Soha haqida tushuncha.
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasida “Intellektual mulk agentligi sanoat mulki obyektlarini huquqiy muhofaza qilish sohasidagi yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlaydi”; 5-moddada “Sanoat mulki obyektiga boʻlgan huquq muallifga (hammualliflarga) yoki uning (ularning) huquqiy vorisiga (huquqiy vorislariga) tegishli boʻladi va patent bilan tasdiqlanadi... Agentlikka patent berish haqidagi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran hisoblaganda ixtiro patenti yigirma yil mobaynida, sanoat namunasi patenti oʻn yil mobaynida, foydali model patenti besh yil mobaynida amal qiladi”, deb yozilgan. Ixtironing patentga layoqatlilik shartlari (6-modda) uchta boʻlib, agar ixtiro sifatida koʻrsatilgan obyekt yangi, ixtirolik darajasiga ega va uni sanoatda qoʻllash mumkin boʻlsa, u huquqiy muhofaza qilinadi. Bundan ham muhimi shuki, ixtiro haqidagi talabnoma toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrib chiqish uchun qabul qilingan talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran oʻn sakkiz oy oʻtganidan keyin rasmiy axborotnomada eʼlon qilinadi. Demak, ariza berilgach yigirma oylardan keyin masala ijobiy hal etilsa, ixtirochiga patent 20 yil muddatga beriladi. Statistikaga koʻra, Oʻzbekistonda har oʻnta arizadan faqat uchtasiga ixtiro patenti topshirilmoqda.
Bugungi kunga kelib, Oʻzbekiston ham intellektual mulk qonunchilik bazasida katta bosqichni bosib oʻtdi. Mustaqillik yillarida intellektual mulkni muhofaza qilish sohasida 10 ta davlatlararo, 12 ta hukumatlararo va 21 ta idoralararo shartnoma hamda bitimlar tuzilib, amal qilmoqda. Bulardan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan 5 ta qonun, Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilgan umummajburiy xarakterdagi 25 ta hujjat, hammasi boʻlib idora faoliyatini tartibga soladigan 140 dan ziyod normativ hujjatlar roʻyxatga olinganligini qayd etib oʻtmoqchimiz.
Ixtirolar, foydali modellar, tovar belgilari intellektual mulkning obyektlari sifatida dunyoda moddiy aktivlardan kam baholanmaydi, balki ayrim hollarda ulardan anchagina yuqori turadi. Umumjahon sanoat ishlab chiqarishining yillik oʻsish surʼatlari 2,5-3 foizdan oshmaydi, intellektual mulkka boʻlgan huquqlar bilan savdo qilish hajmi esa yiliga 12 — 14 foiz oʻsmoqda. Ushbu holat yangi gʻoyalar, kashfiyotlar va ixtirolar nafaqat ularning yaratuvchilariga, balki butun jamiyatga naf keltirishini isbotlaydi. Shu sababdan, davlat tomonidan beriladigan yagona monopol huquq, bu — intellektual mulk obyekti egasining undan foydalanish hamda tasarruf etishga boʻlgan mutlaq huquqidir. Mohiyati jihatidan patent — yangilik sirining toʻliq ochib berilishi va belgilangan miqdordagi patent bojining toʻlanishi evaziga davlat tomonidan uning muallifiga ixtiroga boʻlgan huquqlarini muhofaza qilish kafolati beriladigan shartnoma. Bunda jamiyat yangilik yaratuvchi huquqini qonuniy rasmiylashtirish evaziga ijod mahsulidan foydalanish huquqini qoʻlga kiritadi.
Jahon tajribasi guvohlik berishicha, patent faolligi koʻrsatkichi davlat iqtisodiy qudratining bilvosita koʻrsatkichi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |