1.2 O’ZBEK FOLKLORI VA ENG QADIMGI YOZMA MANBALAR
O’zbek xalq og’zaki ijodi qadim zamonlardan turkiy tilda so’zlashuvchi elatlar og’zaki ijodining tarkibiy qismi bo’lgan. Uning tarixiy ildizlari 3-4 ming yil avval yaratilgan yozma manbalarga borib taqaladi. Bu manbalar “Avesto”, “Behistun”, “Bundaxishn”, “Denkard” kabi qadimiy kitoblardan, O’rxun-Enasoy yozuvlaridan, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” deb atalmish risolalaridan, mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’atit turk” ilmiy tadqiqoti va boshqav asarlardan iborat. Shuningdek, Gerodotning “Tarix”, Polenning “Harbiy hiylalar” kabi tarixiy kitoblarida ham turkiy xalqlar o’tmishiga oid qimmatli ma’lumotlar berilgan. Bu adabiyotlarning hammasi O’rta Osiyo xalqlarining, shu jumladan, o’zbeklarning o’z davriga nisbatan o’ta yuqori madaniyatga ega bo’lganini anglatadi. Xususan, keyingi yillarda olimlarimiz “Avesto” bizning yurtimizda yaratilganini isbotladilar. Bu asar haqida o’zbek tarixchi olimlar bilan bo’lgan uchrashuvda Prezidentimiz I. A. Karimov shunday degan edi: “Eng mo’’tabar qadimgi qo’lyozmamiz “Avesto”ning yaratilganiga 3000 yil bo’lyapti. Bu nodir kitob bundan o’ttiz asr muqaddam ikki daryo oralig’ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlariga qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir”. Haqiqatan ham, jahon madaniyati tarixida alohida qimmatga ega “Avesto”ning vatani O’zbekiston bo’lishi bu yurtda qadim zamonlarda ham hamma xalqlar havas qiladigan yuksak ma’naviyatning mavjud ekanini ko’rsatadi.
“Avesto” o’n ikki ming qoramol terisiga yozilgan kitob bo’lib, unda dunyoning, inson va tabiatning paydo bo’lishi haqidagi dastlabki mifik ma’lumotlar berilgan. Axura Mazda (yaxshilik dunyosi) va Angra Manyu (yovuzlik dunyosi) o’rtasidagi kurash keyingi adabiyotlarga ezgulik va yovuzlik o’rtasidagi kurash an’anasi bo’lib o’tdi. “Avesto”da aytilishicha, dehqon yerga don sochganidan so’ng: “Qachonki egatlarda urug’ yetilsa, devlar o’rinlaridan qo’padilar. Qachonki bug’doy gurkirab ko’karsa, devlar dahshatdan titray boshlaydilar. Qachonki bug’doy un bersa, devlar nola chekadilar. Qachonki bug’doy xirmonga uyulsa, devlar nobud bo’ladilar. Qay bir xonadonda bug’doy bosh chiqarsa, devlar u xonadondan uzoqlashadilar. Qay bir xonadonda bug’doy ombori bo’lsa, go’yo qizdirilgan temir devlar bo’ynini chirmab tashlaydi…” (“Vendidod”, 3-fargard, 31-32-bandlar). O’z-o’zidan ma’lum bo’lyaptiki, ajdodlarimiz ming-ming yillar oldinoq bizga o’z o’gitlarini berib ketgan ekanlar. Yuqoridagi iqtibosda inson hayotiga oid zaruriy falsafa bor. Asrlar davomida turmush tajribasida tasdiqlangan bu haqiqat mehnat qilishning fazilatidan iborat. Mehnat qilgan inson va oiladan falokatlar yiroq turadi. Chunki har bir xastalik, tashvishning davosi mehnatdir. Shuning uchun ham “Avesto” kitobidagi mehnatga chaqirish da’vati xalqimiz maqollari, qo’shiqlari, ertaklari va dostonlarida bosh mavzu hisoblanadi. Shuningdek, “Avesto”da inson burchining mas’uliyati, ma’naviy poklik, atrofdagi yurtdoshlarga xayrixohlik tuyg’ulari maqtaladi, madh etiladi. Bularning hammasi xalqimiz og’zaki ijodida o’zining mantiqiy davomini topgan. “Avesto”da jamiyat a’zolari qanday xususiyatlarga ega bo’lishi, o’zaro munosabat axloqi, go’zallik, poklik, ezgulik, yovuzlik haqidagi qonun-qoidalar misollar bilan izohlangan. Bu fazilatlarning badiiy ifodasi esa “Alpomish”, “Ravshan”, “Aql – bebaho boylik”, “Uch og’a-ini botirlar” kabi epik asarlarda, minglab maqollarda o’z ifodasini topgan.
O’rxun-Enasoy yodgorliklari ajdodlarimizning Vatan mustaqilligi uchun olib borgan kurashlari haqida hikoya qiladi. Tabg’achga qaram bo’lgan Turk yurti Tunyuquq, Eltarish, Kultegin kabi farzandlar harakati bilan ozodlikka erishdi. Yurtni ozod qilishdan ham qo’lga kiritilgan mustaqillikni asrab qolish mushkulroqdir. Bitiktoshlarda VIII asr da ro’y bergan ana shu jarayon o’z ifodasini topgan. Bitiktoshdagi: “Xoqoni bahodir ekan, maslahatchisi alloma ekan”, “Turk sir xalqi yerida boshqa ega yurmasin”, “Tun uxlagim kelmadi, kunduz o’tirgim kelmadi”, “Yupqa yig’in tor-mor qilishga oson emish, ingichka yig’in uzishga oson emish. Yupqa qalin bo’lsa, tor-mor qiladigan bahodir emish. Ingichka yo’g’on bo’lsa, uzadigan bahodir emish” kabi parchalar xalqning o’z farzandlariga nasihati, boshidan o’tkazgan quvonch va tashvishlar izhori edi. Miflardan afsonalar, rivoyatlar, ertaklar, dostonlar vujudga kela boshlaganda, og’zaki ijodimiz ana shu sarchashmalardan oziqlandi, desak xato bo’lmaydi.
Zamonlar o’tib ilm rivojlanadi, yurtimizdan butun olamga mashhur allomalar yetishib chiqa boshladi. Imom Ismoil al-Buxoriy, al-Farg’oniy, Mansur Moturidiy, Burhoniddin Marg’iloniy, at-Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg’ariy kabi buyuk olimlar risolalarida turli munosabatlar bilan maqollardan, qo’shiqlardan, rivoyatlardan namunalar keltiriladi. Xususan, Abu Rayhon Beruniy xalqimiz qadriyatlari haqida “Qadim xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” kabi tadqiqotlarida ma’lumot beradi. Ayniqsa, Navro’z bayrami tarixi haqidagi qaydlar alohida ahamiyatlidir. Muhimi shundaki, Beruniy bu qadriyatlarni xayoliy tushunchalar qatorida emas, balki ma’naviy yodgorliklar sifatida baholaydi. Bu bilan alloma xalqning hayoti va kelajagi bevosita uning madaniy boyligi xazinasiga bo’lgan munosabatiga bog’liq ekanini ta’kidlagandek bo’ladi.
Ayni paytda, hind xalq eposidan “Mahobhorat”, “Panchatantra”, “Ramayana”, arab xalqining “Ming bir kecha” ertaklari ham og’zaki ijodimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etgan. O’zbek xalq ijodidagi epik janrlar namunalari bo’lmish afsona, rivoyat, naql, ertak, dostonlarni o’rganish sharq xalqlari og’zaki ijod asarlarida juda ko’p umumiy nuqtalar mavjud ekanini dalillaydi.
Masalan, farzandsizlik, kutib-kutib topgan farzandning el hayotida muhim yangilik kiritishi, asarlarda fantastik narsa-buyumlarning ishtirok etishi, dev, pari, farishta, yalmog’iz kabi obrazlarning mavjudligi ertak va dostonlar asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan yoki Buyuk ipak yo’lida iqtisodiy, madaniy muomalada bo’lgan xalqlarning ijodiy hamkorlikda yashaganliklari isbotidir. Farzandiga oshiq bo’lgan podshohlar, sevikli xotinining qayta turmushga chiqish kuni uzoq va xatarli safardan qaytgan qahramonlar, ukalariga boylik orttirish ilinjida xiyonat qilgan akalar, tushlarida sevib qolgan oshiq- ma’shuqalar ishtirok etgan asarlar ko’pincha sayyor syujetlar, ya’ni ko’chib yuruvchi bir xil mazmundagi asarlar qahramonlaridir.
Og’zaki ijodimiz asarlari milliy qadriyatlarning tarkibiy qismi sifatida yosh avlodni tarbiyalashda xalq pedagogikasining asosini tashkil etadi. Davlatimiz tomonidan milliy mafkuraga bo’lgan e’tiborning salmoqli qismi og’zaki ijodimizdagi san’at namunalari bilan bevosita aloqadadir. Chunki og’zaki folklor farzandlar qalbida vatanparvarlik, xalqparvarlik, mehnatsevarlik, ezgulik, saxiylik, ilm- hunarga muhabbat tuyg’ularini shakllantirish bilan birga axloqiy jihatidan ham go’zal inson bo’lib etishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Aziz talaba! Siz mazkur darslikdan o’zbek xalqining ming yillar davomida yaratgan og’zaki ijodi haqida asosiy ma’lumotlarga ega bo’ldingiz. Og’zaki ijod asarlari nima uchun davlatimiz tomonidan shu qadar e’zozlanayotganini tushunib oldingiz, deb o’ylaymiz. Xalq maqollari, topishmoqlari, askiya, latifa, qo’shiq, ertak, doston kabi janrlardagi asarlarning bir-biridan farqini bildingiz. Ayni choqda ularning hammasini o’zbek tilida yaratilgani va badiiy obrazlarga egaligi birlashtirib turganini ham angladingiz. Endi eng muhim vazifalardan birini butun hayotingiz davomida bajarishingiz lozim bo’ladi. Bu vazifa xalq og’zaki ijodi bilan yaqinlikni yo’qotmaslikdan iborat. Kun sayin qo’shiqlardan namunalar yodlash, xalq dostonlarini o’qish doimiy mashg’ulotingizga aylanmog’i lozim. Yodingizda bo’lsinki, xalq rasm- rusumlarini, urf- odatlarini, og’zaki ijodini bilmay, unga sidqidildan amal qilmay turib, o’zbek xalqining farzandiman, deyish mumkin emas.
Ajdodlarimiz ruhiga sodiq qolish har bir o’zbekning muqaddas burchidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |