Muhammad ibn al-Muntashirdan:
«Bir odam Hazrati Umarga, roziyallohu anhu:
— Allohning kitobidagi eng shiddatli va qo‘rqinchli oyatni bilaman, — dedi. Umar, roziyallohu anhu, bir tayoq olib, uni astagina urdi va:
— O‘zingcha qanday “tadqiqot” o‘tkazdingki, bunday bir oyatni uchratding? — degach, haligi kishi u yerdan ketdi.
Ertasiga Hazrati Umar, roziyallohu anhu, unga uchrashib:
— Sen aytmoqchi bo‘lgan qaysi oyat edi? — deb so‘radilar.
— “Kim biror yomonlik qilsa, albatta jazosini ko‘radi” oyatidir. Zero, hech yomonlik qilmagan odam yo‘q. Shunga ko‘ra, birortamiz ham azobdan qutula olmaymiz (najot topolmaymiz), — dedi u kishi.
Hazrati Umar, roziyallohu anhu, bunga javoban:
— Bu oyat nozil bo‘lganida biz shunchalar qo‘rqdikki, hatto ovqat yeyolmay qoldik. Nihoyat, Alloh taolo: “Kim biron-bir yomon ish qilsa yoki o‘z joniga jabr qilsa, so‘ngra Allohdan mag‘firat so‘rasa, Allohning mag‘firat qilguvchi va mehribon ekanini topar – ko‘rar” (Niso, 110) mazmunli oyati karimani nozil qildi, — dedilar».
Muomaladagi ehtiyotkorlik
Oyisha, roziyallohu anho, rivoyat qiladilar:
«Bir odam Janobi Payg‘ambarimizning, alayhissalom, yonlariga kirish uchun ruxsat so‘radi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam:
— Qanday yomon odam bu. Qavmi va yaqinlari yuzidagi doHdir, — dedilar.
Biroq ichkari kirganida unga ochiq chehra bilan muomala qilib, iltifot ko‘rsatdilar. U chiqib ketgach, boshqa bir kishi kirishga ruxsat so‘radi.
— Naqadar yaxshi inson. Oilasi iftixor qilgulik bir farzanddir, — dedilar. Lekin Sarvari olam, sollallohu alayhi va sallam, bu kishiga avvalgi odamga ko‘rsatilganchalik iltifot qilmadilar. U kishi chiqqach, Oyisha onamiz:
— Yo Rasulalloh, birinchi kishini yomon deganingiz holda unga yaxshi muomala qildingiz. Ikkinchisini yaxshi deb turib, unchalik iltifot etmadingiz, — deb so‘radi.
Payg‘ambarimiz, alayhissalom:
— Ey Oyisha, insonlar orasida shundaylari borki, fe’li yomon bo‘lgani uchun ulardan ehtiyot bo‘lish kerak, — deya marhamat qildilar».
Oqilona javob
Bir kuni bir yahudiy kelib Janobi Payg‘ambarimizdan, sollallohu alayhi va sallam, mashiat (iroda) haqida so‘radi.
— Mashiat yolg‘iz Allohnikidir, — dedilar. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam.
— Sen shunday deyapsan, ammo agar men turishni xohlasamgina turaman, — dedi yahudiy.
— Sen o‘rningdan turasan, biroq Uning iroda va xohishi bilan turasan.
— Xohlasam, o‘tiraman ham.
— Alloh xohlagan bo‘ladiki, o‘tirasan, — dedilar.
— Men istasam, shu xurmo daraxtini kesaman.
— Alloh xohlagan bo‘lsa, kesasan.
— Xohlamasam, kesmayman, — dedi yahudiy.
— Alloh kesmasligingni xohlagan bo‘ladiki, kesmaysan.
Shu asno Jabroil, alayhissalom, tushib Janobi Payg‘ambarimizga, sollallohu alayhi va sallam:
— Siz ham Ibrohim, alayhissalom, kabi raqibingizni Allohning yordami bilan mot qildingiz, — dedilar. Shunda: “Sizning biron-bir xurmo daraxtini kesishingiz yoxud uni kesmay o‘z poyasida qoldirishingiz, Allohning izni-irodasi bilandir. Alloh yo‘ldan adashgan (fosiq-itoatsiz) kimsalarni ana shunday uyaltirib, rasvo etar” (Hijr, 5) mazmunli oyati karima nozil bo‘ldi.