6) Oltinchisi, dinning falsafiy-nazariy vazifasi. Bu vazifa insonga yashashdan maqsad, hayot mazmuni, dorulfano va dorulbaqo dunyo masalalariga o’z munosabatini bildirib turishdan iboratdir. Kishilik jamiyati din doimio u bilan birga bo’lganmi yoki qandaydir davrda jamiyat dinsiz yashaganmi, degan savolga turli fikrlar bildirilgan. Bu – dinning tarixiyligi masalasi bo’lib, unga ikki xil javob berganlar. Birinchisi, marksistik ta’limotning sobiq tarafdorlari fikricha, «qandaydir muddat insoniyat dinsiz yashagan va jamiyatning muayyan bosqichida – yuqori paleolit davrida, bundan 20-40 ming yil avval din paydo bo’lgan», deyilgan. Ikkinchisi, «dinning kelib chiqishi insoniyatning paydo bo’lishi bilan bevosita bog’liq» degan fikrdir. Diniy tafakkurning shaxsiy yoki ijtimoiy ildizlari muammosini hal qilish bilan dinning kelib chiqishi muammosini hal qilish mumkin bo’ladi. E.Taylor kabi evolyutsion yo’nalishdagi pozitivistlarning chiqargan xulosasiga ko’ra, dinning ildizini «faylasuflik qilgan yovvoyi odam»ga taqaydilar. Ya’ni, «u o’z-o’ziga borliq, o’zini o’rab turgan olamning paydo bo’lishi va o’zi kuzatgan hodisalarning haqiqati haqida savol bergan. Unda fikrlash yuqori darajada bo’lmagan. SHundan so’ng unda ruhlar, xudolar, farishtalar haqida tasavvurlar paydo bo’lgan». Dinning kelib chiqishi haqida yana bir nazariya mavjud: «Birinchi yolg’onchi birinchi nodonni uchratganda din paydo bo’ldi». Bunda din yomon niyatli kishilarning o’ylab topgan narsasi bo’lib chiqadi. Bu ikkala nazariya ham hech qanday ilmiy asosga ega emas. Faylasuflik qilgan yovvoyi odam kontseptsiyasi bo’yicha «ibtidoiy odam yolg’iz holdagi chuqur fikr yurituvchi bo’lgan. U o’z oldiga ulkan savollarni qo’ygan. Bu savollar uning kundalik hayotida kerak emas edi. SHuni ham unitmaslik kerakki, ibtidoiy odamning fikr yuritishi uning kundalik ishlab chiqarish faoliyati bilan bog’liq bo’lgan. Bu faoliyatning tabiati, shart-sharoitlari birgina odamga tegishli bo’lib qolmay, barchaga barobar, ijtimoiy guruh, qabila, urug’, xalqqa tegishli edi». Dinning kelib chiqishi to’g’risidagi «bir odam boshqalarni aldashi natijasida kelib chiqqan» degan fikr ham tanqidga uchragan. Boshqa fikrga ko’ra «din – bu jamiyatdagi kishilarning baravariga o’z-o’zlarini aldashi natijasida kelib chiqqan. SHuning uchun ham din ijtimoiy hodisadir degan xulosaga kelish mumkin» deydilar. Din insonning ruhiy dunyosi bilan chambarchas bog’liq bo’lib, uning ijtimoiy hayotida doimo u bilan birga bo’ldi. SHuning uchun ham dinni o’rganish – bu insoniyatni o’rganish demakdir. Dinni insoniyatdan, insoniyatni dindan ajratib bo’lmasligini tarixning o’zi isbotladi. «Kommunistik jamiyatda din yo’q bo’lib ketadi» deyilgan fikrning aksicha kommunizm hayoliy narsa-yu, din doimo ekanligi amalda isbotlandi. Demak, din insoniyat bilan doimo birga bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |