2.2 Qo’shiqlarimiz tarixiga bir nazar
Qo’shiqlarimiz tarixiga bir nazar Xalq qo’shiqlari uzoq tarixga ega. Chunonchi turkiy xalqlar og’zaki ijodida, hatto, eramizdan avval ham qo’shiq janriga mansub asarlar borligi ma’lum. Nisbatan keyingi namunalari esa Mahmud Koshg’ariyning “Devon-u lug’otit turk” asaridan ham o’rin olgan. Mahmud Koshg’ariy yozib olgan qo’shiqlar asosan mehnat (ov qo’shiqlari), qahramonlik, mavsum-marosim va lirik asarlardan iborat. Masalan:
Yigitlarning ishlatu,
Yig’ach yamish irg’atu,
Kulan, kiyik avlatu,
Bazram qilib avnalim.
Mazmuni:
Yigitlarni ishlataylik,
Daraxt(lar)dan meva(lar)ni qoqishtiraylik,
Qulon, kiyik ovlaylik,
(So’ng) bayram qilib quvnaylik.
Bu qo’shiqda ajdodlarimizning mehnat jarayoniga bo’lgan munosabati aks etgan. Bir ko’rinishda qo’shiqchi ro’y berayotgan voqealarni bayon qilayotganga, daraxtlardagi mevalarni qoqib yig’ish, qulon, kiyikni ovlash harakatini tasvirlayotganga o’xshaydi. Ammo e’tibor bilan she’r matni mazmunini his qilsak, unda ro’y berishi lozim hodisaga munosabat yetakchi ekanini sezamiz. Jumladan, qo’shiq matnida jamoa bo’lib mehnat qilishga, har bir ishni ko’tarinki, ruhda bajarishga, mehnat samarasidan bahramand bo’lishiga chaqiriq aniq bilinib turibdi. Shuning uchun ham to’rtlikni lirika namunasi sifatida baholashimz, mazmunan esa mehnat qo’shiqlari qatoriga qo’shishimiz mumkin. Keyingi to’rtlika murojaat qilaylik:
Takra olib akuralim,
Atgin tushib yukaralim,
Arslanlayu kukaralim,
Kuchi anin kavulsin.
Mazmuni:
(Dushman) atrofini o’rab, qamal qilamiz,
Otdan tushib yuguramiz,
Arslondek na’ra tortamiz,
Uning kuchini quritamiz.
To’rtlikda qadimgi turkiy xalqlar vakillarining dushman ustidan g’alaba qozonish rejasi aks etgan. Bizningcha, bor-yo’g’i shu to’rt misrada uchta harbiy usul ifodalangan. Birinchidan, dushman qo’shnini qamal holda tor-mor qilish, ikkinchidan, otdan tushib ovoz chiqarmay hujumni uyushtirish va, uchinchidan, raqibini ruhiyatiga ta’sir qilgan holda na’ra tortib talvasaga solish. Ammo bu rejim ham voqeaning oddiy bayoni tarzida emas, emotsional ko’tarinki- ruhiy vaziyatda ifodalangan. Shu bilan birga misralardagi mazmun endi oddiy kundalik mehnatini emas, jang sharoitini anglatmoqda.
Endi quyidagi to’rtlikka e’tibor bering:
Yoy qish bilan qarishti,
Ardam yosin qurishti,
Chirik tutub ko’rushti,
O'qtag’ali o’trushur.
Mazmuni:
Yoz qish qarama-qarshi bo’lishdi,
(Ularning har biri) maqtanish yoyini qurishti,
Qo’shin tuzib(bir-birini) ta’qib qilishti,
(Yoy) otish uchun (bir-biriga) yaqinlashdi.
Yuqoridagi misolda mahmud Koshg’ariy har yili tabiatda bo’lib o’tadigan manzara haqidagi qo’shiq namunasini keltiradi. Yil fasllaridagi o’zgarishlar hozirgi paytlardagidek odamlarni loyqad qoldirmagan. Yoz o’z fazilatlarini, qish esa o’z ijobiy tomonlarini birma- bir sanab o’tishga tayyor. Agar yozning otgan o’qida aholining issiq kunlarda yayrashi, ekin ishlari bilan shug’ullanishi, rizq- ro’z jamlash faoliyatlari qayd etilsa, qish o’z navbatida o’zi hukmron bo’lgan davrda qirg’in- barot urushlarning to’xtashini ta’kidlab oq otadi. Har ikki faslning ijobiy va salbiy tomonlari tilga olinadi.
Muhimi shundaki, “Devon-u lug’otit turk”da mavsumiy qo’shiqlar bilan bir qatorda marosim bilan bog’liq lirik parchalar o’rin olgan. Xususan, olim aza marosimida aytiladigan qo’shiqlardan namunalar keltiradi:
Ulishib eran bo’rlayu,
Yirtin yaqa urlayu,
Siqrib uni yurlayu,
Sig’tab ko’zi o’rtilur.
Mazmuni:
Mardlar yig’lab, bo’ridek uvlashdilar,
Yoqalarini yirtib baqirishdilar,
Faryod chekdilar,
Qattiq yig’idan ko’zlari xiralashib, (go’yo) parda bosdi.
Keltirilgan qo’shiqda Sug’d elining botir farzandi Alp Ertunga (Afrosiyob) o’limidan keyingi voqealar haqidagi his-tuyg’ular o’z ifodasini topgan. Agar bu jasur va mard o’g’lonning eramizdan avval yashab o’tgan Iskandar Makedonskiyga qarshi kurashib yurtini himoya qilganini nazarda tutsak, mazkur qo’shiqlarning tarixi taxminan ikki ming yildan ziyod ekani, ayni choqda marosim qo’shiqlari ham boshqa mazmundagi qo’shiqlar singari uzoq o’tmishga egaligi ma’lum bo’ladi. Xalq marosimlari qatoridan to’ylar ham hamisha yetakchi o’rin egallagan edi. El-yurt bor ekan, jamoa bo’lib yashash bor ekan, to’y qilish odati ham bo’ladi. Xalq bu marosimni o’tkazishga katta tayyorgarlik ko’rgan. Chunki to’y har bir insonning hayotida juda muhim hisoblangan tarixiy lavhalardan, kelgusi umidlardan tashkil topadi. Tabiiyki, shuning uchun ham to’y marosimi o’yin- kulgilar, raqslar, teatrlashtirilgan sahnalardan iboratdir. Ularning asosini o’lan aytishlar, yor- yorlar tashkil etadi. Mumtoz adabiyotimiz vakillarining badiiy ijodiga nazar tashlasak, ba’zan o’sha asarlardan namunalar uchraganiga guvoh bo’lamiz. Masalan, Alisher Navoiy “Xamsa”ning beshinchi dostoni “Saddi Iskandariy” da Iskandarning uylanishi to’yida o’lan aytish va yor-yor kuylashi bilan tomoshalar ko’rsatilganini ta’kidlaydi:
Mug’anniy tuzub chinga vaznidan chang,
Navo chekki, hay—hay o’lang, jon o’lang!
Desang senki: jon qardoshim yor-yor!
Men aytayki, munglug’ boshim yor-yor!
Albatta, biz o’tmishda o’lan aytishlar, yor-yorlar qaysi kuyda ijro etilganini, qay yo’sinda amalga oshirilganini bilmaymiz. Ammo Alisher Navoiy keltirgan shugina misolda hozirgi o’lanlar va yor-yorlar ham juda uzoq tarixga ega san’at namunalari ekanini tasavvur qilishimiz mumkin.
Albatta, qadimgi xalq qo’shiqlarining ham eng go’zal namunalari ishq-muhabbat mavzusi aks etgan lirik qo’shiqlardan iborat. Chunki ularda yetakchi maqsad inson tabiatidagi abadiy fazilat hisoblanmish muhabbat tuyg’usini ifodalash bilan uyg’unlashgandir. Insoniyat tarixida ajdoddan keyin avlod dunyoga keladi. Zamonlar o’tadi. Hayot rivoj topadi. Ota o’rnida farzand turmish chambaragini aylantiradi. Ammo har bir avlod vakili muhabbat tuyg’usini o’zicha boshidan kechiradi. Bu tuyg’u inson ruhiyatiga ta’sir ko’rsatish jihatidan zamon o’zgarishi qoidalariga bo’ysunmaydi. Ehtimol, shuning uchun Mahmud Koshg’ariy bundan ming yil oldin yozib olgan ishqiy mavzudagi lirik qo’shiqni kuni kecha qaysidir tumanda yosh yigit kuylagandek tasavvur uyg’otadi:
Bulnar meni ulas ko’z
Qara mengiz, qizil yuz,
Andin tomar tukal tuz,
Bulnap yana o’l qochar.
Mazmuni:
Bu mast ko’zli (sevgilim)
Qora xoli va qizil yuzi bilan (meni asir qildi).
Yonoqlaridan shirinlik tomib, meni asir qildi-yu,
Lekin keyinidan (tutqich bermay), mendan qochib ketadi.
Xalq qo’shiqlarining lirik turlari zamon o’tishi bilan boshqa mavzudagilardan kam o’zgarishlarga duch keladi. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida keltirgan quyidagi parchaga e’tibor qiling:
Mengizlar gul-gul, mijjalari xor,
Qaboqlari keng-keng, og’izlari tor.
Bizningcha, buyuk shoirimiz bu parchaning bevosita xalq og’zaki ijodiga mansub qo’shiqdan olgan yoki juda bo’lmaganda o’sha qo’shiqqa mos holda ijod qilgan.
Shunday qilib, qadimgi qo’shiqlar mazmun jihatidan turli mavzularni o’zida aks ettiradi. Bu namunalar til jihatidan bugungi kundagilardan farq qilishiga qaramay, shaklan hozirgi qo’shiqlarga o’xshagdir. Ularning hammasi inson ichki kechinmalarini ifodalash xususiyati birlashtirib turadi. Chunki bu lirik asarlarda bevosita hayotda ro’y berayotgan hodisa emas, balki ana shu hodisaga his-tuyg’ular orqali munosabat bildirish yetakchidir. To’la ishonch bilan aytish mumkinki, o’zbek xalq qo’shiqlarining bugungi kunda el orasida ijro etilayotgan namunalari asosini qadimgi zamonlarda omma orasida yashagan qo’shiqlar tashkil etadi. Va nihoyat, qo’shiq xalqimizning quvonchi va tashvishili kunlarida, mehnat qilish jarayonida unga hamisha hamroh bo’lgan. Binobarin, xalq qo’shiqlarini millatimiz tarixining go’zal kuzatuvchilari deyishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |