Patentlar iqtisodiy rivojlanishga zamin yaratadi.
Ixtirolarga patentlar iqtisodiy rivojlanishni qanday qilib ragʻbatlantirishi mumkinligi masalasi katta jildlikka ilmiy mavzu boʻladi.
Biz quyida ulkan jarayonning faol ishlashi boʻyicha bir necha misollar keltiramiz.
Patentlar toʻrt yoʻnalishda qoʻllaniladi: 1) patent axboroti texnologiyalarni uzatishni va toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyasini olib kelishni yengillashtiradi; 2) universitet hamda tadqiqot markazlarida tadqiqot va ishlanmalarni oʻtkazish imkonini oshiradi; 3) yangi texnologiyalar hamda tadbirkorlik amaliyoti katalizatori; 4) korxonalar patentlarni toʻplash hisobiga bu aktiv asosida ularni litsenziyalashtirish, qoʻshma korxonalar va boshqa daromadli kelishuvlarda qatnashadi.
Oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, AQSHning 70 foiz kompaniyalari ishlatish imkoniga ega boʻladigan texnologik aktivlarni qoʻlga kiritgan (ularning hajmiy qiymati 200 milliarddan to 1 trillion AQSH dollariga yetadi). Qariyb 100 milliard AQSH dollarilik shunday harakatsiz innovatsiyalar intellektual mulkning yirik kompaniyalari portfellarida saqlanmoqda. Vaqti kelganida, ularni sotish va litsenziyalashtirish mumkin.
Intellektual mulk litsenziyasi juda ham foydali. “IBM” kompaniyasi birgina 2015-yilning oʻzida patentlarni litsenziyalashtirish hisobidan 2,5 milliard AQSH dollari miqdorida daromad olgani, jahonda patentlarni litsenziyalashtirishdan olingan umumiy daromad 1990-yildagi 15 milliarddan 2015-yilga kelib 250 milliard AQSH dollariga yetgani buning tasdigʻidir.
Yutuqlar yaxshi, ammo kamchiliklar ham yetarli.
Endi davlatimiz rahbarining yaqinda istiqbolli soha oldiga qoʻygan yuksak vazifalaridan kelib chiqib, intellektual mulk sohasining tashkiliy, psixologik va maʼrifiy jihatlariga ham toʻxtalib oʻtsak.
Qayd etish kerakki, innovatsion biznes davlat, investorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, davlat dasturisiz ham rivojlanishi mumkin. Olimlar, ixtirochilar bilan biznes ahli dunyoqarashi turlicha boʻlgani uchun narx-navolarda, shartnomaviy kelishuvlarda turli bahonalar yuzaga chiqishi ehtimoli mavjud. Ammo buning yechimi bor. Mabodo, arzigulik ixtirolar boʻlsa, unga chet mamlakatdan buyurtmalar tushadi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, ilmiy va ijodiy faoliyat, jumladan, ixtirochilik faoliyati ancha faollashdi. Bugungi kunga kelib, Oʻzbekistonda Intellektual mulk agentligi (IMA) tomonidan 22 mingdan ziyod tovar belgilari, 10 ming ixtiro, EHM uchun 3,5 ming dastur va maʼlumotlar bazalari, 2,4 mingta sanoat namunasi, mingta foydali model davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ammo ularning qoʻllanilish miqdori haqida aniq maʼlumot qoʻlimizda mavjud emas. Bu tizim sohalararo kompleks yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganidan darak beradi.
Soʻnggi yillardagi yirik innovatsiyalar qatorida tiniq suyuq tibbiy-biologik obyektlarning rangli tasvirdagi mikroskopik tadqiq qilish usulini koʻrsatib oʻtishimiz mumkin. Bu innovatsiya uchun FAning Elektronika institutiga patent berilgan. Usul yuzasiga tadqiq etilayotgan suyuqlik surtilgan yarimoʻtkazgichli materialdan foydalanish evaziga oddiy mikroskopda tahlil uchun olingan namunalardan nozik tuzilishdagi qon elementlari va mikroflora detallarining kontrast rangli tasviriga ega boʻlish imkonini beradi, bunda tasvir sifatli hamda tabiiy ranglarda olinadi. Buning evaziga reagentlardan foydalanish, optik sxemasida fazali-kontrast uzellarga ega boʻlgan maxsus mikroskopdan foydalanishga ehtiyoj qolmaydi. Endilikda eng murakkab va muhim tahlillarni, hatto oddiy tibbiy muassasalarda ham oʻtkazish imkoniyati yuzaga keladi, namunani olib, uni bosib chiqarish uchun esa sanoqli daqiqalar kifoya.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Patologik anatomiya respublika ilmiy-amaliy markazida akademik M. Abdullaxoʻjayeva rahbarligida 2011-yilda ixtiroga olingan patentda aniqlanishicha, agar mikroskop uchun predmet oynasiga saraton hujayralari joylansa, mikroskop okulyarida ular yorishib turganini koʻrish mumkin ekan. Bu saraton hujayralarining vizual markeri boʻlib qoldi. Ixtironing qimmati shundaki, saraton kasalligini uning eng dastlabki bosqichida, shish hali hosil boʻlmasdan, faqat uni keltirib chiqaradigan hujayralar paydo boʻlgandayoq tashxislash imkoniyati tugʻildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, oʻzbek olimlari va muhandislarining eng yaxshi ixtirolari AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Shveysariya, Fransiya, Rossiya, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlarda patentlangan. Masalan, Oliy oʻt oʻchirish-texnik maktabi qoshidagi Yongʻin xavfsizligi ilmiy-tadqiqot markazining boshligʻi Mirjalil Usmonov 18 davlatda oʻz patentiga ega boʻldi. U ishlab chiqqan yongʻinga qarshi ekranlar issiqlik oqimi surʼatini yuz va undan koʻproq martaga susaytirishi bilan eʼtiborga molik.
dJahonda jami 8 million patent roʻyxatga olingan boʻlsa (4 millioni AQSHga tegishli), har yili yana 600 — 700 ming patent qoʻshilib bormoqda. Ixtirochilik daromadli biznes boʻlib, patentlar va “nou-xau”lar boʻyicha litsenzion ajratmalarning umumiy summasi yiliga 250 milliard dollarni tashkil etadi. Biroq, afsuski, Oʻzbekistonning bu sohadagi hissasi hozircha maqtangulik emas. Agar oʻtgan asrning 80 yillarida oʻzbekistonliklar ixtirolarga yiliga oʻrtacha 2 ming 170 tadan talabnoma topshirgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 400 taga tushdi, yaʼni ixtirochilik faoliyati surʼati 5,5-marta tushib ketdi. Jahonning rivojlangan mamlakatlarida aholi ixtirochilik faolligining eng yuqori koeffitsiyenti 2011 — 2015-yillarda Yaponiya (10 ming aholiga 28,5 — 30,5 talabnoma), Koreya Respublikasi (15,5 — 25,1), AQSH (6,2-7,0), Germaniya (5,9-6,4), Finlyandiya (3,5-4,6), Daniya (3,1-3,4), Buyuk Britaniya (2,9-3,4), Rossiyada (1,65-2,5) kuzatildi. Oʻzbekistonda ushbu koʻrsatkich 0,09-0,21 talabnomani tashkil etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |