Faol dam olish jismoniy tarbiya daqiqasi va mikropauzasi.
Jismoniy tarbiya daqiqalari, odatda, jismoniy tarbiya pauzalari hal etadigan vazifalar bilan bir xil vazifalarni yechishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, jismoniy tarbiya daqiqalari va mikropauzalar mehnatni ilmiy tashkil etish tizimining universal shakllari hisoblanadi, chunki ayrim hollarda jismoniy tarbiya pauzasi va gigienik gimnastikadan noqulay sanitariya-gigiena shart-sharoitlari, uskuna-qurilmalarni to‘xtatish imkoniyati yo‘qligi, uzluksiz texnologik jarayon va boshqalar sababli foydalanish mumkin bo‘lmay qoladi. Masalan, elektr poezdlarining dispetcherlari, mashinistlari mehnatining xususiyati va tashkil etilishi ularga uzoq muddatli tanaffus qilish imkoniyatini bermaydi, tez-tez qisqa muddatli tanaffuslar esa ularga juda ham zarur. Shuning uchun ham ularga jismoniy tarbiya daqiqasi majmuasini bajarish tavsiya etiladi.
Faol dam olish jismoniy tarbiya daqiqasi va mikropauzani ishlab chiqib, jismoniy tarbiyasi tizimiga kiritish xususiyatlari shundan iboratki, ulardan quyidagi hollarda foydalanish mumkin:
1) jismoniy tarbiyaning boshqa shakllaridan qat’i nazar, ish smenasining ixtiyoriy paytida;
2) deyarli har qanday sanitariya-gigienik shart-sharoitlarda;
3) mehnatni tashkil etish shart-sharoitlari va ishlab chiqarish texnologiyasi bo‘yicha uskuna va qurilmalarni to‘xtatish imkoniyati bo‘lmagan hollarda;
4) alohida bitta xizmatchi qisqa muddatli dam olish zaruriyatini sezgan hollarda individual tarzda.
Jismoniy tarbiya daqiqalari va mikropauzalar mashqlarini tanlashda boshlang‘ich gimnastika va jismoniy tarbiya pauzalarini tanlashda foydalanilgan uslubiy talablar inobatga olinadi.
Jismoniy tarbiya daqiqasi 1-2 daqiqa davom etadi va charchash alomatlari sezilayotgan mushak guruhlari dam olishi uchun maxsus tanlangan 2-3 ta mashqlardan tashkil topgan bo‘ladi. Jismoniy tarbiya daqiqalarida kuchlanishni yo‘qotish uchun o‘z-o‘zini uqalash usullari orqali bo‘shashtirish mashqlaridan foydalaniladi va bu charchagan mushaklarning ish qobiliyatini tezroq va to‘liqroq tiklash imkoniyatini beradi.
Umumiy charchashni pasaytirish uchun mo‘ljallangan jismoniy tarbiya daqiqalarida mashqlar charchashning xususiyatiga bog‘liq holda tanlanadi. Bunday hollarda mushaklarni zo‘riqtiruvchi va bo‘shashtiruvchi mashqlar, dinamik va statik xususiyatli hamda boshqa mashqlar qo‘llanishi mumkin. Mashqlarni tanlashda jismoniy tarbiya daqiqasi maqsad va vazifalariga bog‘liq holda ma’lum sxemaga tayanish tavsiya etiladi. Birinchi mashq, odatda, kuraklarni to‘g‘rilash, yelkalarni orqaga tortishdan iborat bo‘ladi. Biroq lokal (tor doirada) ta’sir etuvchi jismoniy tarbiya daqiqalarida tortilish mashqi bo‘lmasligi ham mumkin bo‘lib, mashg‘ulot esa birdaniga charchagan organ ishtirok etadigan mashqdan boshlanishi ham mumkin. Keyingi mashqlar charchashni yo‘qotish uchun yo‘naltirilgan bo‘ladi. Umumiy ta’sir kompleksida ikkinchi mashq – egilishlar, burilishlar, uchinchi mashq esa siltanish harakatlari bo‘ladi.
Bir xil kasb egalari bo‘lgan odamlarning bir ish smenasida charchashi ularning turli organlarida vujudga keladi. Avval, masalan, qo‘l, yelka mushaklarida charchoq paydo bo‘ladi, oyoqlar qo‘rg‘oshindek qotib qoladi, ko‘zlar charchaydi, bosh og‘riy boshlaydi. Shuning uchun, odatda, turli mushak guruhlari lokal charchaganda va umumiy charchash turlicha namoyon bo‘lganda, faol dam olish uchun foydalaniladigan jismoniy tarbiya daqiqalari majmualari seriyasi taklif etiladi. Bunday majmualar bir oydan kam bo‘lmagan muhlatda bir marta o‘zgartirilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |