UCHINCHI BOB
So`z turkumlari sathida antonimiya hodisasi
Ma`lumki, tilimizda o`zaro aloqa jarayonida qo`llanuvchi har bir leksik birlik tildagi mavjud tovushlarining ma`lum bir tartib bilan o`zaro birikishi asosida yuzaga keladi va ma`no anglatish xususiyatiga ega bo`ladi. Alohida olingan til birligining leksik ma`nosi deyilganda so`zning ana shu tomonlari hisobga olinadi. Albatta, so`zni tashkil etgan tovushlarning ma`lum bir tartibda birikishi hamda shu so`zdan anglashilgan leksik ma`noning o`zaro bog`liqligi o`z-o`zicha, ya`ni tabiiy ravishda sodir bo`lmaydi. Bu bog`liqlik shu tilda gaplashuvchi barcha kishilar tomonidan shartli ravishda e`tirof etilgan bo`ladi. Bir tilga mansub bo`lgan leksik birlikdan anglashilgan ma`noning shu tilda gaplashuvchi kishilarning barchasiga birday tushunarli bo`lishi sababi ham shu bilan izohlanadi. Leksik birliklarning ma`no ko`lami ancha keng bo`lib, insonni o`rab turgan voqelik, undagi narsa va predmetlar, voqea-hodisalar, belgi-xususiyatlar, xatti-harakatlar bilan chambarchas bog`liq bo`ladi. Leksik ma`no ana shularning barchasi to`g`risida muayyan tushunchalarni ifodalaydi.
Lekin shuni ham yodda tutish lozimki, leksik ma`no bilan tushuncha o`zaro bog`liq, biroq teng emas. Leksik ma`no til qurilishiga xos, tushuncha esa tafakkurga xos. Har ikkisi umumlashtirishga asoslanadi, lekin tushuncha fikrlash qobiliyatining natijasi sifatida insonga nisbatan belgilanadi, leksik ma`noga xos umumlashtirish esa har bir tilning o`zi doirasida voqe bo`ladi. Shunga ko`ra leksik ma`no har bir til uchun xususiy bo`ladi59.
Lug`aviy antonimiya antonimiya hodisasi ichida eng keng tarqalgan hodisa bo`lib, unda leksemalar bir-biriga qarama-qarshi ma`no anglatishi asosida ma`lum bir guruhlarga ajraladilar. Tilimizdagi bunday holat mustaqil so`z turkumlarida yaqqol ko`zga tashlanadi: baland va past, issiq va sovuq, oq va qora, tez va asta kabi. Tilshunoslikda antonimiya hodisasiga bag`ishlangan ishlarning aksariyat qismida uning, asosan, bir so`z turkumi leksemalari doirasida yuz berishi qayd etiladi.1
Taniqli tilshunos olim M. Yo`ldoshev o`zining “Cho`lpon so`zining sirlari “ kitobida Cho`lponning romanda zid ma`nolilikning barcha turlaridan mahorat bilan foydalanganligining guvohi bo`ladi. Yozuvchi bu haqda shunday fikrlaydi:
“Romanda foydalanilgan lisoniy sathdagi leksik zid ma`nolilik ko`proq ot, sifat, ravish, fe`l turkumlariga oiddir. Misollar: Opa ba`zida do`st, ba`zida dushman...Singil ham shunday! Hali ancha balandda bo`lsa ham uning kamolidan zavoli yaqinroq ekanli ko`rinib turardi. Nima deysiz, xo`jayin? Nima, nima? Eski og`izdan yangi so`z? Toza paranjisini iflos obrezga irg`itdi. U uydan goh yosh kelinchakning quvnoq va bolalarcha kulishi, goh qari kuyovning xursand qiyqirishlari, goh bo`lsa yangi qayliqning yo`rg`a zarbli dutori bilan shirin va shirali ovozi, goh bo`lsa yangi keltirilgan gramofonda Netayxonning qichiq yallalari eshitiladi. Haligacha oz topgan bo`lsa, mundan nari ko`p topar. Odatda xufton o`tar-o`tmas yotog`iga kirib. Ilk sahar uyqudan uyg`onadigan Zebi otasining kelish-kelmasligini bilib, shundan keyin xotirjam uxlamoq uchun anchagacha onasi bilan gaplashib o`tirdi. Xudo, xudo bo`lib turib - ham oladi, ham beradi, yo`q-a u – ilgari jon beradi, keyin jon oladi. “Boshqalar uchun yopildi, men uchungina ochiladi bu eshik !” deb o`yladi Miryoqub yana. Kulish va yig`lash orasida katta farq bor. Keltirilgan gaplardagi ajratib ko`rsatilgan zid ma`noli so`zlar qatorlari tilda avvaldan zid ma`nolilik sifatida mavjud, shuning uchun ham bu qatorlardagi so`zlardan birining aytilishi o`z-o`zidan ikkinchisini esga soladi. Zid ma`noli juftliklarning ayni bir jumlada kelishi esa bu tushunchalarning mohiyatini yanada bo`rttiradi.60
Darhaqiqat, antonimiya hodisasi so`z turkumlari doirasida ancha taraqqiy etgan. Quyida shular haqida fikr yuritamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |