Astronomiyada radionurlanishlarni qayd qilish uchun radioteleskoplardan foydalaniladi. Odatda, radioteleskoplar juda katta antennalarga (ularning uzun to‘lqinlarda ishlashi bunga imkon beradi) ega bo‘lib, ular juda sezgir pri- yomniklarga ulangan bo‘ladi. Qabul qilingan radiosignallar ularda kuchaytirilib, so‘ngra maxsus elektron hisoblash mashinalari bilan bog‘langan signallarni qayd qilish apparaturalariga uzatiladi va ularda yozib olinadi.
Radioteleskoplarning antennasi oddiy radioaloqa antennalaridan farq qilib, yuqori yo‘nalganlik xususiyatiga ega. Shu bois ular osmonning juda kichik qismidagi radionurlanish manbalarini ajratib ko‘ra olish imkoniga ega bo‘ladi. Radionurlanish uchun muhim parametr hisoblangan teleskopning ajrata olish xususiyati radioteleskoplarda ham optik teleskoplardagi kabi aniqlanib, λ/D (bu yerda λ radioto‘lqin uzunligini, D esa radioteleskop ko‘zgusining diametrini
xarakterlaydi) ifoda bilan topiladi. Bunda radioto‘lqinning uzunligi optik nur- larning to‘lqin uzunligidan millionlab marta katta bo‘ladi.
Shimoliy Kavkazda o‘rnatilgan, radioteleskopining diametri 600 metr bo‘lgan o‘zgaruvchan profilli antenna (RATAN-600) Yevropadagi eng yirik teleskop sanaladi. Shuningdek, ayni paytda yuqori ajrata olish xususiyatiga ega bo‘lgan radioteleskoplar bir-biridan juda katta masofada yotuvchi antennalar sistemasi yordamida ham amalga oshiriladi. Radioantennalarning bunday siste- masi asosida ishlaydigan radioteleskoplar radiointerferometrlar deb ataladi. Bunday radioantennalar sistemasi bir-biridan juda katta masofada (ba’zan turli Yer qit’alarida) yotib, ular ma’lum radioobyektni bir vaqtda kuzatish imkoniga egadir. Radioteleskoplarning fokuslarida yig‘ilgan radioto‘lqinlarning interferensiya jarayoni asosida qayd qilingandan katta ajrata olish xususiyatiga erishadi.
Ayni paytda planetamizda o‘ta sezgir radioteleskoplar ishlaydi. Ko‘zgusining diametri 65 m (Avstraliya), 76 m (Angliya), 100 m (Germaniya), 300 m (AQSH) va 600 m (Rossiya) keladigan radioteleskoplar Koinotning tabiiy radiostansiyalaridan astronomlarga «axborot» beradi. Dunyodagi eng quvvatli radioteleskop AQSHning Puerto-Riko orolida o‘rnatilgan (40-rasm).
O‘zbekiston hududida Jizzax viloyatining Zomin tumani tog‘ etagining Supa nomli joyida metall ko‘zgusining diametri 70 metr keladigan yirik radioteleskop qurilmoqda (41-rasm). Bu teleskop Koinotning «radioyuzi»ni mayda detallari bilan ko‘rishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |