Huquq layoqatining boshlanishi va tamom bo`lishi
Huquq layoqati kishi tug`ilganidan to o`limigacha undan ajralmaydi, u bilan
birga bo`ladi. Yangi tug`ilgan chaqaloq ham har xil huquqlarga, chunonchi,
yashash huquqi, ovqatlanish huquqi, erkin bo`lish huquqi kabi qator tabiiy
huquqlarga, shu jumladan, ota-onalardan tarbiya olish va boshqa huquqlarga ega
bo`ladi. Aqli zaif va ruhiy xastalar ham huquq subyekti bo`lib hisoblanadi. Ular,
xususan, davolanish, pensiya olish va boshqa huquqlarga ega. Ularning mulkiy
huquqlari to`liq hajmda saqlanadi.
Kishi tug`ilishi bilan uning hayoti boshlanganidek, tug`ilishi bilan huquq
subyekti sifatida yashashi ham boshlanadi. Kishining tug`ilish fakti muhim yuridik
ahamiyatga ega bo`lganligi tufayli bolaning tug`ilishi fuqarolik holati
dalolatnomalarini yozish bo`limida (FHDYO) davlat ro`yxatidan o`tkaziladi.
Ro`yxatdan o`tkazilmaslik tug`ilgan bolaning huquqiga ta'sir etmaydi, faqat uning
huquqlarini ro`yobga chiqarish uchun zarur harakatlarni amalga oshirishda
qiyinchilik tug`diradi.
Kishining huquq layoqati uning tug`ilishi bilan boshlansa ham, qonun ba'zi
hollarda hali tug`ilmagan bolaning – kelgusidagi huquq subyektining manfaatlarini
ham e'tiborga oladi va qo`riqlaydi. Masalan, qonunga asosan meros qoldiruvchi
vafot etgan, ya'ni qonun belgilangan tartibda meros ochilganidan so`ng tug`ilgan
bolalari ham voris bo`la oladilar (FKning 1118-moddasi). Uy-joy kodeksida
ko`rsatilganidek, fuqarolarga uy-joy berilganida, turar-joy hajmini belgilashda
oilada homilador ayollarning bo`lishi ham hisobga olinadi.
Huquq layoqati kishi, ya'ni huquq subyekti vafot etishi bilan tamom bo`ladi.
O`lgan kishining to o`limiga qadar ixtiyorida bo`lgan huquq va zimmasidagi
majburiyatlarning bir qismi (mulkiy, shaxsiy huquq va majburiyatlari) bekor
28
bo`ladi, shu bilan birga ba'zi mulkiy huquqlar vorislarga o`tadi. O`lim qator
huquqiy oqibatlar tug`diradigan faktdir. Shuning uchun o`lim ham tug`ilish singari
fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo`limi (FHDYO) da oila qonunchiligiga
muvofiq qayd etiladi.
Normal tartibda guvohlantirilgan o`lim hollaridan tashqari, qonun fuqaroni
bedarak yo`qolgan deb topish va vafot etgan deb e'lon qilish institutini ham
belgilaydi.
Fuqarolarning muomala layoqati
Muomala layoqati fuqarolarning o`z harakatlari bilan fuqarolik huquqlarini
olish, amalga oshirish, o`zlari uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va
ularni bajarish layoqatidir (FKning 22-moddasi). Muomala layoqatini yuridik
harakatlar qilish, ya'ni qonun bo`yicha ma'lum huquqiy oqibatlar qilish layoqati
deb ham ta'riflash mumkin (masalan, shartnomalar tuzish, yetkazilgan zararni
to`lash va hokazolar).
Muomala layoqatining huquq layoqatidan farqi shuki, barcha fuqarolar ham
muomala layoqatiga ega bo`lavermaydilar. Muomala layoqatiga ega bo`lishning
sharti shundan iboratki, muomala layoqatiga ega bo`lgan fuqarolar aqli rasolik
bilan o`z harakatlarining oqibatlarini tushunib harakat qiladilar. Ma'lumki, yangi
tug`ilgan bola to`la huquq layoqatiga ega bo`lsa ham, o`z harakatlari bilan bironta
huquq va majburiyat olmaydi. Ongli harakatlar qilish layoqati faqat ma'lum yoshga
yetgandan keyingina boshlanadi. Binobarin, fuqarolik muomala layoqatining
fuqaro to`la hajmda voyaga yetish bilan vujudga kelishini ko`rsatadi. Voyaga
yetish 18 yoshga to`lish bilan boshlanadi. Bu yoshga yetish bilan kishi fuqarolik-
huquqiy munosabatlarda, jumladan, mulkiy munosabatlarda to`la qatnashuvchigina
bo`lib qolmay, siyosiy huquqlar bilan birga, boshqa fuqarolik huquqlari va
majburiyatlarini ham oladi.
Qonun voyaga yetish yoshini belgilash bilan bir qatorda, voyaga yetgunga
qadar qonuniy asosda nikohdan o`tgan fuqaro nikohdan o`tgan vaqtdan e'tiboran
to`la hajmda muomala layoqatiga ega bo`lishini ham belgilaydi (FKning 22-
moddasi).
29
Voyaga yetgan fuqarolar teng darajada muomalaga layoqatli hisoblanadilar.
Fuqarolarning muomala layoqati faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va
tartibdagina cheklanishi mumkin. Fuqaroning muomala layoqatini cheklashga
qaratilgan bitimlar o`z o`zidan haqiqiy emas (FKning 23-moddasi).
To`la muomala layoqati yuqorida ko`rsatilganidek, o`n sakkiz yoshga yetgan
fuqarolarga berilgani sababli bu yoshga to`lmagan shaxslarning huquqiy holatini
belgilashda ular ikkiga bo`linib, ya'ni o`n to`rt yoshgacha bo`lgan voyaga
yetmagan va o`n to`rt yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan voyaga yetmagan
shaxslar muomala layoqati o`ziga xosligi bilan ajralib turadi.
O`n to`rt yoshgacha bo`lgan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) to`la
ravishda muomalaga layoqatsiz hisoblanadilar.
Olti yoshdan o`n to`rt yoshgacha bo`lgan bolalar:
1) mayda maishiy bitimlar;
2) tekin manfaat ko`rishga qaratilgan, notarial guvohlantirish yoki davlat
ro`yxatidan o`tkazishni talab qilmaydigan bitimlar;
3) qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan
maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablag`larni tasarruf etish
borasidagi bitimlarni amalga oshirishga haqlidirlar (FKning 29-moddasi).
N.Ashurovaning fikricha, kichik yoshdagi bolalar mustaqil tuza oladigan mayda
maishiy bitim deganda, bola yoki uning oila a'zolarining odatdagi, xar kungi
ehtiyojini qondirishga qaratilgan va yuqori bo`lmagan bahodagi bitim tushuniladi.
Bitimning mayda maishiy bitim ekanligini belgilovchi ikki shart mavjud bo`lishi
talab etiladi. Birinchisi, odatdagi, har kungi ehtiyojlarni qondirishga qaratilganligi
va ikkinchisi, yuqori bo`lmagan bahoda bo`lishi talab etiladi
1
.
O`n to`rt yoshgacha bo`lgan voyaga yetmaganlar uchun bitimlarni ularning
nomidan ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzadilar.
Birovga yetkazilgan zararlari uchun ham kichik yoshdagi bolalar javobgar
bo`lmaydilar. Ular uchun ota-onalari yoki boshqa nazoratchilari javobgardir. O`n
1
Ашурова Н. Муомала лаёқати. // Ҳаёт ва қонун. 2003. № 2. -47 б.
30
to`rt yoshgacha bo`lgan voyaga yetmaganlarning banklarga omonat qo`yish va
ularni tasarruf qilish huquqlari qonun bilan belgilanadi.
O`n to`rt yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan voyaga yetmaganlar
(o`smirlar) qisman muomalaga layoqatli bo`lib, qonuniy vakillari (ota-onalari,
farzandlikka oluvchilari yoki homiylari) ning roziligi bo`lgan taqdirda o`z
harakatlari bilan huquq va majburiyatlar olishlari mumkin.
O`smirlar bitimlarni ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining
roziligi bilan tuzadilar. Ammo ular mustaqil ravishda o`zlarining ish haqlari yoki
stipendiyalarini tasarruf qilishga, o`z asarlari, ixtirolariga bo`lgan mualliflik hamda
ixtirochilik huquqlarini, o`z kashfiyotlariga bo`lgan huquqlarini amalga oshirishga,
kredit muassasalariga mablag`lar qo`yish va ularni tasarruf etishga, shuningdek,
mayda maishiy bitimlarni tuzishga haqlidirlar. Ular 16 yoshdan kooperativlarga
a'zo bo`lib kirishlari mumkin.
Yetarli asoslar mavjud bo`lganida sud qonuniy vakillari yoxud vasiylik va
homiylik organining iltimosnomasiga ko`ra o`smirning o`z ish haqi yoki
stipendiyasini mustaqil tasarruf qilish huquqini cheklashi yoki bu huquqdan
mahrum etishi mumkin (FKning 27-moddasi 8-bandi).
O`smirlar boshqa shaxslarga yetkazilgan zararlari uchun FK bilan belgilangan
tartibda javobgar bo`ladilar.
Ruhiy kasallar va aqli zaiflar to`la hajmda muomalaga layoqatsiz
hisoblanadilar. Ongli harakatlar qilish va o`z harakatlarining yuridik oqibatlarini
hisobga olish layoqati (muomala layoqati) ga, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi
sababli ega bo`lmagan fuqaro – muomala layoqatiga ega emas deb tanilishi
mumkin. Har qanday ruhiy kasallik yoki aqli zaiflik fuqaroni ongli harakatlar
qilish va fuqarolik muomalasida qatnashish layoqatidan mahrum qilmaydi. Ruhiy
holat buzilishi faktining o`zigina kishini muomalaga layoqatsiz deb topishga asos
bo`lmaydi. FKda ko`rsatilishicha, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli o`z
harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni idora qila olmaydigan
fuqaro sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilishi mumkin, shu munosabat
bilan unga nisbatan vasiylik belgilanadi (FKning 30-moddasi).
31
Ruhiy kasalni yoki aqli zaif kishini sud tomonidan tayinlangan psixiator
(ruhshunos) larning ishtiroki bilan bo`ladigan maxsus komissiya tomonidan ko`rib
tekshirish va uning natijalari haqida dalolatnoma tuzish sud tomonidan muomalaga
layoqatsiz deb topish haqida hal qiluv qarori chiqarish uchun asos bo`ladi.
Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni ularning vasiylari
tuzadilar.
Fuqaroning muomalaga layoqatsiz deb topilishiga sabab bo`lgan asoslar bekor
bo`lsa, sud uni muomalaga layoqatli deb topadi va belgilangan vasiylikni bekor
qiladi (FKning 30-moddasi). Qonun ba'zi hollarda voyaga yetgan fuqarolarning
muomala layoqatini cheklash hollarini nazarda tutadi, chunonchi, FKning 31-
moddasida ko`rsatilishicha, spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini
suiiste'mol qilish natijasida o`z oilasini og`ir moddiy ahvolga solib qo`yayotgan
fuqaroning muomalaga layoqati FPKda belgilangan tartibda sud tomonidan
cheklab qo`yilishi mumkin. Bunday holda u mayda maishiy bitimlarni istisno
qilganda, qolgan bitimlarni homiyning roziligisiz tuza olmaydi.
Agar fuqaro spirtli ichimlik yoki narkotik moddalarni suiiste'mol qilishni
tashlasa, sud uning muomalaga layoqati cheklanganligini bekor qiladi. Sud
qaroriga asosan unga nisbatan belgilangan homiylik ham bekor qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |