3. Qishloq mehnatkashlari mehnat rejimidagi jismoniy tarbiyaning xususiyatlari.
Keyingi yillarda qishloq aholisi orasida jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanuvchilar va sportchilar soni ancha ortdi. Bunga aholi madaniyati umumiy darajasining ko‘tarilishi, o‘rta maktablar, klublar tarkibidagi va mustaqil sport inshootlari sonining ortishi asos bo‘ldi. Shu bilan birga, qishloq mehnatkashlari orasida ommaviy jismoniy tarbiyani rivojlantirishda yechilmagan muammolar, qiyinchiliklar va qarama-qarshiliklar hali ham ko‘p.
Respublikamiz qishloqlarida mehnat qilayotgan ko‘pgina kasb egalarining aniq belgilangan kun tartibi yo‘q. Bu mehnat xususiyatiga, ishning mavsumiyligiga va boshqa omillarga bog‘liq.
Qishloq xo‘jaligida mexanizatorlarning ishi katta jismoniy va statik kuchlanish (zo‘riqish), noqulay ishlab chiqarish (ishlab turgan traktor yoki kombaynning shovqini, tebranish, havoning iflosligi) va tabiiy-iqlimiy (yozda havo haroratini keskin ortishi, qishda esa pasayib ketishi) shart-sharoitlar bilan bog‘liq. Bu omillarning ta’siri mexanizatorlarning ish qobiliyatiga va mehnat unumdorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bahorgi-yozgi mavsumda ularda ish kunining davomiyligi 12-14 soatgacha yetadi. Mashinada sut sog‘ish operatorlari (sut sog‘uvchilar) o‘z ishlariga mavsumning ta’sirini sezmaydilar. Ular har kuni (ularga dam olish kuni surilib boruvchi jadval bo‘yicha beriladi) uch marta: ertalab, kunduzi va kechqurun sigir sog‘ishga boradilar. Ularning mehnati o‘rtacha jismoniy kuchlanish bilan farqlanadi. Asalarichilik brigadasi a’zolari uchun og‘ir jismoniy mehnat xos. Ularda uzoq davom etadigan mavsumiy ish ustuvorlik qiladi.
Qishloq sharoitlarida eng keng tarqalgan mazkur kasb vakillari uchun ish kuni tartibida jismoniy mashqlarning xususiyatlariga to‘xtalamiz.
Ishdan keyin (qish paytida va mavsumlar orasida) boshlang‘ich gimnastika va umumiy jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazish mexanizatorlarga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Yig‘im-terim davrida ularga ish boshlanishi oldidan boshlang‘ich gimnastika bilan bir qatorda ish boshlangandan 4-6, 8 va 10 soatdan keyin jismoniy tarbiya pauzalari va jismoniy tarbiya daqiqalari mashqlarini bajarish tavsiya etiladi. Tortilish, gavda, qo‘l, oyoq mushaklarini bo‘shashtirish mashqlariga hamda aniqlik va koordinatsiyaga yo‘naltirilgan harakatlarga alohida e’tibor berish kerak. Yig‘im-terim davrida mexanizatorlarning bunday harakat rejimini maxsus tadqiq etish ularning jismoniy tayyorgarligi darajasi ortishini, nafas olish, yurak-qon tomir va boshqa tizimlarning faoliyati yaxshilanishini ko‘rsatdi. Mazkur holda mexanizatorlarning mehnat unumdorligi 10 % ga ortdi.
Har gal sigir sog‘ishdan oldin sog‘uvchilarga boshlang‘ich gimnastikaning maxsus majmuasini bajarish taklif etiladi. Bu majmuaning maqsadi faqat organizmning umumiy ish qobiliyatini oshirish bo‘lib qolmay, balki qo‘llarning ishlaydigan mushak guruhlarida yetarlicha yuqori tonusni vujudga keltirish hamdir. Ish tugaganidan keyin qo‘llar uchun maxsus mashqlarni ularni uqalash bilan birgalikda bajarish maqsadga muvofiq.
Asalarichilik ishlari davrida har 50–60 daqiqadan keyin bo‘shashgan holda o‘tirib, 3 daqiqalik dam olish, undan keyin gavda va oyoq mushaklariga yo‘naltirilgan hamda asosan dinamik xususiyatli 2-3 ta jismoniy mashqni bajarish ishchilarningning ish qobiliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |