9-§. Nutqning fonetik bo`linishi
§. Nutqimiz tovushlar oqimidan, tovush zanjiridan iborat. Bu zanjir turlicha hajmdagi fonetik birliklarga ajratiladi. O`zbek tilida bunday birliklarga jumla (fraza), takt, fonetik so`z, bo`g`in va tovush kiradi.
Jumla (fraza) nutq oqimida kattaroq pauza (to`xtam) bilan ajratib aytiladigan nutq birligidir. Masalan, Kech kuz edi.// Qo`qqisdan boshlangan qora sovuq cho`ponlarni tashvishga solib qo`ydi (M.Qoriyev). Mazkur tovushlar zanjiri pauzalar vositasida ikki jumlaga bo`linadi (ular orasidagi chegara ikki vertikal chiziqlar (//) bilan belgilangan. Jumla intonatsion va fikriy tugallikka ega bo`lgani uchun ko`pincha gapga teng keladi. Lekin jumla va gap bir xil tushunchalar emas. Jumla - fonetik birlik, gap grammatik birlik. Ular tilning har xil sathlariga mansubdir. Jumla taktlarga bo`linishi mumkun .
Takt – jumla (fraza) ichida qisqa pauza bilan ajratib aytiladigan nutq birligi. Masalan , yuqorida keltirilgan nutq zanjiridagi birinchi jumla (Kech kuz edi) bitta taktga teng. Ikkinchi jumla
(Qo`qqisdan boshlangan qorasovuq cho`ponlarni tashvishga solib qo`ydi) ikki taktdan iborat bolib ( ular orasidagi chegara bir vertikal chiziq bilan belgilangan), birinchi takt uch fonetik so`zdan, ikkinchi esa bitta fonetik so`zdan tashkil topgan. Birdan ortiq fonetik so`zdan tuzilgan taktlar ma`no va sintaktik jihatdan yaxlitlikka ega bo`ladi.
Shunday qilib, jumla va takt ritmik-intonatsion vositalar orqali ajratiladi. Takt bir fonetik so`zdan yoki bir necha fonetik so`zdan iborat bo`lishi mumkin.
Fonetik so`z o`z urg`usiga ega bo`lgan so`z yoki bir urg`uga birlashadigan ikki va undan ortiq so`z shakllaridir. Takt tarkibidagi fonetik so`zlar soni undagi so`zlarning umumiy miqdori bilan emas, balki urg`uli so`zlar miqdori bilan belgilanadi, boshqacha aytganda, takt ichida urg`uli so`z qancha bo`lsa, fonetik so`z ham shuncha bo`ladi. Masalan: Qalamkashga / qishloqning qalbi, / shaharning aqli kerak. // (O`. Hoshimov).
Bu jumlada uchta takt bo`lib, birinchi taktda bitta, ikkinchi taktda ikkita, uchinchi taktda uchta fonetik so`z qatnashgan. Bu jumladagi so`zlarning umumiy soni fonetik so`zlarning umumiy soniga teng.
Mustaqil urg`uga ega bo`lmagan yordamchi so`zlar o`ziga aloqador bo`lgan so`z bilan birga bir urg`uga ega bo`lib, bir fonetik so`zni tashkil etadi. Masalan: Mevali daraxt o`ziga ishongani uchun, yonidan yangi nihol o`sib chiqsa, quvonadi. (O`. Hoshimov). Mazkur jumlada 9 ta fonetik so`z bo`lib, bularning ikkitasi tarkibida ko`makchi (ishongani uchun) va ko`makchi fe`l (o`sib chiqsa) qatnashgan.
Bir tushunchani ifodalaydigan qo`shma so`zlar ham bir fonetik so`z sanaladi. Masalan: Badiiy asar o`quvchining ongiga ta‘sir qiladi, biroq qalbi orqali ta‘sir qiladi. (O`.Hoshimov).Bu jumla tarkibidagi ta‘sir qiladi qo`shma fe`li bitta fonetik so`z deb qaraladi.
Fonetik so`z bo`g`inlarga bo`linishi mumkin.
Bo`g`in o`pkadan chiqib kelayotgan havo oqimiga berilgan bir zarb bilan aytiladigan tovushlar yoki ayrim bir tovushdir. Unli tovush bo`g`in hosil qiluvchi tovush sanaladi. Shuning uchun ham so`z tarkibida nechta unli tovush bo`lsa, bo`g`inlar soni ham shuncha bo`ladi. Masalan: adolat so`zida (a-do-lat) uch bo`g`in bo`lib, birinchi bo`g`in bir tovushdan, ikkinchi bo`g`in ikki tovushdan, uchinchi bo`g`in uch tovushdan iborat. Shuning uchun bo`g`inlar bir tovushli, ikki tovushli va ko`p tovushli bo`lishi mumkin. Bir tovushli bo`g`inlar unli tovushdan iborat bo`lsa, ikki tovushli va ko`p tovushli bo`g`inlar unli va undosh tovushlardan tuziladi.
Bo`g`inlar unli yoki undosh tovush bilan tugashiga qarab ikki xil bo`ladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |