-lan, -lash qo‘shimchalari ot, sifat va ravishlardan fe’l yasaydi: rohatlandi, achchiqlandi, ikkilandi, yaqinlashdi; -illa qo‘shimchasi taqlidiy so‘zlardan fe’l yasaydi: chirillamoq, yaltillamoq; -ira qo‘shimchasi taqlidiy so‘zlardan fe’l yasaydi: yarqiramoq, miltiramoq; -a qo‘shimchasi ot, sifat va taqlidiy so‘zlardan fe’l yasaydi: tunamoq, bo‘shamoq, gulduramoq, o‘yin+a=o‘ynamoq, son+a=sanamoq, qiyin+a=qiynamoq; -(a)y qo‘shimchasi ot, sifat va ravishlardan fe’l yasaydi: kuchaymoq, qoraymoq, ko‘paymoq; -(a)r qo‘shimchasi ayrim sifatlardan fe’l yasaydi: qisqarmoq, ko‘karmoq; -sira, -sa qo‘shimchalari ot va sen, siz olmoshlaridan fe’l yasaydi: qonsiramoq, qisqar, suvsiramoq, sensiramoq, sizsiramoq; -(i)k, -(i)q qo‘shimchalari sanoqli so‘zlardangina fe’l yasaydi: birikmoq, yo‘liqmoq; -i qo‘shimchasi sanoqli so‘zlardangina fe’l yasaydi: boyimoq, tinchimoq; -(i,o)t qo‘shimchasi sanoqli so‘zlardan fe’l yasaydi: yo‘qotmoq, to‘latmoq, berkitmoq; -ir qo‘shimchasi ot, taqlidiy so‘zlardan fe’l yasaydi: gapirmoq, tupirmoq. Sintaktik usul bilan qo‘shma fe’llar yasaladi. Qo‘shma fe’llar doim ajratib yoziladi. Qo‘shma fe’llar quyidagicha yasaladi: 1) ot, sifat, son, olmosh, modal, undov, taqlid so‘zlarga qil, et, bo‘l, ol, ber, de so‘zlarini bog‘lash bilan: jilva qilmoq, javob bermoq, qarshi olmoq, bir bo‘lib, qars etmoq, yo‘q qilmoq, nima qilmoq, dod demoq. Ayrimlari sodda fe’lga sinonim bo‘ladi: tasdiq qildi – tasdiqladi, yordam berdi – yordamlashdi. 2) fe’l shakllariga olmoq, kelmoq, ketmoq, chiqmoq so‘zlarini bog‘lash bilan: sotib olmoq, olib kelmoq, yutib olmoq, sotib olib bermoq, olib ketmoq. FE’LNING TUZILISH JIHATDAN TURLARI 1. Sodda fe’llar bir asosdan tashkil topadigan fe’llardir: a) sodda tub fe’llar asos yordamida harakat-holatni ifodalay oladigan fe’llardir: kelmoq, yurmoq; b) sodda yasama fe’llar fe’l yasovchi qo‘shimchalar yordamida fe’ldan boshqa so‘z turkumlaridan yasalgan fe’llardir: ishlamoq, uyqusiramoq. 2. Qo‘shma fe’llar birdan ortiq asosdan iborat bo‘lib, shu asoslar orasiga so‘z kiritib bo‘lmaydigan va bitta so‘roqqa javob bo‘ladigan fe’llardir: olib keldi, javob berdi, ahd qildi. 3. Juft fe’llar ikki fe’lning qo‘shaloq kelishidan hosil bo‘ladi: ketdi-qoldi, aytdi- qo‘ydi, gapirdi-qo‘ydi. Oldi-berdi, qo‘ydi-chiqdi (ajralish), keldi-ketdi, bordi-keldi kabi fe’llar ot turkumiga mansubdir. 4. Takroriy fe’llar bir fe’lning takrorlanishidan hosil bo‘ladi: o‘qidi-o‘qidi,yozdi-yozdi, ko‘ra-ko‘ra, yig‘lay-yig‘lay. Juft va takroriy fe’llar chiziqcha bilan yoziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |