Marsiyalar.Ma’lumki, hayot faqat bayramlardan, xursandchilikdan, sayillardan, to’y-tomoshalardan iborat emas. Inson hayotida ko’ngilsiz voqealar ham ro’y berib turadi. Ular qatoridan eng musibatli o’rin tutgani o’limdir. Mahmud Koshg’ariyning “Devon-u lug’otit turk” asarida Afrosiyob- Alp Er Tunganing xotirasiga bag’ishlangan marsiyalarning borligini aytib o’tgan edik. Insonning o’limiga bag’ishlangan she’riy asarlar “marsiya” deb ataladi. Ular ham lirik asarlar hisoblanadi, chunki bu qo’shiqlarda vafot etgan odamning xotirasini ifodalab ichki his- tuyg’ularni bayon etish yetakchi o’rinni egallaydi.
Marsiyalarning asosiy vazifasi hayotida ko’z yumgan shaxsning butun fazilatlarini esga olib, ro’y bergan musibatga munosabat bildirishdir. Shuning uchun ota, ona, aka, uka, bola kabi qarindosh- urug’lik munosabatlari marsiyalarda alohida tilga olinadi. Hayotdan ko’z yumgan shaxs marsiya aytuvchi tomonidan “suyangan tog’”, “ishongan bog’”, “osmondagi yulduz”, “hayotdagi yorug’ kunduz” kabi go’zal so’zlar bilan bezatiladi. Marsiya matnlarida o’kinch, hasrat ifodasi alohida o’rin tutadi. Ayniqsa, farzandning ota-onasiga ko’ngildagidek xizmat qila olmagani haqidagi o’kinch, aka va ukani turmush taqozosi bilan qadriga yetmagani haqidagi hasrat bayoni marsiyaning mazmunini tashkil etadi.
Masalan:
Aytmay desam bo’lmaydi,
Dog’ingiz o’ti qo’ymaydi,
Ishongan bog’im, voy otam,
Suyangan tog’im, voy otam.
Yoki:
Hovlimdagi giyoh bo’ling, voy onam,
Har kuni sizni iskayin, voy onam,
Yana qaytib bino bo’ling, voy onam,
Doim sizni eslayin, voy onam.
Matndan aniq sezilib turibdiki, marsiya aytuvchi shaxs butun ijodiy mahorati imkoniyatidan mukammal foydalangan holda qalbidagi dard, hasratga har bir tinglovchini befarq qoldirmaslikka harakat qiladi. Yurtimizning ayrim hududlarida maxsus marsiya aytuvchi ayollarning borligi fikrimizga dalil bo’la oladi.
Shunday qilib, mavsum-marosim qo’shiqlari haqida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
Mavsum va marosim qo’shiqlari o’zbek xalq og’zaki poetik ijodining eng qadimiy namunalaridir.
Xalq maishiy hayotidagi har bir bayram, har bir marosim, ma’lum davrdagi mavsumlar alohida-alohida, aniq mavzuni ifodolovchi mazmunga ega.
Mavsum-marosim qo’shiqlari ba’zan ommaviy tarzda ijro etishga mo’ljallangan bo’lishi bilan birga maxsus tayyorgarlik ko’rgan ijrochilar ijodini ham inkor etmaydi.
Xalqimizning o’tmish madaniy merosga, qadriyatlarga bo’lgan munosabat mavsum-marosim qo’shiqlarida alohida ko’zga tashlanadi.
Mavsum-marosim qo’shiqlari badiiy mukammallik jihatidan so’z san’ati namunalari talabiga to’liq javob beradigan she’rlardan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |