Insoniyat hech bir zamonda va hech bir dinda islom ayolga ehtirom ko’rsatganichalik e’tiborni ko’rmagan. Islomda ayollar eng yuqori maratabalarga ko’tarilib, hurmat va e’zozdagi zot sifatida ulug’lanadi. Ayol zotiga haqiqiy tenglikni, haqiqiy ehtiromni islom dini ko’rsatib, amalda joriy etgan. Dinimizda odam farzandi, jumladan, ayollar ham, biri boshqasidan afzal ko’rilmaydi. Barchasi birday teng hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh (s.a.v.) dan mana bunday hadis rivoyat qilingan: “Insonlar bir-birlariga xuddi taroq tishlari kabi tengdirlar. Bir kishini boshqa kishidan taqvodan boshqa narsada afzalligi yo'qdir”.
Islom ilk davrlardayoq qizlarning tiriklayin ko’milishiga nuqta qo’ygan. Islomdan oldingi johiliyat davrida arablar oilada qiz farzand tug’ilsa, turli sabablar bilan ularni o’ldirar yoki tiriklayin ko’mar edilar.
Haysam ibn Adiy – Maydoniydan shunday hikoya qiladi: “Barcha arab qabilalari qizlarini tiriklay ko‘mishar edi. Har o‘ntaning bittasi qizini tiriklay ko‘mardi. Islom kelganida bolalarni tiriklay ko‘mish borasida arablarning turli qarashlari bor edi. Ularning ayrimlari o‘z qizlarini qattiq rashk qilganidan va ular sabablik o‘zlariga or yetishidan qo‘rqib tiriklay ko‘mar edilar. Yana ba’zilari esa ulardagi ko‘kko‘zlik, qoratanlilik kabi turli xil illatlarni deb ko‘mib yuborar edilar. Ba’zilari ochlikdan qo‘rqib yoki boqa olmaslik xavfi bilan o‘z bolalarini tiriklay ko‘mar edilar…” So’so’a ibn Nojiya shunday deydi: “Islom kelib uch yuzta tiriklay ko‘mishni bas qildi”.
Rasululloh (s.a.v.) “Kim ikki-uch qiz yoki singilni (g‘amxo‘rlik qilib) tarbiyalasa va ular undan ajralsalar (ya'ni, turmushga chiqib ketsalar) yoki o‘sha kishining o‘zi vafot etsa, men va u jannatda mana shunday bo‘lamiz (deb, o‘rta va ko‘rsatgich barmoqlariga ishora qildilar)” qizlarning ulug‘ maqom sohibalari ekanini, jannatning kaliti ekanligini ta’kidlaganlar. (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Johiliyat davrida nafaqat qiz farzandga, balki, ayollarga ham past nazar bilan qaralar edi. Mavlono Muhammad Alining yozishicha, «Arablar orasida ayolning o‘rni juda past, hatto ularning hayvonlardan farqi yo‘q edi… Bir xotin o‘lgan erining bir hissa ham merosiga egalik qilolmas, ammo o‘zi meros ashyosi bo‘lib qolar edi. Farzand otasi o‘lgach, meros ashyolari orasida o‘z onasiga ham egalik qilar, undan xohlaganicha foydalanar edi”.
«Ot minolmaydigan, qilich ko‘tarolmaydigan, dushman bilan urisha olmaydigan ayollarga qanaqasiga meros beramiz!” der edilar. Ular go‘daklar va bolalarni merosdan man qilgani kabi ayollarni ham merosdan mahrum qilgandilar. Islom shariati esa ayollarning meros huquqini ham to’la-to’kis qilib berdi: “Ota-onalar va qarindoshlar qoldirgan narsada erkaklarga nasiba bor. Ota-onalar va qarindoshlar qoldirgan narsada ayollarga ham nasiba bor. U oz qolsin, ko‘p qolsin – o‘lchab qo‘yilgan nasibadir” deya marhamat qilinadi Niso surasining, 7-oyatida.
Dinimizda onalarga bo’lgan hurmat-izzat haqida-ku soatlab gapirish mumkin. “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, eng chiroyli muomalamga kim haqli?”
Do'stlaringiz bilan baham: |