Qishloq xo’jaligi. Ma’luki qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi er resurslariga asoslangan. 2003 yilning 1 yanvaridagi statistik ma’lumot bo’yicha, respublikaning jami qishloq xo’jaligiga yaroqli erlar 78,6 mln ga-ni tashkil qildi.
Respublika qishloq xo’jaligining muhim hususiyatlaridan biri ishlab chiqarilayotgan jami mahsulotlari hissasida dehqonchilikning ustunlik qilishidir. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dehqonchilikning hissasiga 56,9 % dan ko’proq qishloq xo’jalik mahsulotlari to’g’ri keladi.
Qozog’iston er resurslari va ularning ko’lami MDH bo’yicha eng katta. Ayniqsa foydalanadigan va ishlov beriladigan (haydaladigan) erlar hajmi, ularning aholi jon boshiga to’g’ri kelishiga ko’ra eng yaxshi sharoitga ega. Masalan, xaydaladigan erlar aholi jon boshiga MDHda Markaziycha 1,3ga, O’zbekistonda 0,2ga to’g’ri kelgani holda, Qozog’istonda 2,2 ga dan to’g’ri keladi.
Respublikada dehqonchilik rayonlari asosan shimoliy, shimoli-g’arbiy, sharqiy hududlarni va janubda tog’ etaklarida o’zlashtirilgan erlarda mavjud. Jami dehqonchilik qilinadigan erlar 2005 yil ma’lumoti bo’yicha 18 mln ga-ni tashkil etdi.
Dehqonchilik. Odatda dehqonchilik tarmoqlari donchilik, texnika ekinlari, kartoshka-sabzavot-polizchilik va em-xashak ekinlari tarmoqlar guruhiga bo’linadi. 2005 yil ma’lumotiga ko’ra jami ekin maydonlarining 79 % donli ekinlar, 3,4 % texnika ekinlari, 1,8 % kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari hamda 15,8 % em-xashak ekinlari bilan band bo’lgan. Bu ma’lumotlar shuni ko’rsatadiki, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog’istonda donli ekinlar va em-xashak ekinlari eng ko’p maydonlarda, aksincha texnika va sabzavot, kartoshka va poliz ekinlari eng kam maydonlarda ekilmoqda.
Qozog’iston ekin maydonlari MDHda Rossiyadangina orqada, jami Markaziy Osiyo mintaqasi ekin maydonlaridan esa 4,5 baravarga yaqin kattadir.
Donli ekinlarning 60% dan ko’prog’i Shimoliy Qozog’iston hissasiga to’g’ri keladi va asosan bahorgi bug’doy ekiladi. Respublika yalpi don mahsulotalri etishtirishda MDH-da faqat Rossiya va Ukrainadan keyinda turadi, don mahsulotlari etishtirish va uni eksport qilishda MDHda etakchilik qiladi, jahonda esa birinchi beshlik mamlakatlari qatoridan o’rin oladi – AQSh, Kanada, Evropa Ittifoqi va Avstraliyadan keyin. Donli ekinlardan bug’doy, arpa, javdar (Shimoliy Qozog’iston), bug’doy, sholi, makkajo’xori (Janubiy Qozog’iston), bug’doy, makkajo’xori (Sharqiy Qozog’iston), arpa, tariq (G’arbiy Qozog’iston) ekiladi. 2005 yil Qozog’istonning qishloq xo’jaligida 12 mln 374 ming t. don mahsulotlari etishtirildi. Shundan, bug’doy-9 mln 937 ming t., arpa-1mln 388ming t., makkajo’xori-458 ming t., sholi-276 ming t., suli-130 ming t., qoraqumiq-52 ming t., tariq-51 ming t., qorabug’doy- 71 ming t.
Texnika ekinlaridan Janubiy Qozog’istonda paxta, qand lavlagi, tamaki, Sharqiy va Shimoliy Qozog’istonda kungaboqar, zig’ir ko’proq ekiladi.
Kartoshka eng ko’p Shimoliy Qozog’istonda, sabzavot va poliz ekinlari ko’proq Janubiy Qozog’istonda asosan sun’iy sug’oriladigan maydonlarda ekiladi.
Em-xashak (beda, makkajo’xori, raps va boshqalar) ekinlari maydoni chorvachilik ehtiyojlari uchun doimo kengaytirib kelinmoqda va u Qozog’istonning barcha dehqonchilik rayonlariga xosdir.
Qozog’istonda uzumchilik va bog’dorchilik ham o’z o’rniga ega, u Tyanshan tog’lari etaklari (Almati atroflari), ayniqsa Shimkent viloyatining sug’oriladigan janubiy rayonlarida rivojlangan. Ammo respublikaning boshqa mintaqalarida iqlimiy sharoitlari tufayli bog’dorchilikni (uzumchilik haqida gap ham bo’lishi qiyin) rivojlantirish cheklangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |