligi haqida fikr bildirganlar. Huquq davlat hukmdorlarining zo‘ravonligiga qarshi posangi sifatida baholangan, ya’ni qonun hech kimning hukmronligi ostida bo‘lmasligi kerak, zero u barcha organlar, mansabdor shaxslar va fuqarolarning harakatlarini yo‘naltirishga xizmat qiladi. Dastlab tarqoq bo‘lgan, ba’zida esa alohida farazlar sifatida namoyon bo‘lgan g‘oyalar zamirida keyinchalik huquqiy davlatning izchil va yaxlit konsepsiyasi vujudga keldi. Uning asoschilari J. Lokk, I. Kant, V. Gumbold, G. Ellinek, K. Shmidt hisoblanadi. Mazkur allomalarning qarashlarida tafovut bo‘lsa-da, umuman olganda, ular bir narsada haqdirlar, u ham bo‘lsa, davlatning o‘zi huquqiy qonun-qoidalarga amal qilishi va buni ijtimoiy munosabatlarning boshqa ishtirokchilaridan talab qilishi kerakligidan iborat. Huquqiy davlatning nazariy konsepsiyasi qoidalarini qator davlatlar hayot faoliyatining amaliyotiga tatbiq etish konservativ kuchlarning qarshiligiga uchragan va uni yenggan holda davlat va jamoat faoliyatining barcha jabhalarida chuqur o‘zgarishlar bilan nishonlangan. Chunonchi, butun davlat tizimini barpo etish va amal qilish prinsiplari demokratlashtirilgan, shaxs maqomi real mazmun bilan to‘ldirilgan, huquqiy qadriyatlar birlamchi ahamiyatga ega bo‘la boshlagan, mansabdor shaxslarning zo‘ravonligiga barham berilgan, ularning faoliyati asta-sekin tartibga solingan va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Huquqiy davlatlarning paydo bo‘lishi va ko‘payib borishi insonlar jamiyatining siyosiy taraqqiyotida yangi bosqich bo‘ldi. Davlat va huquq nazariyasi va amaliyotining ushbu mislsiz yutug‘i zamonaviy sivilizatsiyaning ulkan muvaffaqiyatga erishganidan dalolat beradi. Huquqiy davlatlarning mavjudligi, hayotning barcha tarmoqlarida erishayotgan kundalik yutuqlari boshqa mamlakatlar uchun mayoq vazifasini o‘taydi hamda ularga adolatli va insonparvar davlat qurish yo‘llarini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |